Название | Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари |
---|---|
Автор произведения | Чарльз Диккенс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-27-701-4 |
Tag‘in bu «tartibot» dushmanlari Oliver yolg‘iz avaxtada yotgan paytida sog‘liq uchun zaruriy jismoniy mashqlardan, ma’naviy tasalli, tuzuk-quruq yor-jo‘ralardan mahrum bo‘ldi, deb o‘ylamasinlar. Jismoniy mashqlar xususiga kelsak, tashqarida ajoyib havo, qirchillama sovuq paytlar edi, bolakayga esa har kuni ertalab girdi g‘ishtin devor bilan qurshalgan hovlida, mister Bambl hozirligida, nasos bilan ustidan muzdek suv quyishiga ruxsat etilgandi. Mister Bambl uning shamollab qolmasligining g‘amini yeb, qo‘lidagi asosi yordamida uning butun a’zoyi badanini qizdirib, xolis xizmat ko‘rsatib turardi. Yor-jo‘ralari davrasida bo‘lishi masalasiga kelganda esa, bolakayni shu kun oralatib bolalar ovqatlanadigan katta xonaga olib chiqib, barchaga ibrat bo‘lishi uchun va boshqalarning ko‘zini ochib, ogohlantirib qo‘yish uchun hammaning ko‘zi o‘ngida obdon savalashardi. Uni ma’naviy tasallidan mahrum etmaslik masalasida bo‘lsa har kuni oqshom ibodat vaqtida tepkilay-tepkilay yana o‘sha katta xonaga haydab chiqishardi-da, u yerda jamiki bolalarning kengashning amri ma’rufiga binoan kiritilgan maxsus qo‘shimcha bilan to‘ldirilgan ibodat-u iltijolarini eshitib, o‘z ruhiyatini shod aylashiga ruxsat berardilar; mazkur qo‘shimcha iltijolarida ular Yaratgandan o‘zlariga insof-u tavfiq berishini, mamnunlig-u itoatkorlik ato etishini, Oliver Tvist botgan gunoh-u qusurlardan forig‘ bo‘lishlarini iltijo qilardilar; bolakayning gunohi va qusurlari ushbu iltijoda aniq-tiniq ifoda etilgandi, u ins-u jinslarning vasvasasiga tushib qolgan va o‘sha badbin nojinslar uni maxsus tarzda o‘z panohlari hamda himoyalariga olgan, bolakay naq iblis ustaxonasining mahsuli edi.
Oliver shu taxlit tasalli beruvchi ahvolda yashab turgan kunlarning birida mister Gemfild, mo‘ri tozalovchi, o‘zi turadigan uyning egasi qat’iyat bilan talab qilayotgan ijara haqidan qolgan qarzini qanday uzish yo‘llari ustida chuqur o‘y surgancha Xay-stritdan o‘tib borardi. Mister Gemfild bisotidagi mablag‘ini qay ko‘yga solib, uvallo hisoblab ko‘rmasin, o‘ziga zarur bo‘lgan besh funtni topishning chorasini qilolmayotgan edi; u bu hisoblovlardan umidi puchga chiqib, goh qoq ikkiga yorilgudek darajada bosh qotirib, goh eshagining boshini ikki palla qilgudek bo‘lib borarkan, mehnat uyi darvozasi yoniga yetganida qo‘qqisdan eshikdagi e’longa ko‘zi tushib qoldi.
– Ish-sh, – dedi mister Gemfild eshagiga.
Eshak bo‘lsa chuqur xayolga tolib, ehtimolki, aravaga ortilgan ikki qop qurumdan qutulganimdan keyin bir-ikkita karam o‘zagi nasib qilarmikin, deb o‘ylab borayotgandi; shu boisdan u buyruqni eshitmay, lo‘killaganicha ilgarilab ketaverdi.
Mister Gemfild eshakni bo‘ralab so‘kib, ayniqsa ko‘zi ko‘r-u qulog‘i karligiga la’nat o‘qigancha yugurib bordi-da, qarsillatib boshiga chunonam tushirdiki, eshakning kallasi o‘rnida bo‘lsa har qanaqangi bosh suyagi qoq ikki pallaga ajrab ketishi tayin edi. Keyin shartta eshakning jilovi tizginidan tutib, unga egasi kim ekanini iltifot-la eslatib qo‘yish maqsadida shasht bilan siltadi-da, orqaga burdi. Shundan keyin to yoniga qaytgunicha hushiga kelolmaydigan qilib tag‘in bir karra boshiga qarsillatib qamchi soldi. Bu tadorik ishlarini tugatgach, e’lonni o‘qigani darvoza oldiga keldi.
Darvoza yonida qo‘llarini orqasiga qilgan ko‘yi hozirgina kengash majlis o‘tkazgan xonada bir nechta dono fikrni bayon etgan oq nimchali jentlmen turardi. Mo‘ri tozalovchi e’lonni o‘qish niyatida darvozaga yaqinlasharkan, mister Gemfild bilan eshagi orasidagi mashmashani kuzatib turgan bu odam shodon jilmayib qo‘ydi, zero u mister Gemfild – Oliver Tvistga aynan kerak bo‘lgan xo‘jayin ekanini payqagan edi. E’lonni o‘qigach, mister Gemfild irshaydi, zeroki, unga xuddi mana shu besh funt suvday zarur edi-da; ushbu mablag‘ning ustamasi bo‘lmish bolakayga kelganda esa, mehnat uyidagi yemish qandayligidan boxabar mister Gemfild bolakayning g‘oyatda mo‘ribop mushtdekkina nusxa ekaniga iymoni komil edi. Shu sababdan e’lonni boshidan oxirigacha hijjalab boshqatdan o‘qib chiqdi-da, hurmat yuzasidan qo‘lini mo‘yna telpagiga xiyolgina tekkizib qo‘yib, oq nimchali jentlmenga murojaat qildi:
– Bu bolakay, ser, qavm shogirdlikka bermoqchi bo‘lgan bolakay… – deya gap boshladi mister Gemfild.
– Xo‘sh, azizim, – deya javob qaytardi oq nimchali jentlmen takabburona iljayib. – Xo‘sh, u haqda nima demoqchisiz?
– Agar qavm uning ko‘ngildagidek kasb, ezgu hamda e’tiborli mo‘ri tozalovchilik kasbini egallashini istasa, – deya so‘zini davom ettirdi mister Gemfild, – u chog‘da, aytishim mumkinki, menga shogird kerak va uni shogirdlikka olishga tayyorman.
– Bu yoqqa kiring, – dedi oq nimchali jentlmen.
Mister Gemfild picha hayallab qoldi, u o‘zi yo‘g‘ida yo‘lga ravona bo‘lib qolmasligi uchun eshakni yana bir qamchi bilan siylab, jilovini tag‘in bir bora silkitib qo‘ydi, ana shundan so‘nggina oq nimchali jentlmenning ortidan ichkariga, Oliver mazkur jentlmenni ilk marta ko‘rgan xonaga kirib bordi.
– Bu bo‘lmag‘ur kasb, – dedi mister Limkins Gemfild o‘z istagini yangitdan bayon etgach.
– Bolakaylar mo‘rilarda nafasi qaytib o‘lgan hollar ham bo‘lgan, – dedi boshqa jentlmen.
– Bolani mo‘ridan chiqishga majbur qilish uchun poxolni kaminda yoqishdan oldin ho‘llashgani sababli shunday bo‘ladi, – dedi Gemfild. – Bunaqada poxol tutaydi xolos, yonmaydi! Tutunning esa hech qanaqangi nafi yo‘q, u bolani tashqariga chiqishga majbur qilolmaydi, qaytaga bolani elitib uxlatib qo‘yadi. Bolaga bo‘lsa xuddi shu kerak-da. O‘g‘il bolalar – o‘larday qaysar va dangasa xalq, shu sababli, jentlmenlar, lang‘illab yonib turgan olovdan o‘taversin, birpasda pildiragancha pastga tushiradi-qo‘yadi. Ustiga-ustak, jentlmenlar, bu xayrli ish, sababki, mabodo, bolakay mo‘rida tiqilib qolsa-yu, o‘t yoqib tovonini kuydira boshlasang, u jonining boricha tipirchilab, tiqilib qolgan joyidan chiqib ketishga tirishadi.
Bunday sharh-u izohot oq nimchali jentlmenni go‘yo bag‘oyat xushnud etganday bo‘ldi-yu, biroq uning zavq-shavqini mister Limkinsning xo‘mraygan nigohi zumda so‘ndirdi-qo‘ydi. Keyin kengash a’zolari bir necha daqiqa o‘zaro maslahat qurishdi, lekin shunchalik sekin gaplashishdiki, faqat: «Sarf-xarajatni kamaytirish», «kirim-chiqim muvozanatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi», «bosma hisobotini nashr ettiramiz» kabi so‘z va iboralarnigina eshitsa bo‘lardi. Bularni ham bot-bot, keyin ma’nodor qilib takrorlab turganlari tufayligina eshitishga muvaffaq bo‘linardi.
Nihoyat, pichirlashish to‘xtadi va kengash a’zolari o‘z joylariga kelib o‘tirib, yana ilgarigi viqorli qiyofalariga qaytganlaridan so‘ng, mister Limkins:
– Biz sizning taklifingizni muhokama qilib ko‘rdik va uni ma’qul topmadik.
– Mutlaqo ma’qullamaymiz, – dedi oq nimchali jentlmen.
– Qat’iyan ma’qul ko‘rmaymiz, – deya qo‘shib qo‘yishdi boshqa kengash a’zolari ham.
Mister Gemfild bir marta uch-to‘rt bolani o‘lasi qilib kaltaklab, bunday arzimas ayblov jabrini tortgan edi, shu sababli uning miyasidan, kengash a’zolari hozir injiqlik qilib, go‘yoki ishga aloqasi bo‘lmagan o‘sha voqeani eslab qolishdi-yu, bu narsa ularning qarorlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi shekilli, degan fikr yilt etib o‘tdi. Rost, bu narsa ularning odatdagi faoliyatlari yo‘siniga aslo mos kelmasdi, biroq eski mish-mishlarni qayta tiriltirishga unchalik hushi-yu istagi bo‘lmagan mister Gemfild telpagini qo‘lida aylantirganicha asta stol yonidan yiroqlashaverdi.
– Jentlmenlar, shunday qilib, uni menga berishni xohlamaysizlarmi? – deb so‘radi mister Gemfild eshik oldida to‘xtab.
– Xohlamaymiz, – javob qildi mister Limkins, – kasbingiz bo‘lmag‘ur kasb, shu boisdan biz va’da qilgan mukofotimiz miqdorini kamaytirishimiz lozim, deb hisoblaymiz.
Mister Gemfildning