Название | Gulyetim |
---|---|
Автор произведения | Nabijon Qodirov |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-26-982-8 |
– Endi Mishaka, biz ustalar bir-birimizni qo‘llab turamizda-a.
– Albatta, nima so‘rab keldingiz, tortinmay aytavering.
– Oma, juda ziyraksiz-da Mishaka. Drelingizni (elektr tokiga ishlaydigan parma) berib turmasangiz bo‘lmaydi. Juda zarur. Ishimni bitiraman-u, bir soatga borib-bormay, lichno o‘zim keltirib beraman, aka.
Misha tog‘a bir so‘z demay, sumkasidan drelni olib berdi.
– Endi, Samintoy, bugun bo‘lmasa ertaga bu asbob bizga kerak bo‘ladi.
– Bir soatga bormay keltirib beraman, dedim-ku, ota.
Samintoy aka qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday shoshib chiqib ketdi. Faqat tashqariga chiqqach, dadamga xo‘mrayib dedi:
– Arzonginaga qoqib berardim shu polingni… O‘zing bir mardikor bo‘lsang… Yo puling ko‘payib qoldimi? Tavba, hammang shu tomi ketgan, kelgindi cholga chopasan-a.
– Hali sizgayam ishlar bor, – dedi dadam xijolat tortib.
– Mana ko‘rasan, qoqqan poli o‘n kunga bormay ochilib ketadi, – dedi-da, jahl bilan jo‘nab qoldi.
Ichkariga kirdim.
– Chakki qildingiz, ustoz – dedi O‘ktam aka Misha tog‘aga qarab. – Bir soat tugul bir yildayam dumini tutqazmaydi bu tullak. Shaytonni (baland-pastni ko‘rsatadigan asbob) olib ketib, qaytib kelmagani esingizdan chiqdimi?
– Mayli-da, bungayam qiyin. Hamirturishi shunday bo‘lsa, u bechora nima qilsin. Bunaqa odamlarni faqat go‘r to‘g‘rilaydi.
Mix uchun do‘konga chiqib ketgan dadam menga chiroyli shim ham olib keldi.
– Bu she’r yozganing uchun, o‘g‘lim, – dedi qo‘limga qop-qora shimni tutqazib.
Xursand bo‘lib darrov kiyib ko‘rdim. O‘zimga rosa loyiq keldi. Zo‘r ish bo‘ldi-da. Maktabga hamma qatori shalvarishton bilan borardim. Endi mening ikki yonida cho‘ntakli shimim bor. Rahmat, dadajon!
Usta-shogirdlar jadallik bilan polni qoqib bo‘ldilar. Misha tog‘a uyimizning to‘ridagi va ikki deraza o‘rtasidagi tokchalar ustiga ortib qolgan taxtalardan eshik yasab, tokchajavon qurib bermoqchi bo‘ldi. Endi elektr parma kerak bo‘lishini aytib, o‘ylanib qoldi. O‘ktam aka haq bo‘lib chiqdi. Oradan ikki kun o‘tsa hamki, Samintoy akadan darak bo‘lmadi. U lafzsizlik qildi.
– Davronbek, Samintoyni uyini bilasanmi? – dedi Misha aka xijolat tortib.
– Bilaman. U mahallamizda turadi.
– Borib drelni olib kelsang, bizga juda katta yordam qilgan bo‘larding-da, o‘g‘lim.
– Xo‘p bo‘ladi. Birpasda borib olib kelaman, – dedim-da, chopib ko‘chaga chiqib ketdim.
Samintoy akaning eshigi ochiq ekan. Hovlisiga kirib uzoq chaqirdim. Hech qanday javob bo‘lmadi. Endi izimga qaytayotgan edim, uydan g‘ingshiganicha yarimyalang‘och Samintoy aka chiqdi.
– Kim u!
– Men, Davronman!
– Uyquniyam beliga tepding-ku, zumrasha. Qaysi Davron!
– Men Ergash akaning o‘g‘liman. Ustalarning drelini olgani kelgandim.
– Obbo… Yeb qo‘yarmidim, o‘zim obborib berardim, o‘sha sopi tilladan matohini.
– Ustalarga kerak bo‘lib qoldi-da.
Samintoy aka to‘ng‘illab uyiga kirib ketdi. Shu payt chorvoq tomondan eshakday keladigan it chopib kelib, menga qarab hura boshladi. Qo‘rqqanimdan nima qilishimni bilmay, joyimda qotib turaverdim.
Xayriyat, ichkaridan Samintoy akaning qorasi ko‘rindi.
– Qoplon! – dedi u baland ovozda.
It sal pasayganday bo‘ldi.
– Yurakdan ham bor ekan-ku. Qo‘rqma, qopog‘on emas, – dedi qo‘limga drelni berarkan.
Ortimga qayrilib, bir-ikki qadam yurganim hamono it huriganicha menga qarab jon-jahdi bilan tashlanib qoldi. Ko‘cha eshik tomonga qarab qochdim. Biror narsaga qoqildimmi, qanday qilib orqam bilan yiqildim, aniq eslolmayman. Boshim qattiq bir narsaga zarb bilan urildi. Hushimni yo‘qotdim.
– Ana, ko‘zini ochdi, – dedi O‘ktam aka xursand bo‘lib. Men uyda qalin ko‘rpachalar ustida yotardim.
Boshimda dadam, onajonim, Misha tog‘a va O‘ktam akalar menga xavotir bilan termilib turishardi. Onajonim tinmay yig‘lar, atrofimda aylanib, o‘rgilardi.
– Nima bo‘ldi, o‘g‘lim, tuzukmisan? – dedi dadam ovozi titrab.
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Nega yig‘layapsizlar?
– Bizni qo‘rqitib yubording-ku, Davronbek, – dedi Misha tog‘a jilmayib. Xafa bo‘lma. Hamma ayb menda.
– Hammasiga Toy bo‘lmay o‘lgir, o‘sha Samin sababchi, – dedi O‘ktam aka so‘kinib.
– Kelib-kelib drelga seni yuborganimga ming pushaymon yedim. Xayriyat tuzuk ekansan. Tangrimga shukur, – dedi Misha tog‘a afsuslanib.
– Drel qani?– dedim shoshilib.
– Mana, o‘zing olib kelding-ku, shu savil qolgurni, – dedi Misha tog‘a.
Nima bo‘lganiga tushunmay, o‘ylana boshladim. It quvdi, yiqildim. Yodimga boshqa hech narsa kelmadi. Eslaganim shuki, xuddi tushdagiday yurib kelayotib ortimga qaradim, Samintoy aka menga qo‘lini bigiz qilib, xandon otib kulyapti. Shu xolos.
Onamning aytishlaricha, uyga kelib aljirabman. Ular qo‘rqib ketib, menga joy solib yotqizishibdi. Tezda uxlab qolibman. Uch soatlik uyqudan turganimni keyin anglab yetdim.
Misha tog‘aning poldan tashqari yana ikkita tokcha javon yasab berishi, uymizning chiroyini ochib yubordi. Ish yakunlangan kuni dadamning o‘zi boplab palov damladi. Oshdan keyin ustalarning haqini berib, ularni rozi qildi. Misha tog‘a tez-tez ahvolimni so‘rar, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlikda o‘zini aybdor sanab, afsuslanardi. U menga nimadir yaxshilik qilib, ko‘nglimni olishni istardi. Shunday ham bo‘ldi.
Misha tog‘a shaharlik bir magazin mudirining uyida uch oy ishlagani, ish haqiga pul bilan birga ikkita Volxov rusumli televizor berganini va o‘sha televizorning birini bizga sotishi mumkinligini aytib qoldi.
Dadam qo‘li kaltaligini aytib, bu taklifni rad etdi. Misha tog‘a esa o‘z so‘zida qattiq turib oldi.
– Ergashboy, sen ham menga o‘xshab ko‘pchilikni hojatini chiqarib yuradigan odamsan. Xijolat bo‘lma. Pulini qistamayman, topganingda berarsan. Bermasang ham roziman. O‘zbeklarda berganda ol, urganda qoch, degan gap bor. Olaversang-chi, uka, – dedi jilmayib.
Dadamning rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi. Bu ishlarni Misha aka aynan men uchun qilayotgan edi go‘yo. Quvonchimning cheki yo‘q. Zo‘r bo‘ldi-da! Chunki u paytlarda televizor juda katta yangilik hisoblanib, mahallamizda bitta-ikkita xonadonlarda endigina paydo bo‘lgan edi. Biz, bolalar, qo‘shnilarnikiga kirib, yarim tungacha televizor ko‘rishni odat qilgan edik. Bu ishimiz uy egalariga ba’zan malol kelsada, bizga sezdirishmas, uyning bir chetiga joy solib uxlayverishardi. Biz esa bolaligimizga borib surlik bilan yana kiraverardik.
O‘sha gapning ertasigayoq O‘ktam aka televizorni velosipedining bog‘ichiga boylab, uymizga olib keldi. Usta-shogird kun bo‘yi urinib antenna yasab, tomga o‘rnatdilar. Endi qo‘shnilarimiz biznikiga tomoshaga chiqadigan bo‘lishdi.
O‘QISHIMDAGI PASAYISH
Kunlar o‘tgani sayin menda o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. Yotog‘imga kirgach, hadeganda uyqumni topolmay qiynalaman. Poyoni yo‘q o‘y-xayollar girdobida toliqib, tongga yaqin ko‘zim ilinganday bo‘lar, uyg‘onganimda esa vujudimda lanjlik va qattiq charchoqni his etardim.
Uyqumda