Название | Қор одам |
---|---|
Автор произведения | Ганс Христиан Андерсен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-08-854-2 |
– Ha, bu yer mana shunaqa yaxshi, hamisha shunday bo‘ladi! – debdi urg‘ochi laylak. Yosh laylaklarning esa nafslari hakalak otib ketibdi.
– Bu yerda boshqa narsani ko‘rmaymizmi? – deb so‘rashibdi ular. – Nahotki, mamlakatning ichkarisiga bormasak?
– U yoqda hech vaqo yo‘q! – debdi onalari. – Manavi xudo yarlaqagan sohillarning naryog‘ida chirmashib ketgan daraxtlar va o‘simliklar o‘sgan qalin o‘rmon. U yerlardan faqat yo‘g‘on oyoqli fillargina o‘ziga yo‘l ocha oladi. O‘rmonning ilonlari ulkan, kaltakesaklari chaqqon. Bordiyu, sahroga bormoqchi bo‘lsak, ko‘zing qumga to‘ladi, bu holva, qum quyuniga uchrab qolsang rosa adabingni yeysan! Yo‘q, har qalay shu yer yaxshi! Bu yerda baqa bilan chigirtka ancha serob! Men ham, sizlar ham shu yerda qolamiz!
Ular o‘sha yerda qolishibdi. Ota-onalari adl minora ustidagi uyalarida o‘tirishib dam olishibdi, o‘zlariga oro berishibdi, patlarini silliqlashibdi, tumshuqlarini qizil paypoqlariga ishqalashibdi. Pardozlarini tugallashib, bo‘yinlarini cho‘zishibdi, viqor bilan ta’zim qilishib, keng peshanali, ingichka, yarqiroq patlar qoplangan kibr bilan balandga ko‘tarishibdi, mamnunlikdan ma’nodor qo‘yko‘zlari chaqnabdi. Yoshgina oyimqiz-laylakchalar endigina bo‘y cho‘zayotgan qamishzor ichida sipogarchilik bilan sayr qilishibdi, yosh-yosh nar laylakchalarga mo‘ralashibdi, ular bilan darrov tanishib olishibdi, har qadamda bittadan baqani yutishaveribdi, ba’zida tumshuqlarida ilonchani qisib olib silkitib yurishibdi, bu qilig‘imiz o‘zimizga juda yarashadi, deb o‘ylashibdi, buning ustiga ilon ham juda mazali-da! Nar laylakchalar moda laylakchalarni talashib janjallashibdi, qanotlari bilan bir-birlarini urishibdi, tumshuqlari bilan cho‘qib, bir-birlarini qizil qonga bo‘yashibdi! Bir vaqt qarasangiz, bir unisi, bir bunisi kuyov bo‘lib boribdi, moda laylakchalar esa birin-ketin kelin bo‘lishibdi; ularning hammasi faqat shuning uchungina yashayotgan ekanda. Yosh kuyov-kelinlar o‘zlariga uya qurishga kirishibdilar, uya qurishda ham janjallar bo‘libdi, issiq mamlakatlarda hamma qiziqqon bo‘lib qolarkan-da, umuman aytganda, hayot totli, gashtli o‘ta boshlabdi, qariyalar yoshlarga qarab quvonganicha umr o‘tkazishaveribdi, chunki yoshlarga hamma narsa yarashadi-da! Quyosh kun sayin mo‘l-ko‘l nur sochibdi, laylaklarning yegani oldida, yemagani ketida bo‘libdi.
Laylaklar aytganidek, Misr xo‘jasining hashamatli saroyida xursandchilikdan nom-nishon ham yo‘q ekan.
Devorlariga lolaning barglariga o‘xshash gul va naqshlar solingan katta xonada qudratli podsho betob yotar ekan; uning qo‘l-oyoqlari ishlamas, eti suyagiga yopishib, qurib qolgan ekan. Uni qarindosh-urug‘lari va xizmatkorlari qurshab olishibdi. Uni o‘lik deb ham, tirik deb ham bo‘lmas ekan. Botqoqlik gulidan shifo topish umidi ham chippakka chiqibdi. Uni jonidan ham ortiq ko‘radigan qizi ana shu gulni olib kelish uchun uzoq shimolga uchib ketgan ekan. Yosh, sohibjamol qizning diydorini ko‘rolmaydi endi! «U halok bo‘ldi!» deyishibdi vataniga qaytib kelgan malika-oqqushlar. Hatto ular dugonalarining qanday halok bo‘lgani haqida butun bir hikoya ham to‘qishibdi.
– Uchovimiz osmonda uchib ketayotgandik, to‘satdan bizni ovchi ko‘rib qoldi, yoydan o‘q uzdi. O‘q dugonamizga kelib tegdi, bechora vidolashuv qo‘shig‘ini aytib, astagina o‘rmon ko‘lining suviga tushdi. Biz uni o‘sha ko‘lning qirg‘og‘ida oq qayin tagiga dafn qildik. Biroq uning o‘limi uchun qasos oldik: ovchining kulbasida yashovchi qaldirg‘ochlarning dumiga yonib turgan poxol bog‘ladik, uy ham, ovchining o‘zi ham yonib ketdi. Alanga nuri ko‘lning qarama-qarshi tomonidagi oq qayin o‘sib turgan, dugonamiz qora tuproqda yotgan sohilni yoritdi. Ha, endi dugonamiz o‘z yurtini hech qachon ko‘ra olmaydi!
Ularning ikkovlari ham yig‘lashibdi. Bu gaplarni eshitgan laylak tumshuqlarini g‘azab bilan taqillatibdi.
– Yolg‘on, bo‘hton! – deb qichqiribdi u. – Eh, ularning ko‘ksiga tumshug‘imni suqib olsam!
– Tumshug‘ingdan ayrilarding! – debdi xotini. – Xo‘p yaxshi bo‘lardi-da! Undan ko‘ra o‘zing, oilang haqida qayg‘ur, qolganini qo‘yaver!
– Harholda ertaga bemorning kasali xususida kengashish uchun olimlar va donishmandlar to‘planadigan xonaning ochiq peshtoqiga qo‘nib turmoqchiman. Ehtimol, ular haqiqatni ro‘yobga chiqarishar!
Olimlar va donishmandlar to‘planishib, uzoq kengashibdilar, lekin laylak ularning gapidan hech narsa tushunmabdi: podshoning qizi u yoqda tursin, o‘ziga ham naf keltiradigan bir qarorga kelishmabdi. Biroq, olimlarning gapini eshitsak zarar qilmaydi, ko‘p narsani eshitishga to‘g‘ri keladi-ku, axir!
To‘g‘rirog‘i, o‘tmishdan biron-bir narsa eshitsak yo bilsak, tarix bilan yanada yaqinroq tanishamiz; harholda laylaklardan ko‘ra ko‘proq narsa bilib olamiz-da.
«Hayotning asosi – muhabbat! Muqaddas sevgi muqaddas hayotni barpo qiladi! Faqat muhabbat sharofati bilan bemor hayotga qaytishi mumkin!» Donishmandlar podshoni darddan xalos qilish haqida gap ketganda ana shunday dono fikrlarni aytishibdi. Bu gaplar donishmandlarning aytishicha, o‘ta dono va yaxshi fikrlar ekan.
– Fikrlari chakki emas! – debdi o‘shanda laylak xotiniga.
– Men esa negadir mag‘zini chaqa olmayapman! – debdi xotini. – Bu mening nuqsonim emas. Ha, aytganday, bularning menga dahli yo‘q; busiz ham o‘z tashvishlarim boshimdan oshib yotibdi.
Keyin olimlar muhabbatning turli ko‘rinishlari haqida gapira ketishibdi: axir, muhabbatning muhabbatdan farqi bor-da, ota-onalarning o‘z bolalariga yoki o‘simlikning yorug‘likka muhabbati. Masalan, quyosh nuri botqoqdan bo‘sa oladi, natijada undan nihol unib chiqadi. Ularning nutqlari shunchalik chuqur ma’noli ekanki, laylak gapning kalavasini yo‘qotib qo‘yibdi. Hatto gap mazmunini xotiniga ham aytib berolmabdi. U chuqur o‘yga tolib, ko‘zlarini yumib, butun kun bir oyoqda tik turaveribdi. Bilimdonlikni eplay olmabdi.
Lekin laylak podshoning kasali butun mamlakat va xalq uchun katta baxtsizlik ekanini, aksincha, uni darddan xalos etish katta baxt ekanini yaxshi anglabdi. Barcha xalq – xoh kambag‘al, xoh boy bo‘lsin, shu haqda bosh qotirayotganmish. Biroq, shifobaxsh gul qayerda o‘sadi? – deb so‘rashibdi odamlar bir-biridan. Ular ilmiy kitoblarni varaqlashibdi, bu haqda yulduzlardan bir narsa o‘qishga urinishibdi, to‘rt tomondan esadigan shamollardan so‘rashibdi, xullas, turli yo‘llar bilan zarur ma’lumotlarni olishga intilishibdi-yu, hamma harakatlari behuda ketibdi. Shu payt olimlar va donishmandlar oldin «Hayotga asos qurgan – muhabbat; u podshoni ham hayot kechirish uchun ato qilgan!» deb aytgan gaplariga qaytishibdi. Garchi buning ma’nosini ularning o‘zi ham chuqur tushunib yetmasalar-da, bu gapda hikmat katta ekan. Shuning uchun ham bu gapni bir necha bor takrorlab, hatto dori qog‘oziga: «Hayotga asos qurgan – muhabbat!» deb yozishibdi, lekin bu dori qog‘ozi bilan dorini qanday tayyorlash mumkin? Xuddi shu xususda hamma mushkul ahvolda qolibdi. Nihoyat o‘tirganlar bir ovozdan hamma yordamni otasini qizg‘in, chin ko‘ngildan yaxshi ko‘radigan yosh malikadan kutishi kerak, degan qarorga kelishibdi. So‘ng malika nima qilishi lozimligi ustida ham bosh qotirishibdi. Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam yangi oyning o‘rog‘i botgan tunda malika sahrodagi marmar haykal tomon yo‘l olgan ekan. Pastroqdagi eshik oldidagi qumlarni suribdi, katta ehromlarning biridagi uzun yo‘lak bo‘ylab yurib, qadimiy fir’avn jasadi qo‘yilgan joyga boribdi – malika marhumning ko‘ksiga boshini qo‘yib, mo‘jiza yuz berishini kutishi kerak edi.
U aytilganlarning hammasini bajo keltiribdi, tushida shimolga, Daniyaga uchib borishi, chuqur botqoqdan nilufar uzishi, u suv tubiga sho‘ng‘iganida gul uning ko‘ksiga tegib ketishi, bu gul otasiga qayta hayot ato qilishi, gul uziladigan joyning o‘zi namoyon bo‘libdi.
Malika oqqush patida Yovuz botqoqligiga ana shuning uchun uchib borgan ekan. Buni laylak bilan xotini azaldan bilisharkan, endi bo‘lsa biz ham uni yaxshiroq bilib olyapmiz. Shuningdek, botqoqlik shohi bechora malikani balchiq ostiga olib kirib ketganini, bu yerda esa uni halok bo‘ldi deb yurganlarini ham bilamiz. Lekin donishmandlarning donishmandi urg‘ochi laylakning: «Malika kulfatdan xalos bo‘ladi!» deb aytgan gapini aytibdi. Oxiri kutishga ahd qilishibdi, bundan boshqa chora qolmabdi-da.
– Anov muttahamlardan oqqush patini sidirib olaman, – debdi