Кинода режиссура ва драматургия. А. Митта

Читать онлайн.
Название Кинода режиссура ва драматургия
Автор произведения А. Митта
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978–9943–4497‒2‒5



Скачать книгу

muhimki, bu oddiy sxemaning har uchala qismi uzilish bilan bog‘liqdir. Ular bir-biriga bir tekis о‘tmaydi, balki gо‘yoki siniq chiziqlardan tuzilganga о‘xshaydi. Baxt mavjud edi, bexosdan u vayron bо‘ldi. Nimadir sodir bо‘ldiki, uni baholash lozim.

      «Bexosdan» – dramatik hikoya uchun juda muhim sо‘zdir. U ehtiros bilan javob qaytarishga hamma narsadan kо‘ra yaxshiroq vositachilik qiladi. Nima uchun shunday bо‘lishini biz endi bilamiz. Chunki «bexosdan» stress bilan bog‘liq. Har bir «bexosdan» kichkina bir stressdir. U esa bizning diqqatimizni hamma narsadan kо‘ra yaxshiroq jalb qiladi va biz shu onning о‘zidayoq qо‘zg‘alishga butun tuyg‘ularimiz bilan tо‘lig‘icha javob qaytaramiz.

      PERIPETIYALAR VA KATARSIS

      Shu paytgacha biz peripetiyalarning amaliy foydasi haqida gapirdik. Agar dramaning bu muhim elementi faqat amaliy mazmungagina ega bо‘lsa, g‘alati hol bо‘lardi. Peripetiyalarni о‘ylab topgan qadimgi yunonlar ashaddiy pragmatiklar emas edi. Ularni qiziqtirgan har bir narsa hayot sirlari bilan bog‘lanib ketuvchi qandaydir yashirin ma’noga ega edi.

      Dramaning sehirli ta’sir kо‘rsatishining siri, albatta, birinchi navbatda, uning katarsis – azob-uqubatlarga, g‘am-anduhlarga hamdardlik qilish orqali poklanishni vujudga keltirish xususiyatidadir. Gans Sele, balki bu yerda hech qanday sehirgarlik yо‘q, faqat stressni foydali imitatsiyasi mavjud, deyishi mumkin. Fiziologik jihatdan u haq. Ammo umid qilamanki, har biringiz yunonlar «poklanish» – katarsis deb atagan san’at orqali uyg‘otiladigan bir vaqtning о‘zida paydo bо‘luvchi sehirli quvonch va alam tuyg‘usini tuygan bо‘lsangiz kerak. Agar tuymagan bо‘lsangiz, unda siz uchun hech qanday umid tug‘dirmaydigan mashg‘ulot bо‘lmish kino san’atini nega kasb qilib tanlaganingizni tushunolmayman. Ishlari gullab-yashnayotgan savdo xodimlari oldida bizni oqlovchi eng asosiy narsa shuki, boshqa hech bir narsa bizga bunday qisqa fursatli sehrgarlikka yondashishdek xayoliy baxtni bera olmaydi.

      Dramaning sirli oliy mazmuni, shuningdek, dramatik peripetiyalarda ham mavjuddir. Unda inson ruhining ajablanarli xususiyati bо‘lmish kо‘tarinkilik va tushkinlik, ijodiy faollik va sustkashlikning almashinuvini his etish tuyg‘usi aks etadi.

      Kompozitor Shnitke menga film uchun bergan intervyusida shunday degan edi: «Men, nega ba’zan hamma savollarga bir onda javob topa olishimni, kutilmaganda bu qobiliyat meni tark etishini va umidsiz parishon ahvolda qolishimni tushunolmayman. Ba’zan bu parishonlik bir asar ichida sodir bо‘ladi. Bir safar hayotimning ikki yilini boshlangan asarimni tugatish uchun samarasiz urinishlar bilan о‘tkazganman. О‘nlab variantlarni qilib kо‘rganman. Ular boshqa asarlar uchun hayot bag‘ishlagan-u, ammo asosiy asar uchun foydasiz bо‘lgan».

      Bu geniyning, qalbi san’atdagi cheksiz imkoniyatlardan tо‘qilgan kishining e’tirofidir. Agar bu sо‘zlar ijod sirlariga yondashish bо‘lmasa, nima u?

      Ijodiy energiyaning bunday tо‘lib-toshishi hammaga ma’lum narsa. Ular gо‘yoki о‘z-о‘zicha paydo bо‘ladi va hech bir sababsiz paydo bо‘lgan loqaydlik bilan almashinadi. Dramatik peripetiya, hech narsani tushuntirib о‘tirmasdan, bu voqeaga shakl beradi, shakl esa – bu bizning barcha sa’y-harakatlarimiz intilgan narsadir. Agar shakl bо‘lmasa – san’at ham bо‘lmaydi. Drama ruhiy ta’sirining siri uning oddiy tuzilmalaridadir. Buni Fridrix Nitssheday dramaning chuqur tahlilchisi allaqachon fahmlagan edi: «Fojiaviylik tuyg‘usi hissiy idrokning yuksalishi va pasayishi bilan oshib va susayib boradi».

      Falsafa geniysining diqqati drama mexanizmining mohiyatiga kirib bordi va u yerda katarsis tomon yо‘lning konstruktiv rivojlanish tamoyilini topa bildi.

      Yaxshi, biz katarsisni orzu qilamiz. Bilamizki, u, umuman olganda, erishib bо‘ladigan narsa. Ammo unga qanday erishish kerak?

      Javobimni sezgan bо‘lsangiz kerak… Ha. Dramatik peripetiyalar yо‘li bilan. Ular hamma narsadan kо‘ra bizning hissiyotlarimizni ishonchliroq qо‘zg‘atadi va bizni dramaning kulminatsiya yuksakligiga, chо‘qqisiga olib boradiki, u yerda bizni biz istagan katarsis qarshi oladi. Agar sizda kuchli peripetiyalarning yaxshi zaxirasi bо‘lmasa, unda katarsisni esdan chiqaring. Bu maqsad bir zarb bilan qо‘lga kiritilmaydi. Peripetiyalar xuddi buqalar jangidagi nayzaga о‘xshaydi. Faqat torero (buqa bilan jang qiluvchi) ular bilan buqaning yelkalarini to‘ldirib sanchib tashlagach va buqa qutirganidan keyingina oxirgi zarbani berish mumkin.

      Bizlar – filmning yaratuvchilari – bu torero. Buqa esa – biz katarsis uchun tayyorlayotgan drama.

      Gogolning kichkina «Shinel» qissasida bu «hissiy idrokning yuksalishi va pasayishi» qay tariqa tuzilganligiga nazar solaylik.

      Birnchi satrlardanoq dramatik holat tasvirlanadi: qahramonning – kichik mansabdor Bashmachkinning shineli juda eskirib qoladi. Bashmachkinga izg‘irin va shamol xavf soladi. Peripetiyada baxtsizlikka tomon harakat boshlangan.

      Bashmachkin shinelini yamamoqchi bо‘ladi, ammo u yirtilib-titilib ketadi. Qahramonni sovuq qiynaydi, unga kasallik xavf soladi. Pog‘onama-pog‘ona u umidsizlikning eng sо‘nggi chegarasiga tushib boradi.

      Butunlay noiloj ahvolga tushib qolgach, uning qalbida qahramonlik qilish niyati tug‘iladi. U yarim yil davomida pul jamg‘aradi va yangi shinel tiktiradi.

      Baxt sari harakat boshlandi. U sahnama-sahna qat’iy bir yо‘nalishda: bir baxtdan ikkinchisiga, undanda kattaroq baxtga tomon intiladi.

      Boshida, yetishmovchiliklar va baxtsizliklar orasida, birgina kelajakdagi baxt haqidagi orzu qahramon qalbini qizdiradi. U xuddi bayroq singari uni g‘alabalar sari yetaklaydi.

      Nihoyat u g‘alaba qildi – shinel tikildi. Ammo bu narsa – issiqlik bag‘rida bо‘lish – tо‘kis baxtmikan?

      Peripetiyalar qahramonni oxirigacha – tо‘kis baxtgacha olib borishi kerak. Gogol ham bizni bosqichma-bosqich yanada yuksaklikka olib chiqadi. Bashmachkin, xizmatdagi eng sо‘nggi deb hisoblangan odam, bexosdan о‘zini hurmat qilish darajasiga erishadi. U о‘z departamentida kun qahramoniga aylanadi. Umrida birinchi marta xizmatdoshlari unga e’tibor qiladilar. Buni shinel qiladi.

      Ammo peripetiyalar Bashmachkinni baxt og‘ushi sari yuksaklikka tortadi. Devon boshlig‘ining о‘zi uning sharafiga qabul marosimi tashkil qiladi. Bashmachkindagi sо‘nib qolgan tuyg‘ular jonlanadi, u о‘zini erkakday his qila boshlaydi.

      Endilikda u yolg‘iz ham emas – shinel uning birdan-bir dо‘sti bо‘lib qoladi. U, xuddi sevikli yor singari, uni issiq bag‘riga oladi. U birinchi marta hayotdagi tо‘kis baxtni his qiladi. Kambag‘al amaldor uchun bularnig barchasi baxtning mumkin bо‘lgan eng yuqori chо‘qqisi edi.

      U baxt chо‘qqisiga erishganida bexosdan peripetiyalar buziladi va hammasi rasvo bо‘ladi. Qanday qilib?! Dahshat!

      Bashmachkinni tunab ketishadi. U yana bir о‘zi, sovuq urayapti. U g‘am-anduhda. Qahramon shineldan ayriladi va «baxtsizlik sari» peripetiya bо‘yicha umidsizlik qa’riga qulaydi.

      Ammo bu hali tо‘liq baxtsizlik emas. Bu baxtsizlik sari harakatning boshlanishi. «Baxtsizlik sari» peripetiyasi qahramonni tо‘liq mag‘lubiyat sari sudraydi.

      Keyingi bosqich – amaldorlarning loqaydligi uning yо‘qolgan sevgilisini topish uchun qilgan urinishlaridan noumid qiladi. «Umidsizlik sari» peripetiya chizig‘i oxirigacha chizilgan edi.

      Birdaniga yangi peripetiya yuzaga keladi. Peterburgda Qasos ruhi paydo bо‘ladi. Bashmachkin fantastik figura kо‘rinishida dramani о‘zining juvonmarg qilingan afsonaviy baxti uchun qasos sari yuqori kо‘taradi. Mana shunda kulminatsiya va katarsisga yetib kelinadi.

      Siz bu kichik durdona asarni о‘qimoqdasiz. Hammasi shunchalik tabiiy, shunchalik jonli. Ishonish qiyin, bir yarim asrdan sо‘ng ham bu asar nozikligi, kinoyalari, dunyo bechorahollariga rahmu shafqati bilan bizni ta’sirlantiradi. Biz hissiyotlarimiz oddiy dramatik peripetiyalarning aniq yо‘llanmalariga kо‘ra paydo bо‘layotganini va rivojlanayotganini aslo payqamaymiz. Turli-tuman, umidlari va baxtsizliklari, kundalik g‘amgin tashvishlari va kutilmagan bayramlari bо‘lgan kо‘p kishilik va yolg‘iz sahnalari bir-birining