Название | Кинода режиссура ва драматургия |
---|---|
Автор произведения | А. Митта |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978–9943–4497‒2‒5 |
Ammo bu ma’noda tog‘dan lovullab yonayotgan neft uchish maydoniga selday oqib keladigan boshqa bir epizod hayratliroqdir. Epizodning 5-6 daqiqa davom etishiga kо‘ra bu tog‘ning 10-15 km balandlikka ega bо‘lishi lozimligini tasavvur etish qiyin emas. Ammo bu hech kimning kallasiga kelmaydi. Neft baland tog‘dan oqib tushishi mumkin emasligi, chunki uni qadimgi dengizlar tubidan qazib olinishiday ochiq-oydin narsalar haqida gapirmasayam bо‘ladi.
Agar men oddiy dramatik sahnani tasvirga olganimda edi, maslahatchilardan birortasi shubhasiz: «Nega sizning neft omboringiz bunchalik balandlikda joylashgan?» – degan bо‘lardi. Ammo saspens tufayli tog‘dan uchib kelayotgan olov berahm qotilga о‘xshab qahramonni о‘lim xavfiga qо‘yayotganday bо‘ladi. Tomoshabinlar hayajonlanadilar, ular qahramon g‘alaba qilishini va qutilib qolishini istashadi. Boshqa narsalar esa muhim emas.
Qahramon saspensda «ov tamoyili»ga kо‘ra harakat qiladi. U quvib yetadi yoki qochib qutiladi. Agar quvib yetadigan bо‘lsa, xuddi tozi itga о‘xshab miyasining birgina – «quvib yetish» degan burmasi ishlaydi. Qochayotgan bо‘lsa, boshqa, ammo yana birgina – «bо‘ridan qochib qutilish» burmasi ishlaydi.
«Ov tamoyili» – kо‘ngilxushlik sanoatining buyuk stereotipidir. «Termenator-1» da 19ta asosiy sahna ov tamoyili asosida qilingan. Bu jonga tegmaydi va hech qachon kо‘ngilga urmaydi. Ming-minglab ovni kо‘rganmiz va yana shunchasini kо‘raveramiz. Bularning asoschisi kim? Xichkokmi? Aslo unday emas! Bu g‘oyadan undan ancha oldin Shekspir foydalangan.
«Qopqon»ni eslaysizmi? Otasini о‘ldirganligini tan oldirish uchun uning sirini yuzaga chiqarish maqsadida Gamlet о‘ylab topgan qirolni ovlash sahnasini? Pyesadagi eng kuchli, eng qamrovli sahna. Kim-kimu, ammo Shekspir lо‘ndalikning qimmatni bilgan. Ammo u, garchi bu atama hali mavjud bо‘lmagan bо‘lsada, saspensning ham kuchini bilgan.
SASPENSMI YOKI HAYRAT
Odatda tarang sahnalarda rejissor tomoshabinga xabarni yetkazishda hayrat yordamidami yoki saspensdan foydalangan holda berish kerakmi, – shulardan birini tanlaydi.
Masalan, ikki kishi gaplashib turibdi, stol tagida esa soat mexanizmiga ulangan bomba chiqqillab turibdi. Tomoshabinni ajablantirish uchun rejissor bomba haqidagi axborotni yashiradi. Ikkalovi baxtli hayot rejalarini qurishyapti, birdaniga portlash ularning ikkalasini ham uchirib ketadi. Hech kim, shu jumladan tomoshabin ham, bunday bо‘lishini о‘ylamagan edi. Biz ham hayratdamiz. Ammo bu hissiyotning bir lahzasi.
Agar biz stolning tagida bomba borligini oldindan bilsakchi? Qahramonlar hech narsani bilishmaydi, ular kechki ovqat bilan band, hozir raqs tushishadi, keyin xonaga kо‘tarilishadi.
Ular bizni muhabbat oqshomi kutayotir, deb о‘ylashadi. Ammo biz ulardan kо‘proq narsani bilamizku: ularning sanoqli vaqtlari qoldi. Mexanizm chiqqillaydi, biz esa tobora hayajonlanib boramiz. Bu saspens. U keskinroq ta’sir qiladi, ammo u hayratga teskari, chunki biz personajga nisbatan kо‘proq narsani bilamiz.
Rejissor saspens va hayratni bir-biriga qо‘sha turib, eng katta effektga erishadi.
Men ancha oldin, yetmishinchi yillarda, «Jag‘lar» («Chelyusti») filmining bо‘lib о‘tgan birinchi kо‘rigini eslayman. Ovchilar suv ostida ulkan akulani axtarishadi. Akula ovchi joylashgan temir qafasni vayron qilib tashlaydi. Ovchi bо‘lsa yо‘qoladi. Uning dо‘stlari esa vahimali qorong‘ilikka diqqat bilan tikilishadi. Birdaniga biz tomonga g‘ajib tashlangan kalla chaqchayib chiqib keladi. Zaldagi barcha ayollar bir varakayiga qо‘rquvdan chinqirib yuboradi.
Saspens xavotir muhiti vujudga kelishini talab qiladi va uning о‘zi bu muhitni yaratishga yordamlashadi. Tomoshabinlar bunday daqiqalarni sidqidildan yaxshi kо‘rishadi. «Kuldirish, qо‘rqitish va achinish kо‘z yoshlarini keltirib chiqarish – buni kino hammadan kо‘ra yaxshiroq eplaydi», – degan edi buyuk saspens ustasi Spilberg.
Xichkokga ishonadigan bо‘lsak, unga kо‘ra hikoyaning haqiqatga mos kelishiga e’tibor qilmaslik saspensga xosdir. Uning uchun eng muhimi – tomoshabinni harakatga hislar orqali jalb etishdir. Hikoyaning haqqoniy chiqishiga vaqt sarflaydigan bо‘lsang, emotsional kemtik hosil bо‘lishi mumkin. Bundan kо‘ra tomoshabin uchun emotsional yaxlitlik, hayajonning tinmay о‘sib borishi muhimroqdir. Asosiysi, saspens tomoshabinni energiya bilan kuchlantirishi lozim.
Bu haqida Xichkok taxminan shunday degan: «Voqelikdan haqqoniylik talab qilish kulgili hol. Hayotning bir lavhasini kо‘rish – siz kinoteatrga kirish oldidan tekinga olishingiz mumkin bо‘lgan narsa. Drama esa – barcha zerikarli ortiqcha tomonlari kesib tashlangan hayotdir. Kameraga siz qо‘yadigan yagona vazifa – kadrning maksimal darajada ta’sirli bо‘lishidir. Hamma narsa ta’sir uchun qurbon qilinishi kerak. Hikoya aqlni shoshiradigan, dramatik va insonparvar bо‘lishi lozim». Albatta, bu aytilganlarni kino poetikasi doirasida tushunish kerak. Aktyorlarning har bir ondagi xatti-harakatlari, sо‘zsiz, haqqoniydir. Xatti-harakatlarni qurshab turuvchi muhit sо‘zsiz haqqoniydir. Faqat vaqt va makon shartlidir. Ular badiiy asar haqiqati asosida montaj davomida yig‘iladi.
Xichkok saspensda kinokameraning kuchini ajoyib bir tarzda yuzaga chiqarishni uddasidan chiqardi, chunki ekranda saspens bо‘lganida aynan kameraning yurish mantiqi voqeani harakatga keltiradi.
Saspensni shiddat va zо‘ravonlik filmlarining quroli, deb tasavvur qilish qabul qilingan. Unda «Chо‘qintirgan ota»ni nima qilish kerak? Yoki «Terminator-1»ni-chi? Bu film zamonaviy Bokira Mariya dunyoning yangi qutqaruvchisiga homilador bо‘lgani haqidagi afsonadir. Bunda zamonaviy afsona fantastik triller janrida ifoda etilgan. О‘ylaymanki, XX asr mifologiyasi mana shunday filmlardan tashkil topadi.
Eng birinchi saspens haqida bilishni istaysizmi? Buning uchun qadimiy yunon tragediyasi bо‘lmish «Edip»ni esga olish lozim. Boshida Edip shaharni vabodan asramoqchi bо‘ladi. Ammo axborotlarni tо‘plab borib, Edip uning о‘zi epidemiyaning sababchisi ekanligini, chunki u, unga tayyorlangan yovuz taqdir haqida hech narsa bilmagani holda, о‘z otasini о‘ldirib о‘z onasiga uylanganini aniqlaydi. Bu holat hatto bugungi filmlar uchun ham juda jiddiy mavzudir.
Demak, bemalol uyalmasdan ziyofatni qabul qilavering. Dramaning bu shiddatli unsuri kamida ikki yarim ming yoshdadir. U dramaning yuragi bо‘lmish qadimgi yunon tragediyasidan olib chiqilgan.
IKKINCHI QISM. FILM ENERGIYASINING TARKIBIY UNSURLARI
DRAMATIK HOLAT ILOJSIZ HOLATLARDAN CHIQA OL
Adabiyot har doim inson faolligining xilma-xil, cheksiz kо‘p kо‘rinishlarini muhokama qiladi: orzu qiladi, kuzatadi, reja tuzadi, hayotning nozik iforlarini his qiladi, xayolan ming yilliklarni va qamrab bо‘lmas fazolarni quchadi.
Dramani insoniy faoliyatlar orasidan avvalo shu yerdagi va ayni shu paytdagi dramatik holatda nima bо‘layotganligi qiziqtiradi. «Shu yer» va «ayni shu payt» nima ekanligini tushuntirish shart emas. «Dramatik holat» degani nima о‘zi? Bu qahramonning shunday holatiki, unda atrof-muhitdan bо‘ladigan bosim qahramonning xarakteri imkoniyatlaridan kuchliroq bо‘ladi. Sodda qilib aytganda, bu insonning noiloj qolgan holatidir. Faqat mana shu narsa filmning barcha yaratuvchilarini tom ma’noda bir joyga tо‘playdi. Shu yerdagi va ayni shu paytdagi noilojlik. Mana shu narsa «dramatik holat» deyiladi.
Garchi adabiyotda ruhning sirli hayotiy jarayonini bayon qilishning undanda nozik va murakkab ifodalari mavjud bо‘lsada, u inson faolligining boshqa barcha turlari ustidan mutlaq g‘alaba qildi. Misol tariqasida Joysning «Ullis»idagi «anglash oqimi»ni olib kо‘ramiz. U bilan qiyoslaganda drama inson ruhini kо‘rsatishning qо‘pol va jо‘n shakliga о‘xshab qoladi. Prozada qahramonning orzulari va tafakkuri uning xatti-harakatlari bilan uzviy qо‘shilib ketadi, xotira sizni bir onda 20 yil orqaga, boshqa mamlakatga kо‘chirib boradi va о‘sha paytning о‘zida 10 yil oldinga, xayoldagi kelajak olamiga olib ketadi.