Название | Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари |
---|---|
Автор произведения | Чарльз Диккенс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-27-701-4 |
Ko‘zlagan manziliga yetgunicha qancha qiyinchiliklarga bardosh berishi kerakligini fahmlagunicha u bilan London orasidagi masofa yana to‘rt mildan ko‘proqqa qisqardi. Shunda qadamini picha sekinlatib, u yoqqa qandoq yetib olish xususida o‘y sura boshladi. Tugunchasida bir burda non tegrasi, dag‘al ko‘ylak bilan ikki juft paypoq bor edi. Bundan tashqari, cho‘ntagida bir penni – Oliver ayniqsa o‘zini ko‘rsatgan qaysidir motam marosimidan keyin Sauyerberi sovg‘a qilgan chaqa ham bor edi. «Top-toza ko‘ylak, – o‘yladi Oliver, – ajoyib narsa, innaykeyin, ikki juft yamalgan paypoq bilan bir penni ham; lekin shunday sovuqda oltmish besh mil yo‘l yuradigan odamga bularning nimayam foydasi tegardi».
Oliver, aksar odamlar singari, qiyinchiliklarga chidashga va ularni payqashga favqulodda tayyorligi bilan ajralib turadigan toifadan edi-yu, biroq ularni yengib o‘tish uchun amalga oshirsa bo‘ladigan birorta chorani topishda mutlaqo ojizlik qilib qolardi. Alqissa, u besamara uzoq mushohadadan so‘ng tugunchasini boshqa yelkasiga tashladi-yu, yo‘lini davom ettirdi.
O‘sha kuni Oliver yigirma mil yo‘l bosdi, bu vaqt orasida qotgan nonning cheti bilan yo‘l yoqasidagi hovli eshigi oldida turib so‘rab olgan suvdan bo‘lak tishiga hech nima tegmadi. Qosh qoraygandan keyin u o‘tloqqa burildi-da, pichan g‘arami ichiga kirib, shu yerda tong ottirishga ahd qildi. Oldiniga dilini qutqu bosdi, chunki yalang‘och dalalar uzra shamol uv tortardi. U sovqotar, qorni och va hech qachon o‘zini bu qadar yolg‘iz his etmagan edi. Ammo yuraverib holdan toygani sababli ko‘p o‘tmay uyquga ketib, jamiki iztiroblarni unutdi.
Ertalab nihoyatda sovqotgani, qorni o‘larday ochligidan beixtiyor o‘zi o‘tib borayotgan dastlabki qishloqdayoq pennisini kulchaga almashtirdi. Yana tun kirganida u o‘n ikki mildan ortiq yurmagandi. Tovonlari sirqirab, charchaganidan oyoqlari chalishib keta boshladi. Oradan tag‘in bir kecha o‘tdi, bu kechani u sovuq, zax yerda o‘tkazdi-yu, ahvoli yanada yomonlashdi; ertalab yo‘lga tushganida oyoqlarini arang sudrab bosardi.
U tik tepalik etagida to usti berk pochta aravasi yetib kelgunicha kutib turdi-da, arava sirtida o‘tirgan yo‘lovchilardan xayr qilishlarini tiladi, lekin ulardan bir-yarimlarigina e’tibor berishdi bolaga, bular ham, toki tepa ustiga chiqib olgunimizcha kuta tur, ana undan keyin ko‘ramiz, beradigan yarim penniyimizni tez yetib chiqib, ololarmikansan-yo‘qmikan, deyishdi. Bechora Oliver aravadan ortda qolmaslikka tirishdi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchradi: u nihoyatda charchagan va oyoqlari zirqirab og‘rirdi. Arava sirtida o‘tirgan yo‘lovchilar unga, bir paqirga arzimaydigan yalqov kuchukvachcha ekansan, deyishib, yarim penniliklarini ham kissalariga solib qo‘yishdi. Shunday qilib, arava orqasida faqat chang bulutini qoldirgancha taraqaturuqlab jadallay ketdi.
Ba’zi qishloqlarda ushbu viloyatda tilanchilik qiluvchilarni turma kutishidan ogohlantiruvchi so‘zlar yozilgan kattakon bo‘yalgan taxtalar qoqib qo‘yilgan edi. Har gal shunday yozuvga duch kelganida Oliver judayam qo‘rqib ketar va bunday joylardan tezroq chiqib ketishga oshiqardi. Boshqa qishloqlarda u mehmonxona oldida turib olib, o‘tkinchilarga ma’yus javdirardi; odatda bu hol shu bilan tugardikim, mehmonxona sohibasi yaqinroqda sandiroqlab yurgan aravakashlardan birortasiga bolani haydab yuborishni buyurardi, negaki, beka uni biron nimani o‘marib ketish niyatida deb o‘ylar va bunga amin edi. Mabodo u fermer ostonasiga borib tilansa, o‘ndan to‘qqiz holatda itlarini gij-gijlashardi, bordi-yu, biron do‘konga tumshug‘ini suqqudek bo‘lsa, bidldan so‘z ochishar, shunda Oliverning qo‘rqqanidan og‘zi quruqshab ketardi, ko‘pincha esa uning og‘zida so‘lakayidan bo‘lak hech vaqo bo‘lmasdi-da, axir.
Pirovard-oqibatda, qorovulxonadagi rahmdil qorovul bilan mehribon keksa xonim bo‘lmaganida Oliverning uqubatlari, xuddi onasining iztiroblari singari, tez orada tugar, boshqacha qilib aytganda, u qirollikning katta yo‘lida tappa tashlab, dunyodan ko‘z yumgan bo‘lardi. Ammo qorovulxonada turgan qorovul non va pishloq bilan qornini to‘yg‘azdi, nevarasi kema halokatiga uchrab, allaqaysi olis yurtda yalangoyoq ovorayi jahon bo‘lib yurgan keksa xonim esa sho‘rpeshona yetimchaga rahmi kelib, jindakkina bo‘lsa-da, qurbi yetgan narsasini berdi; eng muhimi, u bolaga shirin, mehrga yo‘g‘rilgan yaxshi so‘zlarni, hamdardlik, hamrozlik tuyg‘ularini hadya etdikim, bu narsa Oliverning qalbiga shu tobgacha chekkan aziyatlaridan ko‘ra chuqurroq tomir otdi.
Ona shahridan chiqib ketganining yettinchi kuni ertalab, oyog‘i oqsab, imillab Barnet shaharchasiga kirib bordi. Deraza qopqoqlari hali taqa-taq berk, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh edi: kundalik yumushlari bilan shug‘ullanmoq uchun hech kimsa uyg‘onmagan edi hali. Quyosh gul-gul yashnab, charaqlab jamol ko‘rsatdi, lekin oftob nuri oyoqlari qonga, hamma yog‘i changga belanib, qandaydir bir eshikning zinasida o‘tirgan Oliverni butunlay yolg‘iz, kimsasiz tashlandiq ekanini yanada kuchliroq his etishga majbur etdi, xolos.
Birin-ketin deraza qopqoqlari ochilib, chiypardalar ko‘tarilib, ko‘chalarda yo‘lovchilar ko‘zga chalina boshladi. Ulardan ba’zilari bir lahzagina to‘xtab, Oliverga qarashar yoxud o‘tib borayotib yo‘l-yo‘lakay qayrilib qarab qo‘yishardi; ammo hech qaysilari unga yordam qo‘lini cho‘zmas, bu yerga qanday kelib qolganini so‘ramas edi. Sadaqa so‘rashga esa uning jur’ati yetmasdi. Xullasi kalom, u hanuz eshik oldida o‘tirardi.
U qovoqxonalarning ko‘pligidan hayron qolib (Barnet shahridagi har ikki binoda kattami, kichikmi tamaddixona joylashgan edi), oldidan o‘tib turgan faytonlarga beparvo tikilib, o‘z yoshiga xos bo‘lmagan jasorat hamda qat’iyat ko‘rsatib bir hafta vaqtini sarflashga to‘g‘ri kelgan yo‘lni bir necha soat ichida bosib o‘tish bu aravalar uchun hech gap emasligi ustida xayol surib, qunishgancha uzoq o‘tirdi. Keyin qo‘qqisdan bir necha daqiqa muqaddam yonidan e’tibor bermay o‘tib ketgan, endi orqasiga qaytib, ko‘chaning narigi betida o‘zini diqqat bilan kuzatayotgan bolaga ko‘zi tushib qoldi. Oldiniga bunga e’tibor bermadi, lekin bola shunchalik uzoq kuzatdiki, axiyri Oliver boshini ko‘tardi-da, u ham bolaning aftiga tikildi. Shunda bola ko‘chani kesib o‘tib, Oliverga yaqinlashar ekan:
– Hoy bolakay! Boshingga nima tashvish tushdi?
– dedi.
Kichik sayyohdan savol so‘ragan bola taxminan tengquri edi-yu, biroq Oliver shu paytgacha uchratgan bolalar orasida bu eng g‘alatisi edi. O‘zi puchuqburun, yapasqi peshona, basharasida yarq etib ko‘zga tashlanib turadigan biron belgisi yo‘q, kir-chir (faqat yosh bolalarninggina shunday ahvolda yurishini tasavvur qilish mumkin) edi-yu, lekin kekkayib, o‘zini xuddi kattalarday tutardi. Yoshiga nisbatan bo‘yi pakanaroq, qiyshiq oyoq, ko‘zlari o‘tkir hamda sovuq boqardi. Boshining uchiga qo‘nqaytirib olgan shlyapasi tushib ketay-tushib ketay deb turardi; basharti, egasining dam-badam boshini silkib-silkib qo‘yadigan odatini aytmasa, shunday bo‘lishi aniq edi, zotan, u boshini har silkiganida shlyapa oldinga yana joyiga surilib qolardi. Egnidagi kattalarning kamzuli naq tovonigacha tushib turardi. Aftidan, qo‘lini jo‘jaxo‘rozcha vajohat bilan chiyduxoba cholvorining cho‘ntagiga suqish niyatida bo‘lsa kerak, yengini tirsagigacha shimarib olgandi, zero, shu tobda uning ikkala qo‘li cho‘ntagida edi. Umuman olganda, bu – bo‘yi taxminan to‘rt fut-u olti dyuymcha keladigan, qo‘nji uzun ipli botinka kiygan g‘irt surbet-u takabbur yigitcha edi.
– Hey bolakay! Nima savdolar tushdi boshingga? – dedi bu yosh jentlmen Oliverga.
– Judayam charchadim, qornim ham o‘larday och, – dedi Oliver ko‘ziga yosh olib. – Uzoqdan keldim. Yetti kundan beri yo‘ldaman.
– Yetti kundan beri! – xitob qildi yosh jentlmen. – Tushunarli. Tumshuqvoyning buyrug‘i