Название | Tom Soyerning boshidan kechirganlari |
---|---|
Автор произведения | Марк Твен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-26-882-1 |
Tomning jon-dili bilan istagan hozirgi orzusi – ozodlikka chiqib olish, yoki hech bo‘lmasa, bunday qayg‘uli ravishda cho‘zilgan vaqtni o‘tkazish uchun birorta qiziqroq mashg‘ulot topib olish edi. Qo‘lini cho‘ntagiga solishi bilanoq, uning chehrasida shodlik alomatlari paydo bo‘ldi. U sekin-asta cho‘ntagidan yashirin ravishda qutichani chiqarib, uning ichidagi kanani oldi-da, partaning uzun, tekis taxtasi ustiga qo‘ydi. Kana, aftidan, shu damda juda shod va mamnun bo‘lgan bo‘lsa ham, lekin uning bu shodligi vaqtinchalik bir narsa edi, chunki u, turgan yeridan qo‘zg‘alib ketishi bilanoq Tom uni qo‘lidagi to‘g‘nog‘ich bilan orqaga burib, boshqa yoqqa qarab yurishga majbur qildi.
Tomning yonida uning eski qadrdon do‘sti o‘tirar va u ham Tomdan kamroq zerikmagan edi. Tomning oldida yurgan bu kanani ko‘rishi bilan u ham juda shodlanib ketdi. Bu qadrdon do‘stining oti Jo Garper edi. Bu ikki bola u haftadan bu haftagacha bir-birovidan hech bir ajralmas, bayram kunlari bo‘lganida esa bir-biriga qarshi ikki qo‘shinning boshida turib urush ochar edi.
Jo ham nimchasining yoqasi ostidan bir to‘g‘nog‘ichni olib, kanani uyoqdan-buyoqqa haydash uchun o‘z o‘rtog‘iga yordam bera boshladi. Bora-bora ikkovlari ham bu ishga juda qiziqib ketdilar.
Nihoyat, Tom: «Har ikkalamiz ham bir-birimizga xalaqit berayotirmiz va bu mashg‘ulotimizdan ikkovimiz ham mamnun bo‘lolmas ekanmiz» – dedi. U partaning ustiga Jo Garperning qora toshtaxtasini qo‘yib, uning o‘rtasidan yuqoridan-pastgacha chizib tushdi.
– Mana, – dedi u, – shunday shart qilamiz: kana sening tomoningda yurgan vaqtda, sen uni istagan yeringga quvlab yubora olasan, men tegmayman, basharti, mening tomonimga o‘tib qolsa, yana qaytib sening tomoningga o‘tguncha, unga tegmaysan. Xo‘pmi?
– Xo‘p bo‘ladi. Qani, boshla bo‘lmasa!
Kana tezlikda Tomning oldidan qochib ketdi va «ekvator»ni kesib o‘tdi. Jo uning ketidan ko‘p ovora bo‘lib yurdi, keyin kana yana Tomning oldiga qaytib ketdi va bu borish-kelishlar juda ko‘p takrorlandi. Bolalardan biri kanani u yoqdan-bu yoqqa quvlab yurar ekan, ikkinchisi ham juda qiziqib uni kuzatib turar edi. Ikkovlari ham taxta ustiga engashib olganlari holda butun vujudlari bilan shunga berilganliklaridan, ularning ko‘zlariga boshqa hech narsa ko‘rinmas edi. Keyinroq borib, aftidan, butun omad uzil-kesil Jo qo‘liga o‘tdi. Bolalardan ham ko‘proq hayajon va tashvishga tushgan kana goho u yoqqa, goho bu yoqqa o‘rmalar, lekin har safar Tomning yutib chiqishi kutilib, uning qo‘li qichib turgan paytda, Jo darhol kanani to‘g‘nog‘ich bilan turtardi-da, o‘z tomoniga burib yuborar edi. Nihoyat, Tom bunday ahvolga chidayolmadi, qo‘lini cho‘zib to‘g‘nog‘ichi bilan kananing yo‘lini to‘sdi. Buni ko‘rgan Joning jahli chiqib:
– Tom, tegma unga! – deb baqirdi.
– Jo, men uni birozgina quvlamoqchiman!
– Bu noinsoflik bo‘ladi, ser, tinch qo‘ying endi uni!
– Ko‘p g‘ingshiyverma, birozgina o‘ynayman-da!
– Senga aytaman, kanani tinch qo‘y, deyman!
– Tinch qo‘ymayman!
– Sen unga tegolmaysan, u mening tomonimda.
– Xo‘sh, Jo Garper, kananing o‘zi kimniki?
– Kimniki bo‘lsa bo‘laversin… Hozir u mening tomonimda, demak, sen unga tega olmaysan!
– Nega tegolmayman! Kana meniki, shuninguchun nimani xohlasam, shuni qilaman!
Shu vaqt Tomning yelkasiga yo‘g‘on bir musht tegdi. Undan keyin Jo ham xuddi shunday bir musht yedi. Shu ravishda, muallim ikki minut davomida har ikkovining nimchalaridagi changlarni astoydil qoqib qo‘ydi va maktab binosi bolalarning qiy-chuvlari bilan to‘ldi. Bolalar o‘yinga qattiq berilib ketganliklaridan, maktabda birdan jimjitlik hukm surganini ham sezmay qolgan edilar, chunki muallim oyoq uchi bilan yurib ularning oldiga borgan va tepalariga kelib turgan edi. Muallim ularning o‘yinlarini anchagacha kuzatgandan keyingina savalashga kirishdi.
Nihoyat, soat o‘n ikkini urib, katta tanaffus bo‘lganida, Tom Bekki Techer yoniga chopqillab bordi-da, uning qulog‘iga shivirlab:
– Qalpog‘ingni kiyib, uyga ketayotgan kishi bo‘l, burchakka yetgandan keyin boshqalarga yo‘l ber-da, o‘zing tor ko‘chaga burilib bu yoqqa qaytib kel. Men ham boshqa ko‘cha bilan borib, tezdan shu yerga qaytib kelaman, – dedi.
Shunday qilib, Tom bir to‘da maktab bolalari bilan, Bekki ikkinchi bir to‘da bolalar bilan maktabdan chiqdilar. Birpasdan keyin ular bir ko‘kalamzor oldida uchrashib, ikkovlari birga maktabga qaytib kelganlarida, maktabda hech kim yo‘q edi. Ular qora taxtani oldilariga qo‘yib, yonma-yon o‘tirdilar. Tom, Bekkining qo‘liga bir tosh qalam tutqizdi-da, uning qo‘lini o‘z qo‘li bilan yurgizib, yana bitta g‘alati uy surati ishladi. Salda zerikib ular o‘zaro so‘zlasha boshladilar. Tom o‘zini cheksiz baxtiyor his qildi.
– Sen kalamushlarni yoqtirasanmi? – deb so‘radi u.
– Pufey-y… men ularni juda yomon ko‘raman!
– Ularning tiriklarini men ham yomon ko‘raman. Men o‘lgan kalamushlar to‘g‘risida so‘zlayotirman. Bo‘yinlaridan ip bog‘lab olib, ularni boshingdan oshirib aylantirib yursang bo‘ladi.
– Yo‘q, men kalamushlarni umuman yomon ko‘raman. Mening yaxshi ko‘rgan bir narsam bor, u ham bo‘lsa, rezinka chaynab yurish.
– Ha, chindan-a! Afsuski, menda hozir rezinka yo‘q.
– Chindanmi? Menda ozroq bor. Senga beray, biroz chaynab, keyin menga qaytib ber.
Bu ish ular uchun juda ko‘ngilli edi, ular ortiq darajada mamnuniyat bilan oyoqlarini o‘ynatib, navbat bilan uni chaynashib o‘tirdilar.
– Sen ot o‘yiniga borganmisan?
– Ha, borgan edim, agar men aqlli qiz bo‘lib yursam, otam yana olib bormoqchi bo‘ldi.
– Men ot o‘yinida uch-to‘rt marta bo‘ldim, ko‘p bo‘ldim! U yer cherkovdan ko‘ra ko‘ngilliroq: unda hammavaqt yangi narsalarni ko‘rsatib turadilar. Men katta bo‘lganimda, ot o‘yiniga kirib masxaraboz bo‘laman.
– Chindanmi? Juda yaxshi bo‘ladi-da! Ular hammasi juda yaxshi, rango-rang…
– Ha, ular o‘yinga juda ham usta, shuning uchun pulni ham juda ko‘p topadilar… Benning aytishicha, har kuni bir dollardan pul topar emishlar. Menga qara, Bekki, seni unashganlarmi?
– Bu nima deganing?
– Shuni ham bilmaysanmi, erga tegish uchun biror kishiga unashib qo‘yganlarmi demoqchiman.
– Yo‘q.
– Sen shuni xohlar edingmi?
– Bilmadim, qanday bo‘ladi bu o‘zi?
– Qanday bo‘lar edi! Sen bir bolani yaxshi ko‘rasan-da, men hech vaqt shu boladan boshqa kishiga tegmayman, deysan. Keyin uni o‘pasan. Vassalom. Buni har kim ham qila oladi-ku.
– O‘pasan deysanmi? O‘pishning nima keragi bor?
– Nima keragi bor, chunki… Chunki u yaxshi bo‘ladi… Hamma ham shunday qiladi.
– Hamma-a?
– Ha, bir-birlarini sevgan kishilarning hammasi ham shunday qiladilar. Mening taxtaga yozib senga ko‘rsatgan so‘zlarim esingdami?
– Ha, esimda…
– Xo‘sh, o‘sha nima edi?
– Aytmayman.
– Balki, men aytsam bo‘lar?
– Ha, sen aytsang bo‘ladi… Faqat hozir emas, boshqa vaqtda.
– Yo‘q, hozir aytaman.
– Yo‘q, hozir