Кинода режиссура ва драматургия. А. Митта

Читать онлайн.
Название Кинода режиссура ва драматургия
Автор произведения А. Митта
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978–9943–4497‒2‒5



Скачать книгу

xuddi hayotdagiday. Shekspirda esa hammasi poetik kuchaytirilgan. U va Tolstoy orasida san’atga turlicha nigoh jarligi mavjud. Iloj qancha!

      Har bir dramatik voqeaning о‘z o‘qi bor. Tolstoydagi voqealardan birortasining voqea o‘qiga yaqinlashamiz.

      Tolstoyning eng haqqoniy va ijtimoiy jihatdan talab etiladigan romani – «Tug‘ilish». Bu aristrokratlar saroyidan tortib to bordellar va badbо‘y qamoqxonalargacha bо‘lgan Rossiya hayotining xunrezliklar upirib turgan kesimidir. Kishilar aqliga kamdan-kam romanlar bunchalik kuchli ta’sir kо‘rsatgan. Uning asosida qanaqa voqea yotadi? Romanning voqea o‘qida nima bor?

      Kelishgan yosh bir graf iffatlikkina qizni tuzog‘iga ilintiradi va tashlab ketadi. U qiz hayot tubanliklariga qulab tushadi. Qizni adolatsiz tarzda qotillikda ayblaydilar. Shunda sud maslahatchisi bо‘lgan graf sudda qotilning о‘zi yо‘ldan urgan qiz ekanligini biladi. U dahshatga tushadi, u qizni qutqarmoqchi, unga uylanmoqchi – bir sо‘z bilan aytganda – gunohini yuvmoqchi bо‘ladi. Graf oqsuyaklarga xos ma’nosiz hayotni tashlab, Sibirga katorgaga yuborilayotgan Katya Maslovaning orqasidan ketadi.

      Ammo men bunday graflar haqidagi hayotiy voqealarni eshitmaganman. Gо‘yoki graf Sheremetyev krepostnoy aktrisaga uylangan emish. Bu uzoq va vafoli sevgi boshqa bir tarix. Ammo shunday borib, bordeldagi qizni qutqazib, о‘zining butun hayoti, tabaqasi, martabasi ustiga chiziq tortish… Bunday graflar poda-poda bо‘lib о‘tlab yuradigan bitta joy bor. Siz uni bilasiz. Bu bulvar adabiyoti degan daxlsiz bir о‘lka.

      Nahotki biz Tolstoyning Shekspirga nisbatan sirli kamsitishi orqasidan ovga chiqib, tasodifiy holda Tolstoyning bulvar melodramasiga yashirin ishtiyoqini ochib qо‘ydik?

      Yо‘q. Biz mutlaqo boshqa narsani ochdik. Ishonchingiz komil bо‘lsin, agar Tolstoyga bundan kо‘ra о‘tkirroq voqealarni о‘ylab topish kerak bо‘lganida edi, u bir pastda о‘nlab shunaqa voqealarni tuzib tashlar edi. Ammo bundan kо‘ra yaxshirog‘ini о‘ylab bо‘lmaydi. Bu – aynan kerakligi. Kuchli dramatik mavzuda hamisha bir-birga zid ikki holat: hayot va о‘lim, olijanoblik va sotqinlik, boylik va kambag‘allik, umidsizlik va ishonch tо‘qnash keladi. Jannatdagi farishtalar kulbasiga jahannamning badbо‘y nafasi qanchalik yaqin bо‘lsa, ular syujetga qanchalik jipslashib ketsa, drama shunchalik tomoshabin qalbiga kirib boradi. Dramaning poetik qudrati qarama-qarshi tomonlarning konfliktida yashiringandir. Bunday voqealar о‘z domiga tortib, sizni g‘arq bо‘lishga majbur qiladi. Muallifning barcha g‘oyalari sizning qalbingizga muhirlanib qoladi. Aynan shunday voqea «Tug‘ilish»ning asosida yotadi. Bundan chiqdi, Tolstoyning о‘zi drama shoiri ekanda? Bо‘lmasamchi! Shuning uchun ham u dahoda.

      Shunday ekan, u Shekspir bilan nimani talashadi? Buni esdan chiqaring. U narsa hech qanday rol о‘ynamaydi. Biz ochgan narsa undan kо‘ra ancha muhim: dramada, shu jumladan daholar, hatto Tolstoy va Shekspir kabi bir-birlaridan farq qiluvchi daholar uchun ham umumiy bо‘lgan qonunlar amal qiladi. (Qatnashuvchilar haqida gapirmaymiz!)

      Masalani tо‘g‘ri hal qilish uchun savolni yanada qattiqroq siquvga olamiz: u yerda Tolstoy va Shekspir о‘rtasida nima sodir bо‘lgan edi? Mening fikrim shunday: tomoshabinni yoqasidan mahkam oluvchi voqeani о‘ylab topib, Tolstoy birinchi qadamni qо‘ygan. Agar shunday voqeani hech bir о‘zgartirishsiz oddiygina qilib, о‘sha davrdagi Badiiy teatrda о‘ynalsa edi, Stanislavskiy, buyuk rejissor va haqiqat dahosi, о‘rnidan sakrab turib, butun teatrga eshitiladigan tarzda: «Ishonmayman!» – deb baqirgan bо‘lar edi. Balki yurak xurijidan yiqilib tushgan bо‘larmidi.

      Sxema haqiqatan ham qо‘pol. Shunday bо‘lishi kerakki, nafaqat soddadillar, balki eng nozikta’b tomoshabinlar ham unga ishonsin, unda haqiqat yog‘dusini kо‘rsin va tiz chо‘kkan holda: «Gunohkorman! Kechir, Xudoyim!» – desin.

      Drama tili bilan aytganda, tomoshabin katarsis – begonalar qayg‘u-hasratiga hamdardlik qilish bilan poklanish – hissini tuysin. Buning uchun melodramatik topilmani hayajonlantiruvchi hayotga aylantirish lozim.

      Bu masalaning yechimi uzoq oylar qilinadigan uzluksiz mehnatni talab qiladi, u minglab kichik-kichik g‘oyalar va kashfiyotlarni о‘ziga singdiradi.

      Havaskor kishi hujjatli-hayotiy faktlar asosida emotsional kechinmalar qо‘lga kiritiladi, deb о‘ylaydi. Agar shunday bо‘lsa edi, gazeta о‘qib ham kо‘z yoshi tо‘kish kerak edi. U yerda juda jiddiy faktlar bor. Ammo negadir, hech kim yig‘lamaydi. Chunki drama uchun faktlar hech narsa emas. Asosiysi – biz bu faktlar bilan qanday ishlashimizdadir. Endi biz aynan shu xususda tо‘xtalamiz.

      Tolstoy dastlabki о‘ylab topilgan g‘oyani bir marta va asrlar osha kо‘riladigan buyuk kinoroman darajasigacha kо‘taradi. О‘z kinofilmida u hamma narsani bir о‘zi amalga oshiradi. U ssenarist va rejissor, operator va rassom. Bosh qahramonlardan tortib, ufqda bir kо‘rinib о‘tuvchi ikkinchi darajali barcha qahramonlar ham faqat uning talanti bilan bunyod etilgan va jonlantirilgan.

      Shekspir bо‘lsa, о‘ylab topilgan g‘oyani shunday poetik tarzda rivojlantirish kerakki, voqea yuragida hayot barq urib tursin va ijodkorlarni birgalikda ijod qilishga ruhlantirsin, deb о‘ylaydi. Uning pyesalari – energiya yig‘indisi, film yoki spektaklning yuragidir.

      Anna Karenina bittagina bо‘lishi mumkin. Siz bu rolni о‘ynagan yulduzga qarab turib: «Yо‘q, о‘xshamapti!» – deysiz. Chunki Tolstoy uni romanda xuddi tirikday, о‘ta aniq tarzda yaratgan.

      Gamletlar esa minglab va turli-tuman bо‘lishlari mumkin. Gamletni hatto ayollar – masalan, Sara Bernar, – ham о‘ynagan. Personajning genial yuragi, rolning genial energiyaviy zaryadi Gamletdir. Shekspirda va Tolstoyda – voqealar yaratish haqida birbiriga qarama-qarshi bо‘lgan ikki xulosa mavjud. Ammo ularning har ikkalasi ham dramaning о‘z paytida Aristotel tomonidan kashf etilgan universal qonunlaridan kelib chiqishgan (biz hali ular haqida ham gapiramiz).

      «Voqea yuragi» – bu obrazli ifoda. U – drama tizilmasining (strukturasining) emotsional markazi. Har bir drama qat’iy qurilgan skelet-tizilmaga ega. Bunday omil poetik xayolotning erkin parvozini xush kо‘ruvchilar uchun katta umidsizlikdir.

      Tizilma – qadimiy yunonlardan to bizning kunlarimizgacha kelgan har qanday dramaning asosidir. U tomoshabin tuyg‘ularini, ruhiy dunyosini mumkin qadar yuqori darajagacha о‘sishini nazorat qilib turadi. Yaxshi kinofilm yoki spektakldan boshqa hech qanday san’at asari sizni bir yarim soat davomida о‘ziga maftun eta olmasligi va hayajonga sola olmasligini о‘z tajribangizdan bilasiz. Eng markazda dramaturg va rejissor tomonidan vujudga keltirilgan voqea yuragi tepib turadi.

      Shunday ekan, birinchi maslahat: Shekspirday boshlang va Tolstoyday tugating. Kardiogrammasi umid va umidsizlik о‘rtasida turgan voqelikdan boshlang. Filmni esa mayda-chuyda detallarni ham о‘ta sinchkovlik bilan qarab chiqqan holda tugallang.

      Zо‘r maslahat. Faqat qanday qilib, Shekspir bо‘la olish mumkin? Tо‘g‘risini aytaman. Shekspirday bо‘la olmaysiz. Tolstoyday ham bо‘lmaysiz. Ammo hayotning betartib energiyasini dramaning mukammal binosiga aylanish qonunlarini tushunib olasiz.

      Dramada kо‘p joyni ijodiy intuitsiya egallaydi. Ammo ta’kidlaymiz, hammasini emas, kо‘p joyni. Shunday qoidalar borki, ular tasavvurni siqib qо‘ymaydi, balki uni ozod qiladi. Drama qoidalari sizning intuitsiyangizni ijod osmonlariga kо‘taradi, sizga qanot beradi va maqsad sari yо‘l kо‘rsatadi.

      JAMOAVIY LEV TOLSTOY

      Har qanday ijod – san’atkorning olam bilan qiladigan muloqotidir. Bir tomonda u bо‘lsa, ikkinchi tomonda boshqalar. Xolst oldida rassom, royal qarshisida kompozitor, yozuvchi bо‘lsa yozuv qog‘ozi yoki kompyuter rо‘parasida yolg‘izdir.

      Dramada esa biz kо‘pchilikmiz. Teatrda, balki uncha kо‘p emasdir, о‘n-yigirma kishi. Kinodachi? Bu Vavilonning о‘zginasi! Har bir film oxiridagi titrlarning uzundan-uzoq rо‘yxatiga qarang – bularning hammasi bitta jamoa. Siz ularsiz bir qadam ham qо‘ya olmaysiz.

      Kinodagi eng universal daho – Chaplin, u prodyusser, rejissor, yulduz-aktyor, bastakor, montajchi, balkim yana kimdir bо‘lgan.