Название | Заҳарли газандалар |
---|---|
Автор произведения | Я. Давлатов |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-4113-6-4 |
Melittin mazkur zaharning asosiy zaharli komponenti hisoblanadi, u polipeptid bo‘lib, molekula og‘irligi 12000 dan 24000 gacha va 26 aminokislota qoldig‘idan iborat.
Melittin tarkibi bir qancha farmakologik xossalarga ega. U eritrotsitlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eritadi, qon bosimini vaqtinchalik pasaytirib qo‘yadi. Alohidalangan ingichka va ko‘ndalang yo‘lli muskullarni qisqartiradi, qonning ivish muddatini uzaytiradi, qon hosil qiladigan a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir etmaydi.
MCD-peptid 22 ta aminokislota qoldig‘idan iborat bo‘lib, uning molekulasi 2 ta disulfid bog‘ bilan ta’minlangan: H2N-I-K-C-N-CK-R-H-V-I-K-R-H-I-C-R-K-I-C-G-K-N-CONH2.
MCD-peptid melittinga qaraganda 10-100 karra aktivroq bo‘lib,bulutsimon hujayralardan gistaminni chiqazib oladi. Shuningdek, mazkur peptid yallig‘lanish xastaligiga qarshi ta’sir ko‘rsatadi,uning aktivligi gidrokartizonga qaraganda 100 barobar kuchliroqdir.
Apamin – oktadekapeptid, neyratrop ta’sir ko‘rsatadi. 18 ta aminokislota qoldig‘idan tashkil topgan: H2N-C-N-C-K-A-P-E-N-A-KC-A-R-R-C-Q-Q-H-CONH2.
Apaminni sichqon qon tomiriga yuborilganda (LD50) ko‘rsatgichlar birmuncha past – 4 mg/kg. Biroq miya qorinchasiga yuborilganda qoning zaharli xossasi 1000-10 000 karra ortadi.
Tertiapin va sekapin zaharning minor komponentlari: tertiapin 21 ta aminokislota qoldig‘idan iborat: H-A-L-C-N-C-N-R-I-I-I-P-H-M-C-K-K-W-K-K-C-G-K-K-NH2.
Nemis olimi E.Xaberman va boshqalar melittinni sintiz qilishga erishdilar. U barcha xossalari bilan tabiiy melittindan qolishmas edi. Shuningdek, melittinni nurlanish kasaliga qarshi xossasi ham aniqlangan.
Zaharning ikkinchi fraksiyasi kamida ikkita komponent aralashmasidan iborat bo‘lsa kerak. Unda gialuronidaza va fosfolipaza A va B fermentlari topilgan. Gialuronidaza biriktiruvchi to‘qimaning asosiy moddasini parchalab organizmda zaharning tarqalishini ta’minlaydi. Fosfolipaza A ning 2-fraksiyasida topilgan ikkinchi ferment to‘yinmagan yog‘ kislotasini ajratib tashlab, lizolesitinni hosil qiladi, ya’ni zararsiz birikma bo‘lmish lesitinni biologik aktiv modda – lizolesitinga aylantiradi.
So‘ngi yillarda asalari zaharining ayrim komponentlarining kimyoviy tarkibi va biologik aktivligi haqida yangi ma’lumotlar olindi. Asalari zaharidan apamin degan peptid ajratib olindi. O‘ziga xos ravishda ta’sir etadigan apamin 18 ta aminokislota qoldig‘idan iborat. Ma’lum bo‘lishicha, quruq zaharda 2-3 foiz apamin mavjud, melitinning miqdori esa 20 barobar ziyodroqdir. Qiltomirlarning o‘tkazuvchanligini kuchli ravishda oshirish bilan birga bu peptid qon tomiriga yuborilganda markaziy asab tizimiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir etadi.
Shuningdek, bir guruh nemis olimlari asalari zaharida MCD-peptid topdilar, u 22 aminokislota qoldig‘idan iborat peptid alohidalangan bulutsimon hujayralardan gistaminni ajratish xususiyatiga ega. Bu borada u melittinga qaraganda 100 karra faolroq ekan.
Ana shu zahardan boshqa bir peptid – minimin ajratildi, uning miqdori 3 foizga yaqin, molekula og‘irligi 6000, tarkibida odatdagi barcha aminokislotalar mavjud.
Paxmoq arilar (Bombus). Asalarilar bilan bitta oilaga kiradi, bir yillik oila tuzib yashaydi, urg‘ochi ona ari uya quradi va mayda uncha rivojlanmagan urg‘ochilar bilan ana shu oilani tashkil etadi. Yoz faslining ikkinchi yarmida erkaklari va yosh urg‘ochilar – uya asoschilari qishlaydilar, ya’ni daraxtda in qurib yashaydilar. Ular qishloq xo‘jaligi va o‘rmon o‘simliklarini yaxshigina changlatuvchilari hisoblanadi. Yevroosiyo hududida 125 ta turi uchraydi.
Paxmoq arilar asalari yoki qovoqariga qaraganda anchagina yovvosh hisoblanadi. Uning chaqishi va organizmning zaharlanish belgilari asalari zahariga o‘xshaydi. Ari yakka holda chaqqanda odam uchun unchalik xavfli emas, chaqqan joyi shishadi va og‘riq paydo bo‘ladi va tez kunda o‘tib ketadi.
Paxmoq arilar barcha hududlarda son jihatidan juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, zaharining kimyoviy tarkibi yetarli darajada o‘rganilmagan. Zaharda fosfolipaza A va B, gistamin, asetilxolin va serotoninlar mavjud.
Tajribalarda zaharini hayvon qon tomiriga yuborganda (100 mg/ kg) gepotenziv reaksiya chaqiradi, atropin va demidrollar bilan u qurshab olinadi. Kattaroq doza (500 mkg/kg) yuborganda esa zaharning kardiotrop ta’siri alohidalangan yurakka past konsentratsiya (10-8-10-7 g/ml) da sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Filant yoki asalari bo‘risi (Philantus triangulum). O‘rtacha kattalikdagi ari, bo‘yi 17 sm gacha. Yerda bir metrcha chuqurlikda in quradi, urg‘ochisi kattaroq, tanasi tuklar bilan qoplangan, qorin tomoni sariq rangda. Asalarilarni ovlaydi, ba’zan xo‘jalikka katta ziyon yetkazadi. Filant asalariga aniq nashtar uradi va uni shol qilib qo‘yadi. So‘ngra o‘lja tanidagi asalni siqib chiqaradi va mayda-mayda asal tomchilarini yalab chiqadi. Bolalarining ozuqasi asosan oqsildan iborat, ularga asal bermaydi, chunki asal zaharli ta’sir etib halok qilib qo‘yadi. Gap shundaki, filant bolalarida asal tarkibidagi karbon suvlarini parchalaydigan fermentlar shakillanib bo‘lmagan, shuning uchun ham filant g‘umbaklari asalni hazm qila olmasdan halok bo‘ladi.
Filantni chaqishi tasodifan ro‘y beradi, masalan, asalari boquvchilarni ko‘pincha qo‘lini chaqadi. Arining nishi botgan joyda ozgina og‘riq paydo bo‘ladi. Asalari chaqishiga qaraganda anchagina yengil o‘tadi. Asalarichilar qo‘rqmasdan filantni qo‘li bilan ushlaydi, chunki arining nozik nishi odam qo‘li kafti terisini tesha olmaydi.
Filant zahari tarkibida asetilxolin, glutomat va uchta toksin – filantotoksinlar A, Б, В mavjud. A va Б filontotoksinlarning molekula og‘irligi 243 va 435. Filantning toza zahri presinaptik hamda postsinaptik darajada bo‘g‘ib qo‘yish xususiyatiga ega. Zaharning postsenaptik ta’siri Б-felantoksin bilan bog‘liq. A-filantoksin ishchi asalarini shol etmaydi, lekin Б va В toksinlarning faoliyatini kuchaytiradi. В-filantoksin umurtqali va umurtqasizlar ion kanallarining xolinergik sinapslariga ham blok ta’sir ko‘rsatadi.
Qovoqari (Vespa o‘rientalis). Arilar orasida eng yirigi qovoqari – shershen, urg‘ochisining bo‘yi 3,5 sm. Shershen asosan hasharotlar bilan shuningdek, daraxtlar yaralangan joyidan oqadigan shira bilan oziqlanadi. Shershen nashtar urganda yaxshigina og‘riq beradi, nafas qisadi. Turkmanistonda tarvuz yeb turgan bolani tilidan ari chaqqan, tili shu qadar shishib ketadiki u og‘iz bo‘shlig‘iga sig‘may qoldi. Qattiq og‘riq, bosh aylanish, nafas qisish, xushidan ketish kabilar yuz berdi, bolaning baxti bor ekan, tuzalib ketdi. Amerikaning Raybich degan kurort zonasida shershen 50 yoshlar chamasidagi ayolni bo‘ynidan chaqib oladi. Qattiq og‘riq, bosh aylanish alomatlari paydo bo‘ladi, bo‘yni tez shishib ketadi. Tez yordam mashinasi kelib ulgurmasdan 30 daqiqadan so‘ng ayol hayotdan ko‘z yumadi. Arining bunday zahar solishidan halok bo‘lganlar tez-tez uchrab turadi.
Arilarning zaharli apparatining tuzilishi umuman olganda asalarilarnikiga o‘xshash bo‘lsa-da, lekin nishining va zaharli bezining tuzilishiga ko‘ra anchagina farq qiladi. Nishi asalarinikiga qaraganda uzunroq, yirikroq, qilichsimon shaklda va ikki yonboshida arra tishlari bo‘lmaydi. Demak, ari odamni chaqqanda ham halok bo‘lmaydi. Zaharli apparati kislotali va ishqorli bezlardan iborat. Zaharli bezlar barcha ari turlarida deyarli o‘xshash, faqatgina uzunligi va rivojlanish darajasi bilan farq qiladi.
Qovoqari zahari tashqi ko‘rinishidan asalari zahariga o‘xshasa-da, kimyoviy jixatdan farq qiladi. Qovoqari zahari tiniq och sarg‘ish rangli suyuqlik, uncha yopishqoq emas, ta’mi achchiq. Zahari kislotali reaksiyaga ega, tarkibida 80 foizgacha suv bo‘ladi. Zahar tarkibiga gistamin 5 gidrooksitriptamin, erkin aminokislotalar va turli oqsillar kiradi. Qovoqari zahrida xususan asetilxolin fermentlaridan gialuronidaza, xolinesteraza va fosfolipaza uchraydi. Barcha ari turlari zaharini 100 darajada qizdirilganda aktivligini to‘la-to‘kis yo‘qotadi. Quritilgan zahar uzoq vaqtgacha o‘z aktivligini saqlab qoladi.
Xususan ari yurakka yaqin joydan chaqsa u juda xavfli va ko‘pincha ko‘ngilsiz natijaga olib keladi. Shunga o‘xshash ma’lumotlar tez-tez uchrab turadi. Zaharga qarshi ishlatiladigan barcha dori-darmonlar orasida ari chaqqan joyga muz qo‘yish eng yaxshi natija beradi. Muz shishni qaytaradi zaharlanish jarayonini birmuncha barqarorlashtiradi, ya’ni zaharning organizmga tarqalishini juda ham sekinlashtiradi