Қор одам. Ганс Христиан Андерсен

Читать онлайн.
Название Қор одам
Автор произведения Ганс Христиан Андерсен
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-08-854-2



Скачать книгу

biroq bu marhamatga hech kim minnatdorchilik izhor qilmadi. Uysiz qolgan dvoryanning boshini mag‘rur ko‘targanini, qaddini rostlaganini ko‘rdim. Shu payt tom va keksa arg‘uvon daraxtiga jon-jahdim bilan shunaqayam zarba berdimki, chirimagan bo‘lishiga qaramay, yo‘g‘on bir shoxi sinib, darvoza oldiga qulab tushdi. U supurish lozim bo‘lganda supurgi bo‘ladiganday o‘sha yerda qolaverdi. O‘sha supurgi bu yerning sobiq egalarini supurib yubordim!

      Og‘ir kun, mashaqqatli, aziyatli onlar yetib keldi, biroq ularning ruhi tetik, qaddilari bukilmagan edi.

      Ularning kiyib yurgan kiyimlaridan ko‘p narsalarni va’da qilib, oxiri umidlarni chippakka chiqarib to‘kilib ketgan boyliklari solingan yangi sotib olingan shisha idishlaridan boshqa hech narsalari qolmagan edi. Valdemar Do xazinani qo‘yniga yashirdi, qo‘liga hassa oldi: bir vaqtlar mana shu mulkning boy-badavlat egasi bo‘lgan kishi yoniga uchala qizini olib Borrebyudan chiqib ketdi. Men muzdekkina shabadam bilan uning lovillab turgan yuzini sovutdim, soqollari va oppoq sochlarini siypadim, qo‘limdan kelganicha qo‘shig‘imni aytdim: «G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver!»

      Dvoryanlikka xos hashamat ana shunday barham topdi!

      Ida bilan Anna Dorteya otalari yonida borishardi. Yohanna darvozadan chiqib, orqasiga o‘girildi. Nega deysizmi? Axir, baxt qaytib kelmaydi-ku. Qiz Mark Stig qasrining g‘ishtlaridan qurilgan qizil g‘ishtli devorlarga boqdi, uning qizlarini esladi.

      Kattasi kenjasin qo‘lidan tutib

      Jahonni kezmoq-chun otlandi yo‘lga.

      Yohanna bu qo‘shiqni xotirladimikin? Hozir haydalganlar uch qiz, yonlarida otalari ham bor. Bir vaqtlar karetada yurgan yo‘llardan sudralib keta boshlashdi. Yiliga o‘n marka to‘lash sharti bilan ijaraga olingan Samizstrun dalasidagi hujralari tomon yo‘l olishdi. Boy odamning yangi manzili yalang‘och devorlar, bo‘mbo‘sh idishlar. Qarg‘a va zag‘chalar esa zaharxanda bilan «Qag‘! Qag‘! Xonavayronlik! Qag‘-qag‘!» – deb qichqirishdi, bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonidagi daraxtlar kesilayotganda ham shunday qichqirishgan edi. Ularning quloqlariga bor kuchim bilan puflab tursam-da, Do janoblari va uning qizlari bu qichqiriqlarning ma’nosini yaxshi tushunishdi.

      Ular hujralariga kirishdi, men esa botqoqliklar va dalalar, «yalang‘och butazorlar va daraxtlari qiyratilgan o‘rmonzorlar ustidan ochiq dengiz, boshqa mamlakatlar tomon guvillaganimcha yo‘l oldim. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Shu zaylda yillar o‘tib bordi.

* * *

      Xo‘sh, Valdemar Do bilan uning qizlarining taqdiri nima bo‘ldi, dersiz? Buni hozir shamol hikoya qilib beradi.

      – Oq sunbul gul Anna Dorteyani oxirgi marta uchratganimda bukchaygan kampir bo‘lib qolibdi, axir oradan ellik yil vaqt o‘tib ketgandi-da. Qolganlari o‘lib ketgan, u esa endi ko‘pni ko‘rgan bir kampir edi. Viborg shahri yaqinidagi cho‘lda bir ruhoniyning qizil g‘ishtdan qurilgan hashamatli uyi bor. Uning mo‘risidan quyuq tutun buralib chiqmoqda. Ruhoniyning mehribon xotini va go‘zal qizi deraza oldida, bog‘dagi tog‘olcha butalari orasidan cho‘lga qarab o‘tirishardi. Xo‘sh, u tomonda bularni nima qiziqtirib qoldi ekan? Ular yarim vayrona uycha tomidagi laylak uyasini kuzatishmoqda edi. U yerni yo‘sin va yovvoyi piyoz qoplab olgan edi. Aslida esa tomni laylak uyasi eplab turibdi! Uycha yamalib-yasqalib tursada, uni laylak epaqaga keltirib turardi.

      – Uychaga faqat qarash mumkin edi, biroq zinhor unga tegib bo‘lmasdi! Bu yerdan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan esib o‘tardim, – deb hikoya qilibdi shamol. – Faqat laylak uyasining borligidan uychani qoldirishgandi, bo‘lmasa uni allaqachonlar buzib yuborishardi. Ruhoniy oilasidagilar laylakni haydab yuborgilari kelmadi, shu vajdan uycha omon qoldi, ichida esa bir bechora kampir yashardi. Shu yerda boshpana topib turgani uchun kampir laylakdan minnatdor, ehtimol bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonida yashagan qoramtir akasining uyasini buzishga yo‘l qo‘ymaganligi uchun laylak kampirdan xursanddir. O‘sha zamonlarda qashshoq kampir muloyimgina qiz, dvoryan oilasidan chiqqan oq sunbul gul edi. Anna Dorteya bularning hammasini yaxshi xotirlaydi.

      «Oh! – Ha, odamlar, ham shamol qamishzor yoki qiyoqzorda oh urganday oh uradi! – Oh, Valdemar Do, qabring ustida qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘iroqlari jaranglamadi! Uysiz-joysiz qolgan Borrebyu hokimini tuproqqa qo‘yishayotganda bechorahol maktab o‘quvchilari kuylashmadi ham! Ha, hamma narsaning, hatto baxtsizlikning ham oxiri bo‘ladi! To‘ng‘ich opasi Ida bir dehqonga turmushga chiqdi. Ana shu hol otaga qaqshatgich zarba bo‘lib tegdi. Axir, kuyovi har qanday janob biyaga o‘tqizib qo‘yishi mumkin bo‘lgan jirkanch bir qul-da! Hozir, ehtimol u ham, opasi Ida ham tuproq ostida yotishgandir! Ha, shunaqa! Faqat men bechoraga xudo qazo yetkazmayapti! Ey, parvardigor, mendan ham omonatingni olsang-chi!»

      Anna Dorteya laylak sharofati bilan omon qolgan hujrasida o‘tirib ana shunday iltijo qilibdi.

      – Opa-singillarning eng sog‘lom hamda eng dadiliga o‘zim g‘amxo‘rlik qildim! – deb davom etibdi shamol. – U o‘ziga ma’qul bo‘lgan kiyimlarini kiydi: yigitchasiga kiyinib, kemaga matros bo‘lib yollandi. Qiz kamgap, qat’iyatli edi, ammo o‘z ishini do‘ndirib bajarardi, bitta aybi shu ediki, yuqoriga tarmashib chiqolmasdi! Boshqalar uning ayol kishi ekanligini bilib qolishmasdan suvga puflab yubora qoldim, xo‘p ish qildim!

      Valdemar Do oltin topdim deb o‘ylagan kunidagidek pasxaning dastlabki kunida laylak uya qurgan tom ustidan Anna Dorteyaning oxirgi toat-ibodat ovozini eshitib qoldim.

      Hujraning derazasi ham yo‘q edi, uning o‘rnida dumaloq tuynukcha bor edi; oltin barkashday bo‘lib chiqqan quyosh nurlari shu tuynuk orqali hujraga tushdi. Uy ichi munavvar bo‘lib ketdi! Anna Dorteyaning nigohi bu nurga bardosh berolmadi. U ko‘zini asta yumdi; yuragi esa urishdan to‘xtadi! Bu o‘rinda quyoshning hech qanday aybi yo‘q edi, bordiyu u o‘sha tongda yuz ko‘rsatmaganida ham shunday bo‘lardi.

      Laylak Anna Dorteya vafot etgunga qadar unga boshpana berdi. Men esa uning qabri ustida ham, otasi qabri ustida ham ashulamni aytaverdim, boshqalar bilmasa ham, men ularning qabri qayerdaligini yaxshi bilaman.

      Yangi zamonlar, boshqa zamonlar! Eski qatnov yo‘l endilikda atrofi o‘rab olingan poliz yonidan o‘tadi, qabrlar ustidan esa yangi yo‘l o‘tadi. Hademay qator vagonlarini sudrab, unutilgan qabrlar ustidan pishqirib parovoz o‘tadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver!

      – Valdemar Do hamda uning qizlari qissasi ana shunaqa. Qo‘lingizdan kelsa uni durustroq hikoya qilib bering! – deb gapini tugatibdi shamol va boshqa yoqqa qarab yo‘l olibdi.

      Shu bilan uning qorasi ham ko‘rinmay qolibdi.

      NONNI BOSGAN QIZ

      Siz kavushim iflos bo‘lib qolmasin, deb nonni bosgani uchun yomon ahvolga tushib qolgan qizcha haqidagi hikoyani eshitgansiz. Bu haqda yozilgan ham, bosilgan ham. U kambag‘al, biroq mag‘rur, kekkaygan bir qiz ekan. Uning bema’ni qiliqlari ko‘p ekan. Jajjigina qizchalik paytlarida pashshalarni tutib olib, qanotlarini yulib tashlashni yaxshi ko‘rarkan; uchadigan pashshalar o‘rmalaydigan bo‘lib qolganda juda quvonar ekan-da. U tillaqo‘ngiz va go‘ng qo‘ng‘izlarni tutib, to‘g‘nag‘ich sanchib qo‘yar yoki oyoqlarining ostiga yashil yaproq yo bo‘lmasa bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘yar ekan. Bechora tirmashib, to‘g‘nag‘ichdan ozod bo‘lish uchun aylanib, bukilaverarkan, Inge bo‘lsa qotib-qotib kulaverarkan:

      – Tillaqo‘ng‘iz o‘qiyapti! Sahifalarni varaqlashini qarang! – deyarkan u.

      U katta bo‘lgan sari yomon qiliqlari ko‘payaveribdi. Baxtga qarshi, u juda chiroyli ekan. Uni ko‘p urishishar ekan-u, lekin yaxshilab tanbeh berib qo‘yishmas ekan.

      – Yaxshilab bir adabingni berib qo‘yish kerak! – der ekan onasi. – Bolaligingda peshbandimni rosa toptagan eding, katta bo‘lganingda qalbimni toptamasang go‘rga edi, deb qo‘rqaman.

      Xuddi shunday bo‘libdi.

      Inge uyidan zodagonlar xonadonida xizmat qilgani jo‘nab ketibdi. Zodagonlar unga o‘z qizlariday munosabatda bo‘lishibdi. Inge yangi kiyimlarda yanada ochilib ketibdi. Shu bilan birga, uning dimog‘dorligi oshgandan oshibdi. U xo‘jayinining uyida bir yil yashabdi, kunlarning birida ular qizga:

      – Inge,