Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн

Читать онлайн.
Название Suv ostida sakson ming kilometr
Автор произведения Жюль Верн
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-26-603-2



Скачать книгу

orasida bir xil bo‘lgan imo-ishora ham qilmay, o‘zlarining tushunib bo‘lmaydigan tillarida o‘zaro bir necha so‘z aytishdi-da, chiqib ketishdi.

      Ular chiqib ketishlari bilan eshik bekildi.

      – Bu qabihlik! – deya qichqirdi Ned Lend shu bilan yigirmanchi marta g‘azab o‘tida yonib.

      – Nima qilish kerak. Bu galvarslar bilan fransuzcha, inglizcha, nemischa, lotincha gapirilsa-da, birontasi churq etib javob bermasa-ya!

      – Tinchlaning, Ned, – dedim men hayajonlangan garpunchiga, – g‘azab bilan bir ish qilib bo‘lmaydi.

      – To‘g‘ri-yu, professor, – deya javob berdi kanadalik zarda bilan, – ammo biz bu temir katak ichida ochlikdan o‘lamiz, bilasizmi!

      – O‘h-ho‘, – faylasuflarga xos osoyishtalik bilan e’tiroz bildirdi Konsel, – hali bunga erta.

      – Og‘aynilar, – dedim men, – noumid bo‘lmanglar. Bundan og‘ir sinovlarga ham bardosh berdik. Kema kapitani va uning ekipajini qoralashga shoshilmanglar. Ular haqida biror fikrga kelish vaqti ham yetar.

      – Mening fikrim hozirning o‘zidayoq uzil-kesil tayyor! – dedi Ned Lend. – Bular razil odamlar!

      – Juda soz, ammo ular qayerda tug‘ilgan? – bamaylixotir so‘radi Konsel.

      – Razillar mamlakatida!

      – Azizim Ned, bu mamlakat geografik kartada aniq ko‘rsatilmagan, binobarin, e’tirof etamanki, men bu odamlarning qaysi millatdanligini aniq ayta olmayman. Ammo ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, ular ingliz ham, fransuzlar ham, nemislar ham emas. Menda boshliq va uning hamrohi kenglikning harorati past yerlarida joylashgan mamlakatda tug‘ilgan degan taassurot qoldi, chunki ular ko‘rinishdan janubliklarga o‘xshashadi. Ammo irqiy belgilari yuzlarida yorqin ifodalanmagani uchun qaysi millatga mansubliklarini, ispanmi, turkmi, arab yoki hindumi – qat’iy aytish qiyin.

      – Qarang, barcha tillarni bilmaslik qanchalik yomon, – luqma tashladi Konsel, – agar yagona xalqaro bir til bo‘lganida, qanday yaxshi bo‘lardi-ya!

      – Bundan biron naf chiqmas edi, – deya e’tiroz bildirdi Ned Lend. – Nima, zindonbonlarimizning o‘ziga xos tillari halol odamlarning jig‘iga tegish uchun o‘ylab topilganini ko‘rmayapsizmi? Dunyodagi barcha mamlakatlarda og‘iz ochish, tishlarni shiqirlatish, chakakni qimirlatish qanday mazmun ifoda etishini yaxshi bilishadi. Kvebekda, Parijda, Paumotuda, antipodlarda28 – hamma joyda bu bir mazmun anglatadi: ochman, menga ovqat bering!

      – Eh-he, – vazminlik bilan javob berdi Konsel, – shunday gap uqmas odamlar borki…

      Xuddi shu payt eshik ochilib xonaga styuard29 kirdi. U bizga ust-bosh – menga noma’lum bo‘lgan allaqanday matodan tikilgan kalta kamzul bilan shim olib keldi.

      Men kiyimlarni tez kiyib oldim. Sheriklarim ham xuddi shunday qilishdi.

      Shu orada styuard gung, ehtimol, garang bo‘lsa ham ajab emas – stol ustiga uch kishiga mo‘ljallab qoshiq-vilka qo‘ydi.

      – Mana bu boshqa gap! – dedi Konsel. – Boshlanishi chakki emas.

      – Ko‘ramiz,– deya g‘o‘ldiradi ginaxon garpunchi. Bu yerda nima bilan boqishlarini tasavvur qilsa bo‘ladi! Treskaning jigari, suyagi olib tashlangan olabug‘a balig‘i-yu, dengiz itining bir parcha qovurilgan go‘shtimi?

      – Birpas sabr qilsak, bilib olamiz, – deb javob berdi Konsel. Kumush qalpoqlar bilan yopilgan idishlar dasturxonga bir tekisda qo‘yildi.

      Biz stol atrofiga o‘tirib oldik. Biz madaniyatli kishilar orasida ekanligimizga shubha yo‘q edi, agar elektr chiroq bo‘lmaganda, Liverpuldagi Adelfi yoki Parijdagi Grand otel-mehmonxonasining oshxonasida o‘tiribmiz, deb o‘ylash mumkin edi.

      Ha, aytganday, shuni ta’kidlash kerakki, non ham, vino ham, umuman yo‘q edi.

      Suv juda toza, tiniq edi. Ammo bu quruq suv bo‘lgani uchun Ned biroz ranjidi.

      Bizga berilgan ovqatlar orasida baliqdan a’lo darajada tayyorlangan taomlar ham bor edi. Biroq boshqa taomlar xususida hatto ular tabiatning qaysi dunyosi – o‘simliklar dunyosigami yoki hayvonot dunyosiga taalluqli ekanini ham ajratolmas edim.

      Ovqat servizi nafis va chiroyli edi. Har bir qoshiq, vilka, taqsimcha, sochiq va hokazolarda quyidagi shior yozilgan edi:

      «Harakatchan N harakatchanlikda»

      Harakatchan harakatchan muhitda! Bu shior suvosti kemasiga tamomila mos edi. «N» – sirli suvosti kapitani ismining bosh harfi bo‘lsa kerak.

      Ned Lend bilan Konsel har xil o‘ylar bilan o‘zlarini qiynamas, ochko‘zlik bilan ovqat yeyishardi, men ham shu zahoti ularga ergashdim.

      Endi men taqdirimizdan xotirjam edim. Xo‘jayinlar ochlikdan tinkamizni quritmasligiga imonim komil edi.

      Ammo bu dunyoda hamma narsa, hatto o‘n besh soat davomida tamaddi qilmagan kishilarning ochligi ham o‘tib ketadi. Qornimiz to‘ygach, qattiq uyqu bosayotganini seza boshladik. Bu tunda o‘lim bilan uzoq olishuvdan so‘nggi tabiiy hol edi.

      – Rostini aytsam, men jon deb uxlab olardim, – dedi Konsel.

      – Men hozirning o‘zidayoq uxlayapman, – deb javob berdi Ned Lend.

      Shunday deb har ikkala hamrohim kayuta poliga solingan bo‘yraga cho‘zilishdi va shu zahotiyoq qattiq uyquga ketishdi.

      Men ular singari osongina uxlay olmas edim. Miyam juda ko‘p fikrlar bilan to‘lib-toshgan, hal qilinmagan juda ko‘p muammolar meni tashvishlantirar, talay kishilar ko‘z oldimdan nari ketmas edi. Binobarin, ko‘zlarim anchagacha yumilmadi.

      Qayerdamiz? Bizni qanday ajib kuch tortib ketyapti?

      Kema tubsiz chuqurlikka cho‘kayotganini his etdim – aniqrog‘i, menga shunday tuyuldi.

      Turli dahshatlar menga tinchlik bermas edi. Bu sirli chuqurliklardagi nimasi bilandir shu suvosti kemasiga o‘xshab ketadigan, xuddi shunday katta, xuddi shunday harakatchan, o‘zi singari kuchli noma’lum hayvonlar to‘dasi ko‘z oldimdan nari ketmas edi.

      Ammo ko‘p o‘tmay ular xiralashib, miya mudroq pardasiga o‘raldi va men uxlab qoldim.

      To‘qqizinchi bob

      NED LEND G‘AZABNOK

      Qancha uxlaganimni bilmayman. Ammo aftidan, juda uzoq uxlagan bo‘lsam kerak, g‘oyat tiniqib, tetik bo‘lib uyg‘ondim.

      Birinchi bo‘lib men ko‘zimni ochdim. Do‘stlarim hali ham qattiq uyquda edilar.

      Miyam dam oldi va yana aniq hamda bexato ishlashi mumkin degan o‘y bilan anchagina qattiq to‘shakdan turib, hammadan oldin kayutamizni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladim.

      Biz uxlab yotganimizda hech nima o‘zgarmapti. Turma turmaligicha, bandilar esa bandiligicha qolibdi. Faqat styuard qolgan ovqatlarni stol ustidan yig‘ishtirib olibdi. Shunday qilib, taqdirimizning yaqin orada o‘zgarishini ko‘rsatadigan biron belgi ko‘rinmagach, hayajon ichida, nahotki, umrbod shu katakda qamalib yotishga mahkum etilgan bo‘lsak, deb o‘zimga o‘zim savol berdim.

      Bu fikr meni shu qadar gangitib qo‘yganining yana bir sababi shuki, garchand miyam kechagi dahshatlardan xoli bo‘lsa-da, ammo ko‘kragimdan nimadir bosardi. Nafas olish og‘irlashayotgan edi. Bo‘g‘iq havo o‘pkaning bemalol ishlashiga xalaqit berayotgan edi.

      Kayuta anchagina katta bo‘lishiga qaramay, aftidan, bu yerning havosidagi kislorodning ko‘pini yutib yuborganga o‘xshaymiz.

      Darhaqiqat, odam bir soat nafas olishi uchun yuz litr havo tarkibidagi miqdorda kislorod kerak bo‘ladi. Va bu havo nafas qaytarganimizda ichimizdan chiqadigan uglekislota bilan to‘lib, nafas olishga yaroqsiz bo‘lib qoladi.

      Shunday qilib, bizning turmamizdagi, balki butun suvosti kemasidagi havoni yangilash kerakdir.

      Ana shunda birinchi



<p>28</p>

Antipodlar – yer yuzining bir-biriga tamoman teskari ikki tomonida yashaydiganlar.

<p>29</p>

Styuard – kema xizmatkori.