Название | Қор одам |
---|---|
Автор произведения | Ганс Христиан Андерсен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-08-854-2 |
Xuddi shu payt vikingning xotini uyg‘onib ketibdi. Chindan ham hovlidan qushlarning qanot qoqqani eshitilibdi. U laylaklarning uchib ketish payti kelganini, bu shovqin o‘shalarniki ekanini payqabdi. Laylaklarga bir nazar tashlab xayrlashgisi kelibdi. O‘rnidan qo‘zg‘alib, darchani ochib yuboribdi. Qasrning qo‘shimcha binolari tomidagi yuzlarcha laylaklarga ko‘zi tushibdi. Baland daraxtlar ustida esa boshqa laylaklar ham gala-gala bo‘lib uchishayotganmish; tutingan onasini qo‘rqitgan go‘zal Xelga hamisha o‘tadigan deraza ro‘parasidagi quduq chetida ma’no to‘la ko‘zlarini unga tikib ikkita oqqush qo‘nib turganmish. O‘zida chuqur taassurot qoldirgan hozirgi tushini o‘ngida ko‘rayotganday bo‘libdi. U oqqush qiyofasidagi Xelgani, xristianni xotirlabdi, sevinchdan yuragi qinidan chiqayozibdi.
Oqqushlar qanot qoqishibdi, unga ta’zim qilganday bo‘yinlarini egishibdi, ayol esa bunga javoban ularga qo‘lini uzatibdi, yosh to‘la ko‘zi bilan o‘ychan kulimsirabdi.
Laylaklar qanotlarini shovqin bilan qoqib, tumshuqlarini qaqirlatib janubga uchish uchun osmonga ko‘tarilishibdi.
– Anovi oqqushlarni kutib o‘tirmaymiz! – debdi laylakning xotini. – Biz bilan birga uchishadigan ekan, imillashmasin! Loyxo‘raklar to‘planguncha bu yerda kutib o‘tirolmaymiz! Qizilto‘shlar yoki boshqa qushlarning uchishiga qaraganda bizning oila bo‘lib uchishimiz yarashadigan ish: ularning erlari o‘z holiga, xotinlari o‘z holiga uchishadi! Bu katta beadabgarchilik! Oqqushlarchi, ularning uchishi ham uchish bo‘ldimi?
– Hamma o‘z bilganicha uchadi! – debdi laylak xotiniga. – Oqqushlar qiyshiq chiziq bo‘ylab, turnalar uch burchak bo‘lib, loyxo‘raklar ilon izi bo‘lib uchishadi!
– Iltimos, hozir ilonlarni esga solma! – debdi xotini. – Bolalarimizning ishtahasi ochilib ketadi, bu yerda ularni nima bilan boqamiz?
– Eshitib yurganim baland tog‘lar ana-ku! – debdi oqqush qiyofasida uchib ketayotgan Xelga.
– Yo‘q, bular tog‘ emas, ostimizda qora bulutlar suzib yuribdi! – deb e’tiroz bildiribdi onasi.
– Anavi yuksaklikdagi oq bulutlar-chi? – so‘rabdi qizi.
– Ular hamisha qor bilan qoplanib yotadigan tog‘lar! – javob qaytaribdi onasi. Ular Alp tog‘laridan oshib o‘tib, O‘rtayer dengizi tomon uchishda davom etishibdi.
– Afrika! Misr! – sevinganidan qichqirib yuboribdi Nil sohilining qizi yuqoridan o‘z yurtining sarg‘ish egri-bugri sohil chizig‘ini ko‘rib.
Laylaklar ham sohilni ko‘rishib, uchishni tezlatishibdi.
– Mana, Nil balchig‘i hamda sirg‘anchiq baqalarning ham hidi kelib qoldi! – debdi laylakning xotini bolalariga: – Voybo‘y, qornim tatalab ketyapti! Ularning qanchalik mazali bo‘lishini o‘zlaring yeb bilasizlar: iblis, marabu hamda turnalarni ko‘rasizlar. Ular ham bizning toifamizdan, biroq bizchalik chiroyli emas. Lekin judayam kerilishadi! Ayniqsa, iblislarning tumshug‘i osmonda, ularni misrliklar taltaytirib qo‘yishgan; ular iblislarning ichiga xushbo‘y o‘t-o‘lanlarni tiqib mo‘miyo qilishadi. Mening ichimga tirik baqalar tiqishsa jon xudo derdim! Buning mazaligini o‘zingiz ham bilasiz! O‘lib muzeyga tushgandan ko‘ra, tirik va to‘q yurgan afzal! Mening fikrim shunaqa, bu juda to‘g‘ri fikr!
– Mana, laylaklar ham kelibdi! – deyishibdi. Nil sohilidagi qasr egalari. Usti ochiq xonada yumshoq o‘rinda, qoplon terisiga burkanib podsho yotganmish. U hali ham na tirikka, na o‘likka o‘xsharmish, shimolning teran botqog‘ida o‘sgan shifobaxsh nilufar gulni orziqib kutayotganmish. Qarindosh-urug‘lari va xizmatkorlari uni qurshab olishganmish.
To‘satdan bemor yotgan xonaga laylaklar bilan birga kelgan ikkita chiroyli oqqush uchib kiribdi. Ular egnilaridagi oqqush kiyimlarini yechib tashlashibdi, yerda turganlar bir-birlariga nihoyatda o‘xshash ikki go‘zalni ko‘rishibdi. Ular asta-sekin rangida qoni qolmagan, eti suyagiga yopishib ketgan cholga yaqinlashishibdi, uzun sochlarini orqaga tashlashibdi. Xelga bobosiga engashibdi, o‘sha zahotiyoq cholning yuziga qizil yuguribdi, ko‘zlari charaqlab ketibdi, qotib qolgan tanasida hayot jo‘sh ura boshlabdi. Chol o‘rnidan yashargan, sog‘lom, tetik bo‘lib turibdi! Qizi va nabirasi uzoq davom etgan uyqudan so‘ng ertalabki salom-alik qilganday, uning qo‘lini ushlashibdi.
Saroyda boshlangan shodiyonani aytmaysizmi? Laylaklarning uyalarida ham xursandchilik bo‘libdi, chunki yeganlari oldida, yemaganlari ketida bo‘lib, baqalar ham nihoyatda serob ekan-da. Olimlar shoshapisha har ikkala malika hamda o‘zi bilan butun mamlakatga, podsho xonadoniga baxt-u saodat keltirgan shifobaxsh gul tarixini yozishibdi. Laylaklar esa bu haqda o‘z bolalariga hikoya qilib berishibdi, ammo buni o‘z bilganlaricha, qorinlari baqaga liq to‘lishi bilanoq aytib berishibdi, aks holda ularning boshqa mashg‘ulotlari chiqib qolar ekan-da.
– Sen ham bir narsalik bo‘lib qolasan! – deb shivirlabdi urg‘ochi laylak eriga.
– Menga nima kerak? – debdi laylak. – Arzirli nima ham qilgandim! Hech nima!
– Boshqalardan ko‘ra ortiq ish qilding! Sensiz bolalarimiz ham, malikalar ham Misr yuzini umrbod ko‘rishmasdi. Cholni ham darddan xalos etisholmasdi. Bu xizmating, albatta, taqdirlanadi! Ehtimol, senga doktorlik unvonini berishsa kerak, bundan keyin tug‘iladigan bolalarimiz ham, ularning bolalari ham xuddi ana shunday unvon egasi bo‘lishadi! Menimcha, sen hozir ham Misr doktorisan!
Olimlar va donishmandlar bo‘lsa butun voqealar bo‘ylab qizil ip bo‘lib o‘tgan asosiy fikrni rivojlantirishda davom etishibdi, uni turlicha talqin qila boshlashibdi. «Hayotning asosi – muhabbat» – bu ularning asosiy fikri bo‘lib, buni: «Misr malikasi quyosh nuriday botqoqlik mamlakatiga kirdi hamda ularning uchrashuvidan gul bunyodga keldi», deb talqin qilishibdi.
– Ularning nutqlarini gapirib bera olmayman! – debdi olimlarning gaplariga quloq solib turgan hamda shu gaplar mazmunini uyasida so‘zlab berishi lozim bo‘lgan laylak. – Ular shunaqayam uzoq hamda shunday oqilona gaplar aytishdiki, ularga o‘sha zahoti unvonlar berildi, mukofotlar topshirildi: hatto shoh oshpazi ham orden oldi – ehtimol, u pishirgan suyuq oshi uchun taqdirlangandir!
– Senga nima berishdi? – deb so‘rabdi urg‘ochi laylak. – Eng muhim narsani ular unutmasliklari kerak edi, bu yerda eng asosiy shaxs – sensan! Olimlar valdirashdan nariga o‘ta olganlari yo‘q! Ammo sening navbating ham kelsa kerak!
Yarim kechadan keyin saroydagilar shirin uyquga ketishganda, u yerdagi uylardan birida faqat bitta tirik jon uxlamabdi. Garchi u uya yonida bir oyoqlab turgan, lekin qo‘riqchilikda mudrayotgan bo‘lsa-da, u laylak emas, Xelga ekan. U ayvonga chiqib, shimolda yurgan paytlarida ancha katta va yorqinroq bo‘lib tuyulgan yulduzlar bilan bezangan tiniq, musaffo osmonga nazar tashlabdi. Lekin bular o‘sha yulduzlarning o‘zginasi ekan! Xelga viking xotinining ma’sum ko‘zlarini va ana shu ko‘zlardan baqa-qizi ustiga to‘kilgan ko‘zyoshlarini eslabdi. Endi bo‘lsa u Nil sohilidagi yulduzli osmonni aniq zavq bilan tomosha qilayotir, muattar bahor havosidan to‘yib-to‘yib nafas olayotir. Bu budparastning hayvon holida jirkanch, kishi qo‘l tekkizish u yoqda tursin, qarashga ham hazar qiladigan, odam qiyofasida esa hayvontabiat bo‘lgan bu ayanchli mavjudotga qanday mehribonchiliklar ko‘rsatganini, uni zo‘r muhabbat bilan sevganini o‘ylabdi! Xelga charaqlab turgan yulduzlarga boqarkan, o‘ldirilgan xristianning peshanasidan ular o‘rmon va botqoqlar ustidan uchib o‘tayotganda taralgan nurni xotirlabdi. U xristianning orqasiga mingashib ketayotganda eshitgan tovush va so‘zlari quloqlari ostida qayta jaranglaganday bo‘libdi. O‘shanda u qizga muhabbatning tuganmas manbai, butun inson zotini o‘z og‘ushiga olgan ulug‘ muhabbat haqida gapirgan ekan!
Ha, unga ko‘p narsalar nasib qilibdi, murod-maqsadiga erishibdi! Xelga kecha-yu kunduz o‘ziga nasib etgan baxt haqida o‘ylabdi, ajoyib yo‘llar bilan uni eng oliy shodonlik va farog‘at sari olib borayotgan o‘z hayoti haqida mulohaza yurgizibdi, shu ikki narsa hech xayolidan ketmabdi. Bir hadya keltirgan kishiga, bir sovg‘aga qaragan boladek bu mavzularga tez-tez qaytaveribdi. U butun vujudi bilan chinakam baxti, kelgusida uni qarshi oladigan va kutayotgan istiqboli haqidagi o‘ylarga berilib ketibdi, ammo bu baxtni