Название | Suv ostida sakson ming kilometr |
---|---|
Автор произведения | Жюль Верн |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-26-603-2 |
Kapitan o‘rtamizdagi shartni mustahkamlash uchun menga qo‘lini uzatadi deb o‘ylagan edim.
Biroq u bunday qilmadi. Shunday qilmagani uchun men unga ichdan achindim.
– Yana bir savol, – dedim men bu g‘alati odam endi ketmoqchi bo‘lib turganida.
– Qulog‘im sizda, janob professor.
– Sizni nima deb chaqirishimiz kerak?
– Sizlar uchun men faqat kapitan Nemo33, siz va hamrohlaringiz esa men uchun faqat «Nautilus»34 yo‘lovchilari.
Kapitan Nemo bir nima deb qichqirdi. Kayutaga styuard kirdi. Kapitan unga o‘sha men tushunmagan tilda buyruq berdi.
Shundan so‘ng kanadalik va Konselga qarab:
– Sizlar o‘z kayutalaringizda nonushta qilasizlar, – dedi.– Marhamat qilib mana bu kishi bilan borsangiz.
– Yo‘q demayman, – dedi garpunchi.
Konsel va Ned Lend o‘zlari qariyb o‘ttiz soat biz qamalib yotgan qafasdan chiqishdi.
– Endi, professor, navbat bizga. Nonushta tayyor. Ruxsat bersangiz, sizga yo‘l ko‘rsatsam.
– Xizmatingizga hozirman, kapitan.
Men kapitan Nemo ketidan ergashdim. Biz elektr chiroqlar bilan yoritilgan oddiy kemalarnikiga o‘xshash yo‘lakka chiqdik va o‘n metrcha yurgach, yopiq eshik oldida to‘xtadik.
Kapitan Nemo eshikni lang ochib, oldin menga yo‘l berdi.
Men sipohona did bilan jihozlangan va pardozlangan ovqatxonaga kirdim. Zalning ikki tomonida qora yog‘och qadab naqshlangan baland eman ravoqlar turardi. Uning tokchalarida san’atkorona ishlangan bebaho billur, chinni, kumush idishlar yaraqlab tovlanardi. Devor koshinlarining rangi shiftdan taralayotgan juda yorqin yog‘duni yumshatardi.
Zalning o‘rtasida yasatilgan stol turardi.
Kapitan Nemo menga imo bilan joy ko‘rsatdi.
– O‘tiring, – dedi u, – ovqatlanib oling; darvoqe, o‘lguday ochsiz-a.
Men yalintirib o‘tirmadim.
Nonushtaga baliqdan tayyorlangan bir necha xil taomlar va menga noma’lum bo‘lgan allaqanday ovqatlar berishdi.
Bu taomlarning hammasi mazali, ammo tez ko‘niksa bo‘ladigan qandaydir ta’mi bor edi. Nazarimda bu masalliqlar fosforga boy edi, binobarin, ular dengizdan olingandir deb o‘yladim.
Kapitan Nemo ko‘z uzmay menga qarab turar edi. Undan hech nima so‘raganim yo‘q, ammo o‘zi men bermagan, lekin tilimning uchida turgan savollarga javob bera boshladi.
– Bu taomlarning ko‘pini siz bilmaysiz, – dedi u. – Ammo baribir sira xavotirlanmay yeyaberishingiz mumkin. Bularning hammasi foydali va to‘yimli. Men yerda yetishtiriladigan oziq-ovqatlarni anchadan buyon yemayman, ammo shunga qaramay, o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Men yeydigan oziq-ovqatlardan tamaddi qiladigan butun ekipajim ham havas etsa arziydigan darajada sog‘lom.
– Demak, bu noz-ne’matlarning hammasi dengiz mahsulotimi?
– Ha, professor, dengiz butun ehtiyojimni qondiryapti. Ba’zan men to‘r tashlayman, ular biror marta ham bo‘sh chiqqan emas. Ba’zan men boshqalarning qadami yetolmaydigan tabiat olamiga ovga boraman va suvosti o‘rmonlarimda yashayotgan «qushlar»ni quvaman. Mening podalarim keksa cho‘pon Neptunning35 podalari singari okean kengliklarida bemalol o‘tlab yurishadi.
Mulklarim behad katta va ulardan yolg‘iz o‘zim foydalanaman.
Men kapitan Nemoga taajjublanib qarab, javob berdim:
– To‘rlar dasturxoningizga ajoyib baliq keltirayotganini bilib turibman, kapitan. Men qandayligini bilmayman-u, ammo sizning o‘z suvosti o‘rmonlaringizda «qush» ovlayotganingizni rost deb faraz qilaylik; biroq men bir narsaga hayronman. Ozgina bo‘lsa ham, dasturxoningizdagi go‘sht qayerdan kelyapti?
– Men quruqlikda yashaydigan hayvonlarning go‘shtini mutlaqo yemayman, – deya e’tiroz bildirdi kapitan Nemo.
– Bu-chi? – so‘radim men bir necha bo‘lak qovurilgan go‘sht solingan taomga ishora qilib.
– Siz quruqlikda yashaydigan jonivorning go‘shtidan deb taxmin qilgan taomingiz dengiz toshbaqasining qovurilgan go‘shti, xolos. Mana bu delfinning jigaridan tayyorlangan qaylaning ta’mi sizga cho‘chqa go‘shtidan qilingan qovurdoqday tuyulishi mumkin. Mening oshpazim – mohir pazanda. Baliq va boshqa dengiz hayvonlari go‘shtidan taom tayyorlashda unga teng keladigani yo‘q. Mana bu qisqichbaqa konservalarini istagan malayyalik dunyodagi eng zo‘r konserva deb baholashi mumkin; mana bu kremning qaymog‘i kitning yelinidan olingan, qand – Shimoliy dengizning suv o‘simliklaridan; nihoyat mana bu murabbo anemonlardan.
Men ularning hammasidan och bo‘lganim uchun emas, kapitan Nemoning gaplariga qiziqib qolganimdan tatib ko‘rdim.
– Dengiz, – deya davom etdi u, – meni to‘ydiribgina qolmay, kiyintiradi ham. Ustingizdagi kiyimning matosi ayrim dengiz chig‘anoqlarining bissuslaridan to‘qilgan. U shajaraning qirmizi rangiga bo‘yalgan, binafsharang tovlanishi O‘rtayer dengizi molluskalaridan biri apliziy shirasi yordamida olingan. Sizga ajratilgan kayutadagi stolcha ustida turgan atir ayrim o‘simliklarni qaynatish yo‘li bilan olingan. O‘rin-ko‘rpangizdagi to‘shak okeanning eng yaxshi o‘tlaridan qilingan. Siz yozadigan pero– kit mo‘ylovidan, siyoh – karakatitsa36 bezlaridan. Hozir men nimadanki foydalanayotgan bo‘lsam, hammasi dengizdan olinyapti va bularning barchasi vaqti kelib yana dengizga qaytadi.
– Dengizni sevasizmi, kapitan?
– O‘-o‘, nimasini aytasiz, sevganda qandoq. Dengiz – bu men uchun hamma narsa. U yer sharining o‘ndan yetti qismini egallab turibdi. Suvi toza va hayotbaxsh. Uning bepoyon kengliklarida odam o‘zini sira yolg‘iz his etmaydi, chunki hamisha atrofida hayot nafasi ufurayotganini sezib turadi. Chindan ham, axir dengizda tabiatning har uchala dunyosi – minerallar, o‘simliklar va hayvonlar bor. So‘nggisiga zoofitlarning37 juda ko‘p namoyandalari, bo‘g‘inoyoqlarning ikki sinfi, molluskalarning besh sinfi, umurtqalilar, sutemizuvchilar, sudraluvchilarning uch sinfi va son-sanoqsiz baliqlar kiradi. Hayvonot olamining juda ko‘p sinflari o‘n uch mingdan ortiq turlarga egaki, bularning o‘ndan bir qismigina chuchuk suvlarda yashaydi. Dengiz – tabiatning ulkan rezervuari. Yer sharida hayot dengizdan boshlangan, kim bilsin, balki u vaqti kelib yana dengizda tugar? Dengizda – o‘ta osoyishtalik… Dengiz zo‘ravonlarniki emas. Ular dengiz sathida jang qilib, bir-birlarini qirishlari, quruqlikdagi hayot qabohatlarini qaytarishlari mumkin. Ammo o‘ttiz fut chuqurlikdagi suv ostida ularning hukmronliklari tugaydi. Eh, professor, dengiz qa’rida yashang! To‘la mustaqillik faqat shu yerda, faqat shu yerda inson chinakamiga ozod, shu yerdagina uni hech kim ezolmaydi!
Kapitan Nemo to‘satdan o‘zining otashin so‘zlarini to‘xtatdi. U odatdagi vazminligini buzganiga pushaymon bo‘lmadimikin? Ortiqcha so‘zlab qo‘y-ganidan cho‘chimayotganmikin?
Bir necha minut davomida ovqatxonada hayajonlanib yurdi. So‘ngra asablarini jilovlab oldida, yuziga odatdagi sovuq ulug‘vorlik ifodasini berib, menga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi:
– Endi, professor, «Nautilus»ni ko‘rib chiqmoqchi bo‘lsangiz, xizmatingizga tayyorman.
O‘n birinchi bob
«NAUTILUS»
Kapitan Nemo eshik tomon yurdi. Men uning orqasidan bordim. Ovqatxonaning oxiridagi ikki tavaqali eshik ochilib, biz qo‘shni xonaga kirdik. Bu uy kattaligi jihatidan ovqatxonadan qolishmaydigan kutubxona edi. Palisandr38 yog‘ochidan qilinib, oltin suvi yugurtib pardozlangan baland,
33
34
35
36
37
38