Қор одам. Ганс Христиан Андерсен

Читать онлайн.
Название Қор одам
Автор произведения Ганс Христиан Андерсен
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-08-854-2



Скачать книгу

muzlar oqa boshladi, men bo‘lsam to‘lqinlarni qirg‘oqqa haydadim, kemaga bir-biridan qora bir talay qarg‘alar kelib qo‘nishdi; qushlar bo‘m-bo‘sh, huvillab yotgan tashlandiq kemaga qo‘nib olishib, kesilib ketgan o‘rmon, buzib tashlangan qadrdon uyalari, o‘zlarining boshpanasiz qolganliklari haqida alam bilan qag‘illay boshladilar.

      Nima uchun shunday bo‘ldi! Umrbod suv yuzini ko‘rmay yog‘och uyumi bo‘lib yotadigan mana shu mag‘rur kema deb shunday bo‘ldi-da!

      Qorlarni to‘zitgandim, uchqunlari kema atrofiga to‘lqinsimon shaklda qo‘ndi. Kemaga qo‘shiq va muzikamni eshitish imkonini berdim, mayli, eshitsin, ko‘niksin, chunki u kema! G‘uv-g‘u-u! O‘taver!

      Qish ham o‘tib ketdi; qish bilan yoz men kabi tez uchib o‘tadi, daraxt shoxlaridan qor, bahorda gul, xazon-rezgilik paytida barg to‘kilganday o‘tib ketaveradi. O‘tavering! O‘tavering! Odamlar ham o‘taversin!

      Biroq, qizlarning hali o‘n gullaridan bir gullari ham ochilmagan edi. Ida kemasoz yigit ko‘ngil qo‘ygan paytlardagidek hamon bir husniga o‘n husn qo‘shilib borardi. Men uning uzun oltinrang kokillarini o‘ynardim; u esa olmaning tagida o‘ychan turaverardi, parishon sochlariga olma gullarini yog‘dirayotganimni payqamasdi. U quyuq daraxtlar orasidan charaqlab turgan quyoshga, osmondagi to‘lin oyga tikilardi.

      Uning singlisi Yohanna boshini viqor bilan orqaga tashlagan adl, chiroyli nilufar gulning o‘zi edi, bellari onasinikiday ingichka, sambitdek edi. U ajdodlarining suratlari osilgan xonaga kirishni yaxshi ko‘rardi. U yerda baxmal va shoyi kiyimlar kiygan, mayda kokillarini yopib turuvchi, gavharlar qadalgan shapkali aslzoda xonimlar tasvirlangan suratlar turardi. Ular juda ham chiroyli edilar. Erkaklar esa sovut yoki tik va baland yoqali kamzullarda tasvirlangan. Qilichlari beliga emas, balki yonlariga osilgan edi. Vaqti kelib bu yerga Yohannaning portreti ham qo‘yiladi. Lekin olijanob umr yo‘ldoshining qiyofasi qanaqa bo‘larkin? Qiz faqat shu haqda o‘ylar, lablari faqat shuni pichirlardi. Men yo‘lakdan u yoq-bu yoqqa yurib, katta xonaga kirib, bularning hammasini eshitdim.

      O‘n to‘rt yoshli oq sunbul gul Anna Dorteya esa yuvosh va o‘ychan qiz edi. Uning katta-katta moviy ko‘zlari jiddiy va g‘amgin boqardi, lekin lablaridan tabassum arimasdi. Men unga hatto puflashga ham jur’at etolmasdim, buni xohlamasdim ham.

      Men Anna Dorteyani ko‘pincha bog‘da, yo‘lda va dalada uchratardim; qiz otasiga kerak bo‘ladigan gullarni, o‘to‘lanlarni yig‘ib kelardi: otasi esa ulardan ichimlik hamda turli tomchilar tayyorlardi. Valdemar Do mag‘rur, dadil, shu bilan birga bilimdon ham edi! U ko‘p narsani bilardi! Hamma uni bilar va u haqda shivir-shivir qilardi. Uning xonasida olov hatto yozda ham o‘chmasdi, eshigi doim qulflog‘liq bo‘lardi, kecha-yu kunduz o‘sha yerdan chiqmas, o‘z ishi xususida boshqalar bilan suhbatlashishni yoqtirmasdi; hademay u dunyoda eng yaxshi, eng qimmatbaho bo‘lgan qizil oltinni topadi!

      Mo‘risidan tutun to‘xtovsiz burqsab chiqib turishining sababi ham shunda edi. «Kaminda o‘tin charsillab yonardi! Uni puflashga o‘zim yordam berardim! – deb hikoya qilibdi shamol. – Valdemar Doga mo‘ri orqali: Bo‘ladi! Bo‘ladi! Hammasi tutun, qurum, is, kul bo‘ladi! Ishingning pachavasi chiqadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! – deb uvullardim. Ammo Do o‘jarlik qilaverdi».

      Otxonasidagi ajoyib tulporlar qayoqqa yo‘qoldi? Shkaflardagi kumush va oltin idishlar-chi, dalalaridagi sigir-buzoqlar-chi, butun mol-mulk-chi? Ha, bularning hammasini eritish, qizdirish… oltin eritadigan idishda eritish mumkin, ammo bulardan oltin olib bo‘lmaydiku!

      Omborlar, yerto‘lalar, chordoqlar bo‘shab qoldi. Odamlar kamayib sichqonlar ko‘paydi. Deraza oynasining biri darz ketsa, boshqasi sinadi, endi mening faqat eshik orqali xonaga kirishim shart emas. «Qayerda mo‘ridan tutun chiqsa, o‘sha yerda taom tayyorlanadi», bu yerda esa qizil oltin olish uchun jamiki taomlarni kemiradigan mo‘ridan tutun burqsiyapti!

      Men qo‘rg‘on darvozasi oldida qorovul singari burg‘u chaldim, lekin endi bu yerda qorovul turmasdi! Men minora ustidagi flyugerni aylantirdim, u bo‘lsa mezanada qorovul xurrak otganday g‘ijirladi, lekin u yerda ham qorovul yo‘q edi! Faqat kalamush va sichqonlargina sanqib yurishardi. Uning uyiga qashshoqlik dasturxon yozdi, shkaf va bufetlarga joylashib oldi; eshiklar oshiqmoshig‘idan chiqib ketdi, hammayoqda yoriq va teshiklar paydo bo‘ldi – bu esa menga yaxshi: ichkariga kirish osonlashdi! Shuning uchun ham u yerda nima bo‘layotganini yaxshi bilaman.

      Tutun va kuldan, zo‘r tashvish va uyqusizlikdan Borrebyu hokimining soch va soqollari oqarib ketdi, yuzi za’faron bo‘lib ajin bosdi, lekin ichiga botib ketgan ko‘zlari hamon orziqib kutayotgan oltin jilosini ko‘rish ishtiyoqida boqardi.

      Men uning yuzi va soqollariga kul bilan tutun puflayverdim. Lekin hadeganda oltindan darak bo‘lavermadi, ammo uning qarzlari kun sayin oshib bordi. Men singan derazalar, yoriq va teshiklarda qo‘shig‘imni aytaverdim, hatto qizlarniig kiyilaverib to‘zigan, yirtilgan kiyimlari solingan sandiq ichigacha kirdim, kiyimlar hadeb kiyilaverganidan shu holga kelgan-da! Ha, qizlar beshiklari ustida aytilgan alladagi shirin orzular ro‘yobga chiqmadi! Boy odamning turmushi g‘am-kulfatga to‘lib ketdi. Faqat mengina u yerda baland ovoz bilan kuylayverdim. Uylarni qorga ko‘mib tashladim, aytishlaricha, qor isitarmish; ularning o‘tini ham yo‘q edi; o‘rmon esa allaqachonlar kesilib ketgan. Sovuq kuchaygandan kuchaydi. Men uy ichida u yoq-bu yoqqa borib kelaverdim, yoriq va tuynuklardan kirib, tom hamda devorlar ustida charx urdim, axir, sal sergak turish ham kerak-da! Aslzoda qizlar bo‘lsa sovuqdan ko‘rpalariga burkanib olishdi, otalari esa jun adyolning ostiga kirib ketdi. Na ovqat, na o‘tin bor – boy odamning turmushi ana shunaqa bo‘lib qolgandi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! Biroq, Do janoblariga hamma narsa kam edi.

      «Qishdan keyin bahor keladi, – derdi u, – Qashshoqlik o‘rnini sho‘xlik egallaydi! Biroq, u o‘zini ancha kuttiradi. Endi yer-suv garovga qo‘yilgan, ortiq kutish mumkin emas, hademay, pasxa bayramiga oltin albatta bo‘ladi!»

      Men uning o‘rgimchakka: «Hafsalali jajji to‘quvchisan, meni sabr-toqatga o‘rgatyapsan. To‘ringni yirtib yuborishsa, yangisini to‘qiy boshlaysan, uni ilgarigi holiga keltirasan! Yana yirtib yuborishsa, yana, yana boshqatdan to‘qiyverasan! Xuddi ana shunday qilish kerak! Mukofoti oldinda bo‘ladi!» – deb shivirlayotganini eshitdim.

      Mana, pasxaning dastlabki kuni ham yetib keldi; qo‘ng‘iroqlar jarangladi. Osmonda quyosh charaqladi. Valdemar Do tuni bilan o‘lib-tirilib ishladi, bir narsalarni qaynatdi, sovutdi, aralashtirdi, siqdi. Men uning xo‘rsinganini, ibodat qilganini eshitdim, ish ustida nafas olishga ham qo‘rqib o‘tirganini ko‘rdim. Uning chirog‘i o‘chib qoldi, buni payqamadi. Men ko‘mirni pufladim, cho‘g‘lar uning bo‘rday oppoq yuzini va botiq ko‘zlarini yoritdi. To‘satdan uning ko‘zlari kattalashib ketdi, kosasidan chiqquday bo‘ldi!

      Shisha idishga qara! Yarqirayapti! Nuri olovday lovillayapti… Qandaydir yarqiroq, vazmin! U shisha idishni titroq qo‘llari bilan ko‘tardi, hayajondan nafasi ichiga tushib: «Oltin! Oltin!» – deb baqirdi. U gandiraklardi, sal puflab uni yiqitishim mumkin edi. Lekin unday qilmadim, faqat ko‘mirni pufladim, uni esa qizlari sovuqdan muzlab o‘tirgan xonaga kuzatib qo‘ydim. Uning kiyimlari ham, soqoli va hurpaygan sochlarini ham kul bosgan edi. U qaddini rostladi. Nozik idishdagi xazinani boshi uzra baland ko‘tardi… «Topdim! Topdim! Oltin!» – deb qichqirdi va quyoshda jilo berib turgan idishni ularga uzatdi, biroq… uning qo‘li titrab ketdi. Idish yerga tushib chilparchin bo‘ldi! Oxirgi umidi ham sovun ko‘pigiday o‘chdi-qoldi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Men esa alximikning uyidan chiqib ketdim.

      Qisqa kunlar boshlandi, tuman nam pardasini yoyib, suvini yalang‘ochlanib qolgan daraxtlar, qizil mevalar ustidan tomiza boshlagan kech kuz payti edi. Men bardam va tetik holda qaytib keldim. Guvillab osmonni bulutlardan tozaladim, aytganday, chirib yotgan shoxlarni sindirib tashladim – bu ish xudo bilsin qanaqayu, ammo qilishga to‘g‘ri keldi. Borrebyudagi hokim uyi boshqacha did bilan yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalab qo‘yilgan edi. Valdemar Doning dushmani basneslik Ove Ramel Borrebyuga garov xat bilan keldi: endilikda uy ham, butun mol-mulk ham uniki bo‘lgan edi! Men siniq derazalarga kuchimning boricha go‘villab puflay boshladim, ilgagidan chiqqan eshiklarni taraqlatdim, yoriq va teshiklardan hushtak chalib o‘tdim: