Название | Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари |
---|---|
Автор произведения | Чарльз Диккенс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-27-701-4 |
O‘NINCHI BOB
OLIVER YANGI O‘RTOQLARI BILAN YAQINDAN TANISHGANI-YU, ZO‘R MASHAQQATLAR BILAN TAJRIBA ORTTIRGANI HAQIDA. MAZKUR BOB HIKOYATIMIZDAGI QISQA, AMMO NIHOYATDA MUHIM FASLDIR
Oliver dastro‘molchalardagi belgi hamda tamg‘alarni so‘kib (ularni ko‘plab keltirishardi), goho esa ikkala bola bilan juhud har kuni ertalab mashg‘ul bo‘lishadigan yuqorida tasvirlangan o‘yinda ishtirok etib, talay kunlargacha ostona hatlab cholning xonasidan tashqari chiqmadi. Nihoyat, u ochiq havoga chiqishni qo‘msay boshladi va keksa jentlmendan ikkala o‘rtog‘i bilan birga ishga borishga ruxsat berishini bir necha bor iltijo qildi.
Oliverning tezroq ishga kirishishga yana shuning uchun ham sabri chidamayotgan ediki, u keksa jentlmenning badfe’l, ayni chog‘da saxovatli odam ekanini bilib olgandi. Mabodo, Tullak bilan Charli Beyts ikki qo‘llarini burnilariga tiqib quruq kelishsa, chol kuyib-pishib, bekorchi xo‘jalik va sandiroqlab yurish eng yaramas odat, deb va’z o‘qir, nonni ter to‘kib halollab yeyish kerakligini uqtirib, kechlikka ovqat ham bermasdi. Bir kuni u hatto ikkovini ham quvib soldi, lekin chamasi, bu qilmishi bilan pand-nasihat bobida quyushqondan xiyla chetga chiqib ketdi.
Axiyri, Oliver jon-jahdi bilan intilgan ruxsatni olishga muyassar bo‘lgan kun ham yetib keldi. Keyingi ikki-uch kun ichida ro‘molcha keltirmay qo‘yishgan va u qiladigan ishi yo‘q, bekor o‘tirar, yeyar-icharlarining ham tanobi tortilib qolgan edi. Ehtimolki, keksa jentlmen xuddi ana shu boisdan rozilik bergandir. Xullasi kalom, u Oliverga ruxsat berib, bolaga ko‘z-quloq bo‘lishni Charli Beyts bilan Tullakka yukladi.
Bolalar uchovlon yo‘lga tushishdi. Tullak odaticha yenglarini shimarib, shlyapasini chakkasiga dol qo‘ndirganicha odimlardi; Beyts qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib olgandi, Oliver esa ikkovlarining o‘rtasida qayoqqa ketayotganlari va o‘ziga birinchi navbatda qaysi hunarni o‘rgatishlari borasida boshi qotib, hayron bo‘lib borardi.
Ular eran-qaran, shoshilmay borishardi, shu sabab Oliver hech qancha vaqt o‘tmayoq, o‘rtoqlarim keksa jentlmenni laqillatishmoqchi, ishga borish xayollarida ham yo‘q shekilli, deb o‘ylay boshladi. Buning ustiga desangiz, Tullakning yomon qilig‘i bor ekan, nuqul bolalarning boshidan shapkasini yulqib olib, hovlilarga qarab uloqtiradi, Charli Beytsning bo‘lsa birovning haqidan sirayam qo‘rqmaydigan odati chatoq ekan, hadeb yo‘lka yoqalab ketgan do‘konchalardan olma, piyozlarni lippa oladi-yu, qurdum cho‘ntaklariga soladi desangiz, cho‘ntaklariyam shunaqangi chuqur va kattaki, nazaringizda kamzuli-yu ishtoni faqat cho‘ntaklardan iboratga o‘xshaydi. Uning bu qilig‘i Oliverga shunchalik yoqmadiki, u qaytib ketaman deyishga endi og‘iz juftlagan ham ediki, ittifoqo, o‘y-xayoli mutlaqo boshqa narsaga chalg‘ib qoldi, negaki, Tullakning xatti-harakati sirli bir tarzda, judayam o‘zgarib qolgandi.
Ular tor hovlidan o‘tib, Klerkenueldagi negadir «Maysazor» deb atalguvchi maydon yaqinidan chiqishlari bilanoq Tullak to‘satdan to‘xtadi-yu, barmog‘ini labiga bosib, o‘rtoqlarini bag‘oyat ehtiyotkorlik bilan orqaga tortdi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi Oliver.
– Jim… – shivirladi Tullak. – Kitob do‘koni oldidagi cholni ko‘ryapsanmi?
– Narigi betdagi keksa jentlmennimi? – so‘radi Oliver. – Ha, ko‘ryapman.
– Bo‘ladi-a? – dedi Tullak.
– Bo‘lganda qandoq! – deb qo‘ydi Charli Beyts.
Oliver ang-tang bo‘lib sheriklarining dam unisiga, dam bunisiga tikilardi, biroq savol berishga ulgurmadi, zeroki, ikkala bola ham zipillagancha ko‘chani kesib o‘tishdi-yu, sharpa chiqarmay hozirgina unga ko‘rsatishgan keksa jentlmenga orqa tomondan yaqinlashishdi. Oliver bir necha odim tashladi, orqalaridan borish yoxud orqasiga qaytishini bilmay to‘xtadi-da, sassiz-sadosiz hayrat-la baqrayib turib qoldi.
Sochiga upa sepilgan, tilla gardishli ko‘zoynak taqqan keksa jentlmenning qiyofasi g‘oyatda salobatli, nuroniy ko‘rinardi. Uning egnida qora duxoba yoqali shisharang frak, och tusli shim, qo‘ltig‘iga chiroyli bambuk hassa qistirib olgandi. U peshtaxtadagi kitobni olib, tikka turganicha, xuddi o‘z xosxonasidagi yumshoq kursida o‘tirgandek, berilib o‘qiyotgan edi. Ehtimoldan yiroq emaski, u haqiqatan ham o‘zini go‘yo xosxonasida o‘tirgan xayol qilayotgandir: butun vujudi bilan berilib ketganiga qaraganda uning na peshtaxtani, na ko‘chani, na bolalarni – qisqasi, o‘qishga sho‘ng‘ib ketgan kitobidan bo‘lak hech nimani payqamayotgani yaqqol ko‘rinib turardi; bir sahifaning adog‘iga yetgach, ikkinchi betni ochardi-da, g‘oyatda qiziqsinish hamda diqqat bilan o‘qishni davom ettirardi.
Tullakning keksa jentlmenning kissasiga qo‘l suqib, undan dastro‘molini sug‘urib olganini, o‘sha zahotiyoq uni Charli Beytsga oshirganini va oxiri har ikkovi ura juftakni rostlab, muyulishdan burilib ketganlarini ko‘rganda bir necha qadam berida ko‘zlari chaqchaygan ko‘yi baqa bo‘lib turgan Oliverning qanchalar dahshat-u xijolatga tushganini asti qo‘yaverasiz.
Bolakayga ro‘molchalarning, soat-u qimmatbaho buyumlarning ham, juhudning ham sir-u asrori bir lahzadayoq ayon bo‘ldi-qo‘ydi. Bir on serrayib turib qoldi, shu tobda qo‘rquvdan tomirlaridagi qon qaynab-ko‘pirib, nazdida, a’zoyi badani naq o‘tda kuyayotgandek bo‘ldi; keyin o‘takasi yorilayozgan, dovdirab qolgan bolakay jonholatda, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, oyog‘ini qo‘lga olgancha qochishga tushdi..
Bularning baribir daqiqa orasida sodir bo‘ldi. Oliver xuddi qochishga tushgan lahzada qo‘lini cho‘ntagiga tiqqan keksa jentlmen dastro‘molini topmay, darhol atrofga alangladi. Qochib borayotgan bolakayga ko‘zi tusharkan, turgan gapki, u jinoyatchi shu, degan xulosaga keldi-yu: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirgancha qo‘lidagi kitobi bilan uning ketidan quva ketdi.
Vahima ko‘targan nafaqat keksa jentlmengina edi. Ko‘cha bo‘ylab yugurishni va bu bilan jamoatning diqqatini tortishni istamagan Tullak bilan Charli Beyts muyulishdan o‘tishlari bilanoq birinchi uchragan darvozaxonaga urib ketishgan edi. Baqir-chaqirni eshitib, Oliverning yugurib ketayotganini ko‘rganlari zahotiyoq nima gap bo‘lganini fahmlashdi-yu, shosha-pisha darvozaxonadan chiqib: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb shovqin ko‘targancha, insof-u diyonatli grajdanlarga munosib tarzda ta’qibga qo‘shilib ketishdi.
Garchi Oliver faylasuflar qo‘lida tarbiya topgan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan o‘z jonini saqlashga tirishish tabiatning birlamchi qonuni, isbotga bemuhtoj ajoyib haqiqat ekanidan bexabar edi. Basharti, u bu aqida bilan oshno bo‘lganida g‘aflatda qolmay, ushbu qonunga amal qilishga tayyor turardi. Biroq bunday choraga tayyor emasdi va shu boisdan ham battar qo‘rqib ketdi; oqibatda u bamisoli quyunday uchib borardi, orqasidan esa keksa jentlmen bilan ikki bola baqirib-chaqirgancha quvishardi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu so‘zlarda sehrli kuch bor. Bu so‘zlarni eshitganda boqqol do‘konini, izvoshchi izvoshini, qassob kanorasini tashlab chiqadi, novvoy non savatini, sutchi sut paqirini, dastyor qo‘lidagi tugunchaklarini, maktab bolasi soqqacha20larini, tosh yotqizuvchi cho‘kichini, bola-baqra volan21ini tashlab, hammalari ayqash-uyqash bo‘lib, oldinma-ketin yugurib qolishadi; bir-birovlarini itarib-surishadi, baqirib-chaqirishadi; muyulishdan burilayotib yo‘lovchilarni yiqitib yuborishadi, itlarning o‘takasini yorib, tovuqlarni garang qilishadi; ko‘cha-ko‘y, maydon-u hovlilarni hayqiriqlar tutib ketadi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu hayqiriqqa yuzlab ovozlar jo‘r bo‘ldi, olomon bo‘lsa har muyulishda ko‘paygandan-ko‘payib boryapti. Xaloyiq loy-ko‘lmaklarni chalpillatib, yo‘lkalarni do‘pirlatib yugurib kelyapti; sharaqlab derazalar ochilyapti, uylardan odamlar otilib chiqishyapti, olomon shitob-la olg‘a intilyapti, tomoshabinlar sarguzashtlari avjga mingan pallada Panch22ni tark etishyapti, jamikilari odamlar oqimiga qo‘shilib, hayqiriqlariga jo‘r bo‘lib, jon-jahdlari bilan: «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini
20
Soqqacha – Angliyada bolalarning sevgan o‘yini.
21
Volan – tennisga o‘xshagan o‘yin, farqi shundaki, unda koptok o‘rnida pat qadalgan po‘kak ishlatiladi.
22
Panch – ingliz qo‘girchoq teatrining qahramoni.