Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс

Читать онлайн.
Название Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор произведения Чарльз Диккенс
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-27-701-4



Скачать книгу

sanchqisini qo‘ymay, aynan shunday qildi.

      – Mana, xuddi o‘shaning o‘zi, Fedjin, – dedi Jek Daukins, – mening do‘stim Oliver Tvist.

      Juhud miyig‘ida jilmayib, chuqur ta’zim bajo keltirdi-da, Oliverga qo‘lini uzatdi va u bilan yaqinroq dan tanishish sharafiga musharraf bo‘lish umidida ekanini bayon etdi. Shundan so‘ng Oliverni trubkali yosh jentlmenlar qurshab olishdi va uning har ikkala qo‘lini – ayniqsa tuguncha ushlab olganini – mahkam qisib ko‘rishishdi. Yosh jentlmenlardan biri g‘oyatda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, uning shapkasini qoziqqa osib qo‘ydi, boshqasi bo‘lsa shunchalik mehribonchilik qildiki, charchab holdan toygan Oliverning yotar oldidan urinmasligi g‘amini yeb, uning cho‘ntagiga qo‘lini suqib, hamma buyumlarini chiqardi. Mabodo, juhud qo‘lidagi sanchqini ishga solib, bu sermulozamat-u jonkuyar yigitchalarni boshi-yu yelkalariga tushira boshlamaganida bormi, ularning mehribonchiligi-yu mulozamatlari xiyla davom etgan bo‘larmidi?

      – Sen bilan tanishganimizdan bag‘oyat xursandmiz, Oliver, judayam xursandmiz… – dedi juhud. – Tullak, sosiskalarni olib, Oliver uchun bochkachani olovga yaqinroq surib qo‘y. Ro‘molchalarga qarayapsan-a, bo‘talog‘im, shundaymi? Ular ko‘p ekan-a, to‘g‘rimi? Biz ularni hozirgina saralab yuvishga hozirlab qo‘ydik. Bor gap shu, Oliver, bori shu. Hi-hi-hi!

      Quvnoq juhud cholning istiqboli baland shogirdlari ustozlarining oxirgi so‘zlarini ma’qullab, g‘alag‘ovur ko‘tarishdi. Ana shunday g‘ala-g‘ovur bilan kechki tamaddiga o‘tirishdi.

      Oliver o‘z ulushini yedi, keyin juhud unga bir stakan suv aralashtirilgan jin quyib, bir ko‘tarishda bo‘shatishini buyurdi, negaki, stakan boshqa jentlmenga kerak ekan. Oliver itoat etdi. O‘sha zahotiyoq u o‘zini ko‘tarib, ehtiyotkorlik bilan qoplardan biri ustiga yotqizishganini payqadi, so‘ngra qattiq uyquga ketdi.

      TO‘QQIZINCHI BOB

      YOQIMTOY KEKSA JENTLMEN VA UNING ISTIQBOLI BALAND SHOGIRDLARI HAQIDAGI TURLI-TUMAN MA’LUMOTLAR ZIKR ETILADI MAZKUR BOBDA

      Ertasi kuni Oliver uzoq, qattiq uyqudan allamahalda uyg‘ondi. Xonada nonushtaga kostryulkada qahva qaynatayotgan juhud choldan bo‘lak hech zog‘ yo‘q edi, chol ohista hushtak chalgan ko‘yi qo‘lidagi temir qoshiq bilan qahvani kavlab-aralashtirib turibdi. U dam-badam bu mashg‘ulotdan to‘xtab, pastdan eshitilgan tiq etgan tovushga quloq tutar, o‘z qiziqsinishini qondirgach, yana hushtagini chalgancha, qoshiq bilan kavlashtirishga tushardi.

      Garchi Oliver uxlamayotgan bo‘lsa-da, hali uyqusi butunlay tarqamagan edi. Axir, shunday hollar ham bo‘ladi-ku, siz ko‘zlaringizni yumgancha, uyqu bilan bedorlik oralig‘idagi mudroq holatda yotasiz, atrofingizda sodir bo‘layotgan jamiki narsalarning yarim-yortisini anglab turasiz, ammo-lekin shunda ham xayol ko‘zgungizda besh daqiqa fursat orasida (ko‘zlaringizni chirt yumib yotganingiz va sezgilaringiz qattiq uyqu holatida bo‘lishiga qaramay) besh kechalik voqeadan ko‘ra ko‘proq manzara jonlanadi. Bunday daqiqalarda osiy bandasi o‘z ruhining beqiyos qudrati, uning yerdan qanday uzilib chiqishi-yu, tanasi hukmi bilan chirmalgan rishtalardan qanday xalos bo‘lib, zamon va makondan uzilib chiqib, erkin parvoz qilayotganini elas-elas payqab yotadi.

      Oliver aynan ana shunday holatda edi. Yarim yumuq qovoqlari ostidan juhudni ko‘rib, chalayotgan ohista hushtagini eshitib, qoshiqning tiqirlashidan uning kostryulka chetiga tegayotganini fahmlab yotardi-yu, ayni chog‘da butun fikr-xayoli deyarli shu damgacha ko‘rgan-bilgan jamiki odamlari bilan band edi.

      Qahva tayyor bo‘lgach, juhud kostryulkani o‘choqdagi taglikdan oldi. Go‘yo endi nima qilishini bilmayotgandek, bir necha daqiqa o‘y surib turdi, keyin o‘girilib, Oliverga tikildi-da, otini atab chaqirdi. Bola javob bermadi, aftidan, u uxlayotgan edi.

      Bundan xotirjam bo‘lgan juhud astagina eshikka yaqinlashib, uni qulfladi. So‘ngra u chog‘roqqina qutichani oldi-da (Oliverning nazarida pol ostidagi xufiya joydan chiqarganday bo‘ldi), avaylabgina stolga qo‘ydi. Qopqog‘ini ochib, ichiga qaraganida cholning ko‘zlari chaqnab ketdi. Eski o‘rindiqni stolga yaqinroq surib o‘tirdi-da, qutichadan qimmatbaho toshlari yaraqlab ko‘zni qamashtiradigan ajoyib oltin soat chiqardi.

      – O‘ho‘! – dedi juhud kiftlarini rostlab, sovuq irshayishdan afti burishib. – Aqlli, bu ko‘ppaklar! Ha, aqlli ko‘ppaklar! Chinakamiga sadoqatli! Shunday qilib, keksa kashishga qayerga borganlarini aytishmadi. Keksa Fedjinni sotishmadi! Sotishdan nima foydayam ko‘rishardi? Baribir bu narsa chigalni yecha olmasdi, ko‘rgiliklarini biron lahzagayam kechiktirolmasdi. Him, xuddi shundoq! Barakalla, azamatlar!

      Juhud ana shu taxlit g‘udranganicha soatni yana o‘sha ishonchli joyiga yashirib qo‘ydi. U kam deganda yana ikki-uch soatcha ivirsib, qutidan navbati bilan soatdan sira qolishmaydigan, san’atkorona yasalgan uzuk, bilaguzuk, to‘g‘nag‘ich va Oliver zarracha tasavvurga ega bo‘lmagan, hatto nomini ham bilmaydigan boshqa qimmatbaho taqinchoqlarni olib, xuddi o‘shanday huzur bilan ko‘zdan kechirdi.

      Bu qimmatbaho taqinchoqlarni joyiga qo‘ygach, qutichadan yana bitta kaftiga jo bo‘lgan narsani oldi. Chog‘ida bu narsaning ustiga mayda harflar bilan nimadir yozilgan edi, negaki, chol uni stolga qo‘ydida, ko‘zini qo‘li bilan yorug‘dan pana qilgancha uzoq va diqqat-la tikildi. Oxiri o‘sha narsani yashirdiyu, go‘yo muvaffaqiyatdan umid uzgan odamday, o‘rindiq suyanchig‘iga suyangan ko‘yi g‘udrandi:

      – O‘lim jazosi – ajoyib narsa-da! Murdalar hech qachon tavba-tazarru qilolmaydi. O‘liklar hech qachon noxush gaplarni valdiray olmaydi. Eh, bunaqangi kasb-kor uchun ajoyib chora-da bu! Beshovini sirtmoqqa tortishdi, sheriklarini tuzoqqa ilintirgani yoki qo‘rqoqligini hammaga namoyish qilgani birortasi qolmadi-ya, qoyil!

      Juhudning og‘zidan shu so‘zlar chiqar ekan, uning bo‘shliqqa parishonhol tikilgan yarqiroq ko‘zlari Oliverning yuzida to‘xtadi. Bolaning ko‘zlari unsiz qiziqsinish bilan unga qadalgandi, shunda ularning nigohlari birrovgina to‘qnashgan bo‘lsa-da, shu fursatning o‘ziyoq cholning bola o‘zini kuzatayotganini anglab yetishi uchun kifoya edi. U quticha qopqog‘ini taraqlatib yopdi-yu, stolda turgan nonpichoqni changallagancha, quturib sapchib turdi o‘rnidan. Uning a’zoyi badani qalt-qalt titrardi, shunda Oliver o‘takasi yorilayozganiga qaramay baland ko‘tarilgan pichoqning qanday titrayotganini payqadi.

      – Bu nima qiliq? – qichqirdi juhud. – Nimaga meni poylab yotibsan? Nega uxlamayapsan? Nimani ko‘rding? Gapir? Tezroq, agar joningdan umiding bo‘lsa, tezroq gapir!

      – Ortiq uxlolmadim, ser, – javob berdi Oliver cho‘chibgina. – Sizga xalal bergan bo‘lsam, kechiring, ser.

      – Bir soatdan beri uyg‘oq yotibsanmi hali? – so‘radi juhud bolaga naq yeb yuborguday olayib.

      – Yo‘q! Yo‘g‘-e! – javob qildi Oliver.

      – Rostdanmi? – o‘shqirdi juhud ko‘zini battar ola-kula qilib, uning vajohati tahlikali tus olgandi.

      – Ont ichaman, uxlab yotuvdim, ser, – dedi Oliver qizg‘inlik bilan.

      – Bo‘pti, bo‘pti, bo‘talog‘im, – dedi juhud to‘satdan muomalasini o‘zgartirib va pichoqni shunchaki ermak uchun olganini ko‘rsatmoqchidek, uni stolga qaytarib qo‘yishdan oldin silkib, aylantirib o‘ynagan bo‘ldi. – Buni bilaman albatta, bo‘talog‘im. Seni bir qo‘rqitib ko‘rmoqchiydim, xolos. Dovyurak bola ekansan. Hi-hi-hi! Dovyurak bola ekansan, Oliver!

      Juhud hihilagancha qo‘llarini ishqadi, ammo ayni damda bezovtalik bilan qutichaga qarab qo‘ydi.

      – Sen, bolaginam, bundagi ajoyib buyumlarni ko‘rdingmi? – so‘radi juhud biroz sukut saqlagach, quticha ustiga qo‘lini qo‘yar ekan.

      – Ha, ser, – javob berdi Oliver.

      – Ah-a! – deb yubordi juhud xiyol rangi o‘chib. – Bular… bular mening buyumlarim, Oliver. Ozroqqina bisotim. Keksalikda kunimga yaraydigan bor boyligim. Meni ziqna deyishadi, bo‘talog‘im. Ha, ziqna deyishadi, bor-yo‘g‘i shu, vassalom.

      Oliver, shuncha boyligi bo‘la turib, mana shunaqangi iflos, tashlandiq joyda turganidan keyin bu keksa jentlmen rostdan ham o‘lardek ziqna