Название | Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари |
---|---|
Автор произведения | Чарльз Диккенс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-27-701-4 |
Ba’zan o‘z holiga tashlab qo‘yilib, ag‘darilib ketgan karavoti tagida qolgan yoki kir yuva turib bexosdan kuydirib o‘ldirib qo‘yilgan – darvoqe, bunday hol ahyon-ahyonda bir sodir bo‘lardi, zotan, fermada kir yuvishni eslatuvchi yumush kamdan-kam ro‘y berardi – hollarda qavm bolasi ishi yuzasidan alohida jiddiy tekshiruv olib borilgan paytda maslahatchilarning xayoliga goho ko‘ngilsiz savollar kelib qolardi, qavm ahli esa bundan darg‘azab bo‘lishib, e’tiroznomalar yozishardi. Biroq bunday qo‘pol noroziliklar o‘sha zahotiyoq, tabib hamda bidl5ning guvohliklaridan keyin chippakka chiqar; tabib bunday hollarda murdani yorib ko‘rib, undan hech qanday asorat topmasdi – bu haqiqatga o‘xshab ketardi; bidl ham qasam ichib, albatta qavmga ma’qul guvohlik berar – bu esa o‘z navbatida oliy darajadagi diyonatlilik hisoblanardi. Boz ustiga, kengash a’zolari fermani muntazam ziyorat qilib turishar va borishlaridan oldin o‘zlarining tashriflaridan ogoh etib qo‘ygani bidlni jo‘natishardi. Ular yetib kelishganda bolalar ko‘rsa ko‘rguday yoqimtoy hamda ozoda tusda ko‘rinishardi, xo‘sh, bundan ortiq ulardan yana nimani ham talab qilish mumkin!
Fermadagi bunday ta’lim-tarbiya usuli biron-bir g‘aroyib samara yo yaxshi hosila berishini kutish noo‘rin edi. Qisqasi, Oliver Tvist to‘qqiz yoshga to‘lgan kunida rangpar, majmag‘il, jimitdakkina, ramaqijon bir bolakay edi. Ammo tabiat Oliverning qalbiga ezgulik urug‘ini qadagan, ushbu urug‘ bu dargohda rasm bo‘lgan qashshog‘ona ovqatlanish sharofati bilan o‘z-o‘zicha kurtak yozib, palak otmoqda edi. Oliver to‘qqiz yoshga to‘lgan kuni bilan yuz ko‘rishayotgan ekan, buning uchun ana shu shart-sharoitdan minnatdor bo‘lishi darkordir.
Nima bo‘lganda ham, har qalay, bugun uning dunyoga kelgan kuni edi. Bu kunni u o‘zi bilan yaxshigina kaltak ulushini baham ko‘rgan, betgachoparlik bilan, go‘yoki ochmiz deb shakkoklik qilgani boisidan qamab qo‘yilgan ikki norasida jentlmen hamrohligida ko‘mir saqlanadigan yerto‘lada o‘tkazayotgan edi. Xuddi shu kuni ushbu mahkamaning mutasaddisi, ajoyib xonim, missis Mann qo‘qqisdan paydo bo‘lib qolgan mister Bambl – bidlning bog‘ eshigini ochishga urinayotganini ko‘rib, talvasaga tushdi.
– Voy Xudoyim-ey! O‘zingizmisiz, mister Bambl? – deya xitob qildi missis Mann boshini derazadan chiqarib qararkan, o‘zini naq boshi osmonga yetgudek suyunib ketganday qilib ko‘rsatib. – (Syuzen, Oliver bilan anavi ikki bolani tepaga olib chiqib, darrov yuvintiring!) Voy Xudoyim-ey! Mister Bambl, sizni ko‘rib suyunganimdan yuragim yorilayozdi-ya!
Mister Bambl barvasta va jizzaki odam edi; bunday «samimiy» salomga munosib tarzda alik olish o‘rniga eshikni jon-jahdi bilan itardi, keyin uni faqat bidlning oyoqlarigagina xos bo‘lgan tepki bilan siyladi.
– Voy xudoyim-ey! – chiyilladi missis Mann uydan otilib chiqar ekan, zero, bu orada uchala bolani ham tepaga olib chiqishga ulgurishgan edi. – Buni qarang-a! Bizning g‘aroyib bolalarimizni deb eshik ichkaridan berkitib qo‘yilgani butunlay yodimdan ko‘tarilib ketganini qarang-a! Kira qoling, ser, marhamat, kiravering, mister Bambl, kiring, ser!
Hattoki, cherkov oqsoqolini ham iydirib yuboradigan bu iltifotli mulozamat, navozish va ta’zimlar bidlning ko‘nglini zarracha yumshata olmadi.
– Nahotki, missis Mann, siz bu yerga qavm yetim-yesirlari bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlar yuzasidan keluvchi qavmning mansabdor xizmatchilarini bog‘ eshigi oldida kuttirib qo‘yib, bu qilmishingizni odobdan deb o‘ylasangiz? – deya pisanda qildi mister Bambl hassasini changallagancha. – Sirasini aytganda, siz qavm tayinlaydigan shaxs ekaningiz va qavmdan maosh olib turajagingiz ma’lummi, missis Mann?
– Rostini aytsam, mister Bambl, sizni jondan sevadigan bolajonlarimizdan ba’zi birlariga janoblarining kelganlarini xabar qilaman deb tutilib qoldim, xolos, – deya javob berdi missis Mann bag‘oyat itoatkorlik bilan.
Mister Bambl o‘zining notiqlik bobidagi iste’dodi hamda imon-e’tiqodi borasida g‘oyat yuksak fikrda edi. Hozir ham u notiqlik iste’dodini namoyish qilib, sha’n-e’tiqodini amalda isbot etgachgina, picha yumshadi.
– Xo‘p, mayli, missis Mann, – javob qildi u xiyla bosiq ohangda, – ehtimol, shundaydir. Qani, ichkariga kiraylik, missis Mann. Men ish yuzasidan kelganman, sizga ba’zi bir narsalarni ma’lum qilishim lozim.
Missis Mann bidlni g‘isht sahnli mo‘jazgina mehmonxonaga boshlab kirib, unga kursi qo‘yib berdi-da, iltifot-la uning uch qirra qalpog‘i bilan hassasini stolga qo‘ydi. Mister Bambl manglayidagi terni artarkan, uch qirra qalpog‘iga mamnun nigoh tashlab, miyig‘ida jilmaydi. Ha, u zot jilmaydilar. Axir, bidllar ham odam-da; shunday qilib, mister Bambl jilmaydilar.
– Endi sizga aytadigan gapimga xafa bo‘lmaysiz-da, – dedi missis Mann maftunkor nazokat bilan. – Siz bag‘oyat uzoq yo‘l bosib kelgansiz, yo‘qsa sizga bu gapni aytib o‘tirmasdim. Mister Bambl, bir qultumgina ichmaydilarmi?..
– Bir tomchiyam ichmayman! Ha-ha, bir tomchiyam! – dedi mister Bambl o‘ng qo‘lini vajohat, shu bilan birga xotirjam silkib.
– Mening fikri ojizimcha, har holda tomoqni ho‘llab olsangiz bo‘lardi, – dedi missis Mann, ichida uning rad javobi ohangi-yu, unga hamohang qo‘l harakatini o‘zicha sharhlab. – Haligi, ozroqqina sovuq suv-u bir chaqmoq qand qo‘shib, bittagina qultum.
Mister Bambl tomoq qirib qo‘ydi.
– Faqat bir qultumgina, – deya o‘zinikini ma’qullashga urinardi missis Mann.
– Aynan nimadan bir qultum? – deya qiziqdi bidl.
– Yoqimtoy bolajonlarimizning toblari qochib qolganida Daffi al-iksiri6 qo‘shib berish uchun bu dargohda saqlashim lozim bo‘lgan narsadan-da, mister Bambl, – deya javob qildi missis Mann, javonni ochib, shisha bilan stakan olayotib. – Bu jin7. Men sizni aldamoqchi emasman, mister Bambl. Bu jin.
– Missis Mann, siz hali go‘daklarga Daffi al-iksiri ham berasizmi? – deb so‘radi Bambl ko‘z qiri bilan bu g‘alati ichimlik tayyorlash usulini kuzatar ekan.
– Iloyo, ularni Yaratganning o‘zi yarlaqasin, ancha-muncha qimmat tursa hamki, berib turaman, – deya javob qaytardi tarbiyachi. – Bilsangiz, ser, ko‘z oldimda azob chekishlariga asti chiday olmayman.
– Ha, balli, – deb ma’qulladi mister Bambl, – chidab turolmaysiz. Siz pursaxovat ayolsiz, missis Mann. – Ayol stakanni stolga qo‘ydi. – Kezi keldi, deguncha bu haqda kengashga ma’lum qilaman, missis Mann. – Bambl stakanni o‘ziga yaqinroq surdi. – Sizning qalbingiz, missis Mann, chinakam onalik mehr tuyg‘usiga to‘la. – U jinni suv bilan aralashtirdi. – Men… men bajonidil sizning sihat-salomatligingiz uchun ichaman, missis Mann.
Shunday deya u bir ko‘tarishda yarim stakanni bo‘shatdi.
– Ana endi ishga o‘taylik, – so‘zini davom ettirdi bidl charm kartmonini ola turib. – Bolakay Tvist, haligi Oliver deb ism berilgan go‘dak bugun to‘qqiz yoshga to‘ldi.
– Uni Tangrining o‘zi yarlaqasin! – gap qistirdi missis Mann peshbandi etagi bilan chap ko‘zini naq qizarguday ishqab.
– Ammo-lekin o‘n funt8, keyinchalik esa yigirma funt mukofot va’da qilinganiga qaramay, inchunin, qavm tomonidan ko‘rsatilgan favqulodda, aytishim mumkinki, misli ko‘rilmagan darajadagi urinishlarga qaramay,
5
Bidl – qavm xizmatidagi quyi mansabdor shaxs. Dastlabiga bidl qavm majlislari xat tashuvchisi, shuningdek, qavm huzuridagi tarbiyalanuvchi qashshoqlarga mutasaddi amaldorning ko‘rsatmalarini bajaruvchi oddiy ijrochisi bo‘lib xizmat qilgan, biroq ko‘p o‘tmay xuddi o‘sha amaldorning vazifalarini o‘z zimmasiga olib, amalda o‘shaning vazifasini o‘tay boshlagan – u kambag‘allarning moddiy ahvoli haqidagi masalani o‘z bilganicha hal qilgan, mehnat uyida, cherkovda, aksar hollarda esa qavm miqyosida politsiya nazoratini ham o‘z ustiga olgan.
6
Daffi al-iksiri – mashhur bolalar suyuq dorisi; jin – qoraarcha arog‘i shu nom bilan atalgan.
7
Jin – aroqning bir turi. (
8
Funt – 209,5 gramm, qadoq. (