Название | Заҳарли газандалар |
---|---|
Автор произведения | Я. Давлатов |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-4113-6-4 |
Zaharda presinaptik neyrotoksin – orientotoksin mavjud bo‘lib (M-18 000), lizofosfolipaza aktivligiga ega. Ari zaharida gistamin va asetilxolinni bo‘lishi chaqqan joyida qattiq og‘riq paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Qon tomiriga yuborilganda zahar gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Bunday holatni qisman zahardagi biogen aminlar va asetilxolin ta’siri bilan izohlash mumkin.
Qovoqari (V.arientalis) zaharidan ajratib olingan fosfolipaza (A2 M-16000), o‘zining N uchini ketma-ket kelishi bo‘yicha asalari zaharidagi fosfolipazadan ancha farq qiladi. Zahardagi keng spektrli gidrolitik fermentlar uning sitotoksik xossasini belgilaydi. Bunday holat sklet muskullarida, buyrak hamda gipotositlarda, eritrotsitlarda va mitaxondriyada kuzatiladi. Qovoqari zaharida gistamin bilan asetilxolinni birga bo‘lishi zahar kirgan joyda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qovoqari zaharida, shuningdek, giperglikemiya omili mavjud bo‘lib, qizdirilganda inaktivatsiyaga uchraydi va qonda qandni ko‘payishiga olib keladi. Qon tomiriga yuborilgan zahar gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, periferik qarshilikni pasaytiradi, yurak tepishi va nafas olishni kuchaytiradi. Bunday holatni qisman zahar tarkibidagi biogen aminlar va asetilxolinnig mavjudligi bilan izohlash mumkin.
Qovoqari zaharidagi peptidlar bulutsimon hujayralarga ta’sir etib, u yerdan gistaminni bo‘shatadi. Ana shu peptidlar mastoparanlar deb nomlanib, ta’siriga ko‘ra asalari zaharidagi MCD-peptidiga o‘xshaydi. Mastoparanlarning V.orientalis va V.crabro zaharida mavjudligi aniqlangan, oxirgisida esa boshqa bir peptid – krabralin topilgan: I-N-LK-A-I-A-A-L-V-K-K-V-L-NH2 qovoqari (Vespa orientalis) zaharidagi mastaparan; L-N-L-K-A-L-L-A-V-A-K-K-I-L-NH2 qovoqari (V. crabro) zaharidagi C mastaparan; F-L-P-L-I-L-R-K-I-V-T-A-LNH2 qovoqari (V. crabro) zaharidagi krabrolin.
Mastoparinlar gemolitik xossaga ega va mitaxondriyada oksidlovchi fosforlanish jarayonini uzib qo‘yadi.
Yaydoqchi gabrobrakon (Habrobracon hebetor). Brakonidalar oilasi vakili hasharotlar lichinkalarida parazit hayot kechiradi, ko‘pincha tangachaqanotlilar qurtida ana shunday parazitlik qiladi. Endofag brokonidlar erkin harakat qiladigan yoki vaqtinchalik falaj bo‘lgan xo‘jayinlarda yashaydi, egzofaglar esa aksincha o‘ljasini to‘laligicha yoki uzoq muddatga shol qilib qo‘yadi. Gabrobrakon urug‘i esa ikkinchi guruhga taalluqli bo‘lib, qishloq xo‘jaligi bosh zararkunandasi hisoblangan paxta qurti lichinkasiga qiron keltiradi. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda u o‘simliklarni himoya qilish bobida biologik qarshi kurash metodi hisoblanadi. Gabrobrakon, shuningdek, tangachaqanotlilarning boshqa turlarida, jumladan, zararkunanda parvona kapalagida ham parazitlik qiladi, gabrobrakonni ko‘p miqdorda ko‘paytirganda ana shundan foydalanadilar. Yaydoqchi odatda tirik qurtlarga hamla qiladi, laboratoriya sharoitida aniqlanishicha, gabrobrakon boshqa yaydoqchilar tuxum qo‘ygan qurtlarga ham o‘zi tuxum qo‘yadi.
Zaharning aktiv komponenti oqsil M-41 000 (komponent A) va 87 000 (komponent V), bular o‘ljani shol qilish aktivligini 85 foiz ta’minlaydi. Zahar oqsillari o‘ta beqaror va tez denaturatsiyaga uchrashi mumkin. Zahar va uning komponentlari presinaptik ta’sir ko‘rsatadi. Zahar, shuningdek umurtqalilarning xolinergik sinapslariga o‘rgimchak va qisqichbaqasimonlarning glutamatergik sinapslariga ta’sir etmaydi.
Zaharning ta’sir etishida biologik turlar aro o‘ziga xoslik mavjud, masalan, parvona kapalagining lichinkasi E.kuchniella zaharlangandan so‘ng bir necha xafta davomida shol bo‘lib yotadi, E.figulilella zahar ta’siridan tez oyoqqa turib ketadi. Ostrnia nubalis esa zahardan mutloqo ta’sirlanmaydi.
Zaharli chumolilar. Chumolilar jamoa bo‘lib yashaydigan pardaqanotlilar oilasiga kiradi, 10 000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Chumolilarda ham xuddi asalarilar oilasidagi kabi urg‘ochis,i erkagi va ishchilari bo‘ladi. Boshi juda yirik, jag‘lari baquvvat bo‘ladi. Erkak va urg‘ochi chumolilar faqat ko‘payish uchun parvoz qilgan davrida qanoti bo‘ladi. Ishchi chumolilarning qanoti bo‘lmaydi. Ular ko‘payish qobilyatini yo‘qotgan bo‘lib, faqat uya qurish, ozuqa yig‘ish, qurtlarini boqish bilan band bo‘ladi.
Ishchi chumolilar orasida eng yiriklari himoya qilish vazifasini bajaradi. Ishchilari jig‘ildonida chala hazm bo‘lgan ozuqa bilan qurtlar, navkarlar va ona chumolini oziqlantiradi. Bundan tashqari, ishchi chumolilar o‘zaro oziq almashinib turadi. Shuning uchun bitta chumoli topgan oziq barcha oila a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ko‘pchilik chumolilarning chaquvchi nayzasi ham bo‘ladi.
O‘rmon sariq chumolilari oilasi qulay sharoitda 90-100 yil yashaydi. Lekin bu davrda oilada urg‘ochi va ishchi chumolilar ko‘p marta almashinadi, ona chumolilar 15-20 yil, ishchi chumolilar 3 yil umr ko‘radi. Har qaysi chumoli oilasida bir necha million chumoli bo‘ladi. Bahorda tuxumdan chiqqan birinchi avlod lichinkalaridan faqat qanotli urg‘ochi va erkak chumolilar yetishib chiqadi. Ular 2-3 haftadan keyin uyadan bir vaqtda uchib chiqadi, havoda quyiqlashadi va yangi oilaga asos solishadi. Bundan keyingi tuxumlardan esa faqat ishchi chumolilar yetishib chiqadi.
Chumolilarning zaharli quroli har xil bo‘ladi, ba’zilarida nishi bo‘lsa, boshqalarida hech qanday sanchadigan yoki chaqadigan moslamasi bo‘lmaydi. Nishi mavjud bo‘lganlari qovoqari yoki asalari kabi nashtar uradi. Nishi bo‘lmagan chumolilar bezidagi zaharni dushmaniga purkaydi. Chumoli zaharining tarkibi asosan suv va chumoli kislotasi (CH2O2) dan iborat, uning miqdori 1,25 foiz (63-65 foiz suv bilan birga), shuningdek efir moyi (1 foiz), 20 dan 5 foizgacha NH2 va 17 foizgacha aminokislotalar tashkil etadi.
Chumolilarning ko‘pchilik turlari odamlarga foyda keltirgani uchun ham ayrim mamlakatlarda ularni qo‘riqlash haqida qonun chiqarilgan, shunga qaramasdan ba’zi bir turlari xonadonlarga bostirib kirib ancha ziyon yetkazadi. Bular asosan tropikada tarqalgan bo‘lib, ko‘chmanchi odamlar bilan birgalikda yangi yerlarga tarqaladi. Va nihoyat ba’zi birlari ya’ni nashtar bilan ta’minlangan vakillari J. Amerika va Avstraliyada yashaydi. Ularning zahari qovoqari va asalarilar kabi yaxshigina og‘riq chaqiradi. Poliarktikaga tarqalganlarining chaqishi unchalik xavfli emas.
Furmosidlar oilasiga mansub chumolilarning chaqishidan ilgari zamonlarda revmatizm kabi xastalikni davolashda foydalanganlar.
Biroq ana shunday chumolilar himoyasiz odamga xujum qilganida va butun badanini tishlab tashlaganda va zaharlaganda bemorning ahvoli og‘ir bo‘lishi mumkin. Masalan, J. Amerikada shunday voqea sodir bo‘lgan. Dala sharoitida besh haftalik chaqaloqni onasi chumoli ini yaqinida uxlatib utni ustiga yotqizib ketgan. Himoyasiz chaqaloqqa son-sanoqsiz chumolilar galasi hujum qilib uni talagan, ko‘z, og‘iz, burun, quloqlariga kirib chaqib tashlagan. Organizmning umumiy zaharlanishi oqibatida go‘dak halok bo‘lgan.
Ma’lumki, timsohlar tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payadi. Bunday tuxumlarga qiron keltiradigan dushmanlar ham, ya’ni yirtqich hayvonlar ham bisyor. Bu borada chumolilar ham jiddiy kushandalardan hisoblanadi. Tuxum pardasidan ozod bo‘lishga intilayotgan jajji timsohchalarga chumolilar galasi hujum qilib bir necha daqiqalar ichida uni yeb qo‘yadi. Shuning uchun ham ona timsohlarda nasl uchun qayg‘urish xususiyati yaxshigina rivojlangan, ya’ni tuxumdan chiqishga qiynalayotgan bolalariga onasi yordamga keladi va bolalarini avaylab og‘zida tishlaganicha xavfsizroq joyga ko‘chiradi.
Bitlar (Anoplira). Odam va sutemizuvchilarning tashqi terisida yashaydigan mayda (6 mm gacha) parazitlarni birlashtiradi. Bitning yon tomonida ikkita sodda ko‘zi, ko‘kragida 3 juft oyog‘i bor, 200 ga yaqin turi mavjud. Bitlar so‘ruvchi hasharotlarga kiradi. Ularning og‘zida joylashgan a’zolari xo‘jayinni qalin terisini teshib qonini so‘rishga moslashgan. Og‘iz qismi sanchuvchi ninaga aylangan. Qonni so‘rish jarayonida qizilo‘ngachining oldingi qismi kengayadi va nasos singari ishlaydi. Yaxshigina rivojlangan so‘lak bezlaridan chiqadigan suyuqlik qonni ivishiga qarshilik ko‘rsatadi. Odamda parazitlik qiladigan bosh biti (Pediculus humanus) ikkita formada uchraydi: P.h.capitis va P.h.vestimenti (kiyim biti). Qov biti odamning badanidagi junli joylarda (boshdan tashqari), shuningdek soqol, qosh va hatto kipriklarda ham bo‘ladi. Erkagi 1 mm, urg‘ochisi 1,5 mm kattalikda bo‘ladi. Bosh biti 140 tacha, kiyim biti 300 ga yaqin, qov biti 50 tacha sirka (tuxum) qo‘yadi. Sirkasi uzunchoq bo‘lib, qattiq qobiq bilan qoplangan. U shilimshiq modda yordimida sochga yoki kiyimga yopishib turadi. Sirka