Tom Soyerning boshidan kechirganlari. Марк Твен

Читать онлайн.
Название Tom Soyerning boshidan kechirganlari
Автор произведения Марк Твен
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-26-882-1



Скачать книгу

kiyingan, ancha chiroyli, xushmuomala, yaxshi, badavlat ayol edi; uning tepalik ustidagi uyi, oddiy uy emas – saroy, ya’ni shu shaharchadagi birdan bir saroy edi; shuning bilan birga bu saroy hamma vaqt mehmonlar bilan to‘lib-toshar, Sankt-Peterburg maqtana olishga loyiq, katta-katta ziyofatlar o‘tkazilib turar edi. Uzoq yerdan shu joyga yaqinda kelgan, aslida o‘zi aristokratlardan bo‘lgan sud amaldori Riverson va shu yerning atoqli go‘zal xonimi, bu xonimning ketidan batis ko‘ylaklar kiygan, lentalar taqqan birmuncha yosh-yosh qizlar, idoralarda xizmat qiluvchi yosh-yosh yigitlar, xullas, shahardagi yoshlarning hammasi keldilar; ular bezatilgan uyda yarim doira yasab, hamma qizlar o‘tib ketguncha qo‘llaridagi konfetlarni shimgan holda kulishib turar edilar. Nihoyat, hammadan keyin Villi Makferson degan odobli bola ham keldi; u o‘z onasini shunchalik qo‘riqlar ediki, unga go‘yo onasi shishadan ishlangan bo‘lib, sinib ketayotgandek ko‘rinar edi. U hamma vaqt – onasini shu tartibda cherkovga olib kelar va boshqa onalar buni juda ma’qul ko‘rar edilar. Bolalarning hammasi ham uni juda yomon ko‘rishar, ayniqsa onalari, uning odobliligini misolga keltirishib, har doim ta’na qilishlarini yoqtirmas edilar. Uning orqa cho‘ntagidan har qachon, go‘yo tasodifiy bo‘lgandek, ro‘molchaning uchi chiqib turar edi. Tomda esa ro‘molcha degan narsa mutlaqo bo‘lmas va ro‘molchasi bor bolani u olifta, deb hisoblar edi. Cherkov xalq bilan liq to‘lgandan keyin, kechikkanlarni ogohlantirish uchun yana qo‘ng‘iroq chaldilar; so‘ngra cherkovda ulug‘vor sukunat hukm sura boshladi, bu sukunatni xor aytuvchilarning qiqillash va pichirlashlarigina buzar edi. Cherkovdagi ibodat vaqtida xor aytuvchilar hamisha pichirlashadilar. Men bir cherkovda o‘zlarini yaxshi tutadigan xorchilarni ko‘rganman, ammo qayerdaligi yodimda yo‘q. Bunga ko‘p yil bo‘ldi, yodimda qolmagan, bu hodisa qayerdadir boshqa mamlakatda bo‘lgan edi.

      Domla duo kitoblarini ochishni taklif qildi va o‘zining shu yerlik odamlarga ma’qul bo‘lib qolgan ingichka ohangi bilan duo o‘qiy boshladi. U dastlab tovushini o‘rtaroq olib, sekin-asta yuqori ko‘tara borar, so‘nggi so‘zini esa qattiqroq tovush bilan aytar edi-da, keyin xuddi mum tishlagandek, tovushini pasaytirardi.

      Yaqin do‘stim kurash va jafo

      Qo‘ynida bo‘lsa,

      Nahotki, yastansam men

      Gul to‘shaklarda!

      Domla juda yaxshi kitobxonlardan hisoblanar edi. Cherkovda o‘tkaziladigan kechalarda uning so‘zga chiqishini hamisha talab qilar va u so‘zlagan vaqtda hamma xotinlar hayajonlanishib, qo‘llarini yuqoriga ko‘tarishar, keyin esa qo‘llarini tizzalari ustiga tushirishib, ko‘zlarini yuqoriga qaratishar, boshlarini liqillatishar va shu bilan ularning ajablanishlarini hech bir so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmasligini bildirishar edilar. Bu biz uchun, bizning mamlakat uchun – juda go‘zallik.

      Munojot aytilib bo‘lgandan keyin, hurmatli mister Spreg mahalliy gazetaga aylanib, kelgusi mitinglar, majlislar, suhbatlar va boshqalar haqida juda ko‘p narsalar o‘qidiki, ibodat qilish uchun kelganlar uning munojotlarini qiyomatga qadar cho‘zilar, deb o‘yladilar…

      So‘ngra domla ibodat qilishga kirishdi. Bu ibodat yaxshi, keng ma’noli, saxiy, har bir mayda narsani o‘z ichiga sig‘diruvchi ibodat edi: chunonchi, u shu yerdagi cherkov, uning mayda bolalari, shu shaharchadagi boshqa cherkovlar to‘g‘risida, shaharchaning o‘zi, bizning butun okrug, bizning shtat to‘g‘risida, shtatimizdagi chinovniklar to‘g‘risida, Qo‘shma Shtatlar to‘g‘risida, Qo‘shma Shtatlardagi cherkovlar to‘g‘risida, kongress8 to‘g‘risida, prezident to‘g‘risida, ministrlar to‘g‘risida, dahshatli bo‘ronlarda ishlovchi qashshoq dengizchilar to‘g‘risida, Yevropa monarxiyasi va Sharq despotiyasi zulmi ostida ezilgan million-million qullar to‘g‘risida, Tavrot haqiqati yorug‘i bilan oqartirilganlar to‘g‘risida, ko‘rishga ko‘zlari, eshitishga quloqlari yo‘qlar to‘g‘risida, uzoq dengiz orollaridagi majusiylar to‘g‘risida aytilgan bir ibodat edi. Bu duolarning hammasi hozir aytmoqchi bo‘lgan so‘zlar har narsadan oliy bo‘lgan dargohga yetib, unumdor yerga tushgan dondek yaxshi hosildor bo‘lg‘ay. Omin! – degan duolar bilan tamomlanardi.

      Shu yerda xotin-qizlar kiyimlarining shaldiragan ovozi eshitildi, cherkovga kelganlar esa o‘tirishdi. Kitobimizning shu sahifalarida hayoti tasvir etilayotgan bola, qilinayotgan ibodatlardan juda mamnun emas edi. U qattiq chidash berib, ibodat tamom bo‘lishini sabrsizlik bilan kutib o‘ltirdi. U joyida o‘tirolmas edi: u duoning ayrim so‘zlariga e’tibor bermasdan, ba’zi bir yerlariga ixtiyorsiz ravishda quloq solib qolardi. Chunki u, bu duolarga ko‘pdan odatlanib qolgan. Ammo domla, ibodatga biror yangilik kirgizib qolsa, Tomning quloqlari buni darhol sezib olar va uning butun vujudi nafratlanar edi. U ibodatning uzilishini vijdonsizlik va noinsoflik deb hisoblar edi.

      Domlaning shunday duo munojotlari o‘rtasida Tomning diqqatini uning oldidagi kursiga qo‘nib o‘tirgan bir pashsha o‘ziga tortdi. Bu pashsha o‘zining harakatlari bilan Tomni og‘ir qiynoqqa solar, u tinch va osoyishtalik bilan o‘zining ingichka oyoqlarini bir-biriga suykar, o‘sha oyoqlari bilan boshini ishqar, ishqagandayam shunday g‘ayrat va jasorat bilan ishqar ediki, go‘yo boshi tanasidan ajralib chiqqandek bo‘lar, bo‘ynining ingichka ipi ko‘rinar edi. Keyingi oyoqlari bilan qanotlarini silar va o‘zining butun shu tariqa bezanishlarini hech bir shoshmasdan tinchgina, go‘yo o‘zi uchun qo‘rqinchli hech bir narsa yo‘qligiga ishongandek, bemalollik bilan bajarar edi. Chindan ham, uning uchun qo‘rqinchli hech narsa yo‘q edi, garchi bu pashshani tutib olish uchun Tomning qo‘li qichisa ham, lekin u hozir, ibodat vaqtida bunday ishga jur’at qilolmas edi, basharti u bu ishni qilsa, abadiy gunohkor bo‘lib, o‘z joniga jabr qilgan bo‘lar edi. Biroq, domla duosini o‘qib bo‘layozgan vaqtda Tomning qo‘li o‘z-o‘zidan oldinga cho‘zildi-da, domla «omin» deyishi bilan, pashsha uning qo‘liga ilindi. Biroq, xolasi uning bu qilig‘ini payqab qolib, tezdan pashshani qo‘yib yuborishga majbur etdi.

      Domla Tavrotdan bir parchani o‘qib bo‘lib, gulduragan va bir tekis tovushi bilan va’z boshladi. Uning ovozi shunday zeriktirarli ediki, hademay ko‘p kishi mudray boshladi. Va’zchi esa gunohkorlarga berilajak azoblarni so‘zlab qo‘rqitar, abadiy rohat o‘rinlari tayyorlanib qo‘yilgan gunohsiz kishilarning sonlarini esa juda kam ko‘rsatar ediki, uning so‘zicha, bir hovuchgina keladigan gunohsiz kishilarni qutqarish uchun ovora bo‘lish ham arzimaydi, degan natijani chiqarish mumkin edi.

      Tom, va’z kitobining sahifalarini sanab chiqdi; u va’z kitobining betlarini doim sanab chiqishga ulgura olsa ham, va’zning o‘zini yodida saqlab qololmas edi. Biroq bu safar uning ma’nolaridan ham ba’zi narsalar uni qiziqtira boshladi. Domla, odamni larzaga keltiradigan buyuk bir manzarani – dunyodan o‘tgan barcha kishilar mahshargohga yig‘ilajagini, yo‘lbars esa qo‘zichoqning oldiga borib yotajagini va go‘dak bir bola ularni olg‘a yetaklab ketishini tasvir qildi. Bu manzaraning jonlanishi va axloqi Tomni hech bir hayajonlantirmas edi. Tomni faqat butun yer yuzi xalqi oldida o‘sha bolaning hissasiga tushgan muhim rol hayron qoldirardi: uning ko‘zlari chaqnab ketdi va bu yo‘lbars qo‘lga o‘rgangan bo‘lsa, o‘sha bola rolini o‘ynashga tayyorligini bildirar edi. Biroq bu yerda safsatalar ko‘payib, Tomning qayg‘usi yana yangilandi.

      Birdan u, o‘z cho‘ntagida qandaydir bir xazina borligini esiga tushirdi-da, darrov uni cho‘ntagidan olishga shoshildi. Bu – katta, jag‘lari baquvvat, Tomning aytishicha «chaqag‘on qora qo‘ng‘iz» edi. Qo‘ng‘iz bir piston qutichasiga berkitib qo‘yilgan. Tom qutichani ochishi bilanoq qo‘ng‘iz daf’atan uning qo‘lini chaqib oldi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bola darrov qo‘ng‘izni bir tomonga irg‘itib, u chaqib olgan barmog‘ini og‘ziga soldi. Qo‘ng‘iz chalqanchasiga yerga tushib qolib, ag‘darilolmay, tipirchilab yotar edi. Tom unga tikilib qarab turar va uni qaytib olgisi kelar edi. Lekin qo‘ng‘iz ancha olis yerda bo‘lib, unga bo‘yi yetmas edi. Bu qo‘ng‘iz ibodat so‘zlari va nasihatlarga qiziqmagan ko‘pgina kishilar uchun ancha ermak bo‘ldi; ular, qo‘ng‘izning yotgan joydan turib olish uchun ag‘darilishga urinayotganini butun diqqatlari bilan kuzatib turar edilar.

      Shu vaqt cherkov ichiga tasodifiy ravishda kichkina it – pudel adashib kirib qoldi. U yozning issiq havosidan entikib yolg‘iz o‘zi qamoqda yotaberganidan zerikib, har xil qiziq narsalarni ko‘rgisi



<p>8</p>

Amerika parlamenti.