Меҳнат ўқитиш методикаси. Р. Мавлонова

Читать онлайн.
Название Меҳнат ўқитиш методикаси
Автор произведения Р. Мавлонова
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-4083-3-3



Скачать книгу

muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. U o‘zaro bog‘langan bir necha elementlardan: oddiy asbob va moslamalardan foydalana bilish, kerakli jarayonlarni to‘g‘ri va aniq amalga oshira bilish, ya’ni u yoki bu materialga ma’lum izchillikda ishlov bera olish, yo‘l qo‘yilgan xatoni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘rilay olish kabilardan tarkib topadi.

      Mehnatga amaliy tayyorlash faqat kerakli bilimlar bazasidagina amalga oshishi mumkin. U boshlang‘ich maktabda boshlang‘ich texnikaga oid bilimlarga asoslanadi. Mehnat ta’limining mazmuniga muvofiq o‘quvchilar mazkur yosh uchun qulay bo‘lgan materiallarga ishlov berishda qo‘llaniladigan oddiy asbob va moslamalarni ishlatishning amaliy malaka va ko‘nikmalarini egallaydilar.

      Oddiy asbob moslamalar maxsus asbob va mashinalarning bosh asosi hisoblanadi.

      Amaliy malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rgatish ham demakdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari duch keladigan buyumlar texnologiyasi xilma xildir, biroq bu masalani batafsil o‘rganmasdanoq ish jarayonlarining aniqligini sezib olish qiyin emas, ular: materialni o‘lchash va belgilash ularga egib, qirqib ishlov berish; qismlarini yelimlash, tikish, kesish va bog‘lash kabi yo‘llar bilan birlashtirish va mustahkamlash; detallarni yig‘ish va buyumni montaj qilishdir. Yakunlovchi jarayon buyumni bezashdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini mehnatga amaliy tayyorlashga grafik malakalarni shakllantirish ham taalluqlidir.

      O‘quvchilardagi mehnatning ma’lum turiga bo‘lgan mayl va qiziqishni o‘z vaqtida aniqlash va ularga mehnat malakalarini sevgan mashg‘ulotlarida takomillashtirishlariga yordam berish juda muhimdir. Sevgan mehnatga bo‘lgan qiziqishdan qo‘shimcha maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Mehnat ta’limi jarayonining o‘sishga ta’siri

      Mehnat ta’limining vazifalari haqida gapirilganda o‘quvchilarni har tomonlama: aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik o‘stirishni tilga olmaslik mumkin emas.

      Bolalarni aqliy o‘stirishda mehnat ta’limining roli ko‘p qirralidir. Mehnat o‘quvchilarning bilim olishga intilishlarini qo‘zg‘ovchi vositagina emas, balki uning manbayi hamdir. Mehnat ta’limi jarayonida o‘quvchilarni aqliy o‘stirishda jismoniy va aqliy mehnatni almashtirib turish muhim ahamiyatga egadir. Biroq har qanday mehnat ham aqliy o‘sishga yordam bermasligini unutmaslik kerak. Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatni aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llashni talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.

      Mehnat eng muhim iroda va axloqiy sifatlarning rivojlanishiga yordam beradi. Mehnat ta’limida mehnatga psixologik tayyorlik, mehnat faoliyatining to‘g‘ri jihatlari tarbiyalanadi, shaxsning har bir ongli mehnatkash uchun zarur bo‘lgan sifatlari shakllanadi.

      Darslarning jihozlanganligi o‘z mehnati uchun shaxsiy mas’uliyatni, mehnat madaniyatini tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir. Agarda bolalar yomon jihozlangan sinfda, qo‘pol, og‘ir va yoshlariga nomuvofiq asboblar bilan shug‘ullansalar, ish natijalari ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Bunday sharoitda, tabiiyki, mehnatga muhabbatni, tartiblilikni, aniqlikni, asboblarga ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash qiyin bo‘ladi.

      Mehnat madaniyatining tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘g‘ri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlari me’yori va sur’atiga ish sifatini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat, narsani chiroyli qilib bezashga jalb qilib borish kerak.

      Agarda o‘qituvchining talablari amaldagi faktlardan ajralib tursa va buning natijasida shartli bo‘lib qolsa, agarda bola har bir qadamida tartiblilikka, tozalikka, aniqlikka rioya qilishi lozimligiga ishonch hosil qilmasa, bolalarni mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalashda muvaffaqiyatga erishish haqida gapirish qiyin.

      Tartiblilik, tozalik, aniqlik, intizomlilik talablari mehnat jarayoni va vositalarini o‘zining ehtiyojidan kelib chiqmay, bu faqat pedagogninggina talabi bo‘lgan hollarda ham mehnatning tarbiyaviy ahamiyati pasayadi.

      Mehnat madaniyati malakalari u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibga va harakatlar izchilligiga rioya qilinishi lozimligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.

      Kerakli material va asboblar bilan yetarlicha ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatining shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi: biri qaychisini unutib, biri qog‘ozsiz kelib ish qilayotgan o‘rtog‘ini narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘qituvchi dars boshlanishidan oldin guruh boshlig‘i yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi do‘stona o‘zaro yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rishi lozim, biroq hech qanday holatda ham u o‘quvchini uyiga jo‘natmasligi yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmasligi kerak, afsuski, bunday hollar amaliyotda uchrab turadi. O‘quvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro yordam esa ularda do‘stlik, birodarlik, jamoa bo‘lib ishlash hissiyotlarini tarbiyalaydi.

      Mehnatning tarbiyaviy kuchi bolaning mehnatga munosabatiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ishtiyoq bilan berilib qilinayotgan mehnat majburan qildirilayotgan mehnatga nisbatan bolalarning ongiga, hissiyoti va irodasiga kuchliroq ta’sir etadi. Shuning uchun o‘quvchilar biror predmetni yasashga kirishishlaridan oldin o‘qituvchi bu predmetning zarurligini, uni qo‘llash o‘rni va maqsadini tushuntnrishi, so‘ngra uni yasash usullari va jarayonini tushuntirishga o‘tishi mumkin.

      Bolalar tayyorlagan buyumlarning o‘z o‘rnida qo‘llanilishi ham katta ahamiyatga egadir. Ular o‘z mehnatlarining foydaliligini ko‘rganlarida, ularda o‘z mehnatlarining natijasidan qoniqish, yana qandaydir foydali, yaxshiroq narsani qilishga intilish paydo bo‘ladi. Ularda o‘z qobiliyatlariga ishonch, narsalarga xushyor munosabatda bo‘lish hissiyoti uyg‘onadi, chunki bolalar atroflaridagi buyumlarning qanday mehnat evaziga yaratilganligini anglaydilar.

      Shunday qilib, o‘quvchilarga o‘zi yaratayotgan narsalarning foydaliligini tushuntirish, ularni tayyorlash usullarini ko‘rsatishgina emas, balki bu buyumni mo‘ljallangan o‘rnida ishlatish ham mehnat tarbiyasini to‘g‘ri amalga oshirishni o‘qituvchidan talab qilinadi va bu talab mehnat tarbiyasining zaruriy elementi hisoblanadi.

      Hayotda bola „o‘z narsasi“, „o‘z modelini“ avaylab saqlashini va qadrlashini, biroq hech bir o‘ylamay boshqalar yasagan, o‘zinikidan ancha qimmatliroq bo‘lgan buyumni qirqishi, sindirishi, buzib tashlashini ko‘plab uchratish mumkin. Bolalar o‘zlarining narsalarini odatda asraydilar, bu narsalarga fikran va xayolan qaytadilar, chunki bunga ular kuch, mehnat sarflagan, uni yasashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, yana qaytadan tiklab nuqsonlarini to‘ldirgan.

      Har qanday mehnatga ijod elementlari qo‘shilsa, uning tarbiyaviy ahamiyati ortadi. O‘quvchilar agarda buyumni bezashni o‘zlari o‘ylab topsalar juda quvonib ketadilar.

      1.3. Mehnat malakalari va ko‘nikmalari

      O‘quvchilarni tarbiyalash va ularni bo‘lajak amaliy faoliyatga tayyorlashda mehnat malakalari va ko‘nikmalari katta rol o‘ynaydi. Quyi sinf o‘quvchilariga mehnat ta’limini berish vazifalaridan biri ularda bir qator mehnat malakalari va ko‘nikmalarini shakllantirishdir.

      Mehnat malakalari va ko‘nikmalari faqat mehnat ta’limininggina natijasi bo‘lib qolmay, balki o‘quvchilarni mehnat faoliyatiga, ijtimoiy foydali ishlab chiqarish mehnatini bajarishga jalb qilish sharti hamdir.

       Ko‘nikma – bu kishining bilim va elementar tajriba asosida egallagan, ma’lum harakatni ongli bajarishga bo‘lgan qobiliyatidir. Masalan, kartonni kesa bilish ko‘nikmasi, qaychini to‘g‘ri ushlay bilish, harakatni aniq muvofiqlashtirish, yo‘nalish, kuch va bosimning tengligini saqlash, qomatni muvofiq keluvchi tarzda tutish degan ma’noni anglatadi. Bu o‘rinda ustalik bilan harakat qilib, ma’lum ish shartlariga, masalan, ishning sur’ati va aniqligiga rioya qilish kerak. Aks holda ish qo‘pol chiqishi mumkin.

      O‘quvchilarning bilimlari