Название | Uzunpaypoq Peppi |
---|---|
Автор произведения | Астрид Линдгрен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-7390-2-4 |
– Bo‘lmasam-chi! – dedi Tommi, bugun ular uchun zerikarli kun bo‘lmasligini bilganidan quvonib.
– Unday bo‘lsa, menikiga kirib nonushta qilmaymizmi? – so‘radi Peppi.
– Zap ish bo‘lardi! – dedi Tommi.
– Ketdik unda! – deb ularga qo‘shildi Annika.
– Lekin birinchi bo‘lib sizlarni janob Nilsonga tanishtirishim lozim, – dedi Peppi. Maymuncha esa qizning boshidan shlyapasini olib, qarshisidagi bolalarga oliyjanoblik bilan ta’zim qildi.
Shundan so‘ng bolalar tevaragi po‘panak bosgan, qurib ketgan, lekin tirmashib chiqishga judayam mosday ko‘ringan daraxtlar bilan o‘ralgan shag‘al yo‘lak bo‘ylab nurab yotgan bog‘ darvozasi tomon yurishdi. Darvozadan ichkari, ayvon ostida sho‘rva suziladigan idishda suli kavshagancha bir ot turardi.
– Nega otingni ayvon ostida saqlaysan? – so‘radi Tommi. U bilgan barcha otlar og‘ilxonada saqlanardi.
– Xo‘sh, – dedi Peppi o‘ylanib qolgancha, – rostini aytsam, oshxonada saqlay desam, nuqul oyoq ostida o‘ralashaverdi, mehmonxona esa jihozlarga to‘laligi uchun unga juda noqulaylik tug‘dirdi.
Tommi va Annika otning badanidan sekingina silab, uy ichiga yo‘l olishdi. Peppining uyida oshxona, mehmonxona va yotoqxonasi bor edi. Lekin uyning tartibsizligiga qarab Peppi bu hafta shanba kungi tozalash ishlarini unutib qoldirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan kishi. Tommi va Annika Odamxo‘rlar orolining qiroli biror burchakda o‘tirgan bo‘lsa-chi, degan xavotir ichida atrofga diqqat bilan nazar solishdi. Ular umrlari bino bo‘lib odamxo‘rlar qirolini uchratishmagandi, biroq Peppining uyida na onasi, na otasi – hech kim ko‘zga tashlanmadi. Annika xavotir aralash so‘radi:
– Peppi, sen bu uyda yolg‘iz o‘zing yashaysanmi?
– Nega ekan, biz uchtamiz: janob Nilson, men va otimiz.
– Bundan chiqdi, otang ham, onang ham yo‘qmi?
– Yo‘q, – dedi Peppi mamnunlik bilan.
– Kim senga vaqtida uxlash, vaqtida ovqat yeyish va shu kabi narsalarni eslatib turadi? – so‘radi Annika.
– O‘zimga o‘zim aytaman, – javob berdi Peppi. – Avval boshda o‘zimga muloyimlik bilan tushuntiraman, foyda bermasa, qattiqroq gapiraman, shundayam gapga kirmasam, o‘z-o‘zimni o‘xshatib shapatilayman, endi bildingizmi?
Tommi va Annika unchalik ham tushunishmadi-yu, lekin shunisi eng ma’qul yo‘l bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi. Oshxonaga kirishlari bilan Peppi qichqirib qo‘shiq ayta boshladi:
Biz hozir quymoq pishiramiz,
Quymoq pishiramiz hozir biz,
Pishiramiz hozir biz quymoqni…
Peppi uch dona tuxumni olib, havoga uloqtirdi. Tuxumlardan biri to‘g‘ri kelib boshiga tushib sindi-yu, tuxumning sarig‘i Peppining yuz-ko‘zini qopladi. Qolgan ikkita tuxumni mohirlik bilan kosa ichiga tutib oldi. Afsuski, ular ham kosaga tushiboq chil-chil sinib, qorishib ketdi.
– Tuxumning sarig‘i soch uchun foydali deb eshitganman, – dedi Peppi ko‘zini ishqalagancha. – Qarab turing, birozdan so‘ng sochlarim charschurs qilib o‘sib chiqa boshlaydi. Axborotingiz uchun, Braziliyada barcha insonlar boshiga tuxum sarig‘ini surkab yuradi. Birortayam kalbosh odamni uchratmaysiz u yerda. Darvoqe, faqatgina bir kishi bo‘lardi, u shunchalik ahmoq va badnafsligidan tuxumlarni boshiga surtish o‘rniga paqqos tushirar edi. Mana shu qilig‘i tufayli boshi taqir bo‘lib qoldi, ko‘chada yarqiragan boshini ko‘rsatib yurganida shunchalik g‘alayon ko‘tarildiki, axiyri, politsiya chaqirishga to‘g‘ri kelgandi.
Peppi shularni so‘zlay turib, kosa ichidan tuxum po‘stlog‘i parchalarini barmoqchalari bilan bitta qoldirmay terib oldi. Devorda osig‘liq turgan hammom cho‘tkasini olib, quymoqqa solinadigan mahsulotlarni shunchalar kuch bilan aralashtira boshladiki, butun xona devorlariga suyuq xamir sachradi. Nihoyat, qolgan xamirni gazda turgan tovaga soldi.
Bir tomoni qizarishni boshlaganda quymoqni tepaga uloqtirdi, quymoq shiftga yetmay, havoda bir aylandi-yu, tag‘in Peppi uni tovaga ilib oldi. Quymoqlar tayyor bo‘lishi bilan Peppi ularni oshxonaning bir burchagidan to‘g‘ri stol ustida turgan likopchaga uloqtiraverdi.
– Tezda yeb olinglar, sovib qolmasin, – deb qichqirdi Peppi. Tommi va Annika quymoqlarni maza qilib yeb olishdi, dunyoda bundan-da ajoyib quymoq yo‘q edi ular uchun.
Ko‘p o‘tmay Peppi ularni mehmonxonaga boshlab bordi. Bu yerda birgina jihoz – bir talay tortmalari bor ulkan kiyim javoni turardi. Peppi tortmalarni birma-bir ochib, Tommi va Annikaga o‘zi saqlayotgan xazinalarni ko‘rsatdi. Bularning ichida alomat qushlarning tuxumlari, noma’lum po‘stloqlar-u toshlar, chiroyli bezatilgan jajji qutichalar, kumush oynachalar, marjon taqinchoqlar va yana bir talay narsalar bo‘lib, ularni Peppi va otasi dunyo bo‘ylab sayohatlari chog‘ida sotib olishgan edi. Peppi yangi do‘stlarining har biriga uni eslab yurishlari uchun kichkina hadyalar berdi. Tommi yaltiragan sadaf sopli xanjarga, Annika esa pushti chig‘anoqlar bilan bezatilgan qutichaga ega bo‘ldi. Quticha ichida zabarjad ko‘zli uzuk bor edi.
– Sovg‘alarni olgan bo‘lsangiz, endi uyingizga borishingiz mumkin, – dedi Peppi. – Ertaga yana kelsangiz bo‘ladi. Chunki agar bugun uyga vaqtli qaytmasangiz, ertaga kelolmay uyatga qolasiz.
Tommi va Annika uning fikrini ma’qullab, uyga qaytadigan bo‘lishdi. Qaytayotib allaqachon oldidagi sulini paqqos tushirgan otning badaniga tag‘in ohista shapatilab o‘tdilar. Janob Nilson ularning ortidan shlyapasini silkitib qoldi.
2. Peppining mushtlashuvga aralashgani
Ertasi kuni Annika uyqudan erta uyg‘ondi. Yotoqdan sakrab turib, Tommi tomonga yugurdi.
– Uyg‘on, Tommi, – deb baqirdi u Tommini qo‘li bilan turtgancha: – Uyg‘ona qol, ulkan boshmoq kiyadigan ajoyib qizni ko‘rgani tezroq boraylik.
Bu gapdan Tommi darhol ko‘zlarini ochdi.
– Hatto uxlayotganimda ham bilgandim bugun qandaydir hayratlanarli sarguzashtlar yuz berishini. Lekin tushimni aniq-tiniq eslab qololmadimda… – dedi Tommi pijamasini yechib uloqtirarkan.
Ikkalovi ham yuvinish xonasiga yugurib, avval yuz-qo‘llarini, so‘ng esa tishlarini doimgidan ancha tez yuvib, ko‘z yumib ochguncha kiyimlarini kiyishdi. Tommi va Annika ularning onasi kutganidan roppa-rossa bir soat ilgari zinadan uchib tushib, nonushta stoliga o‘tirishdi. O‘tirayotib onalaridan issiq shokoladlarini hoziroq keltirishini so‘rashdi.
– Nima sababdan buncha jonsarak bo‘lyapsiz? – so‘radi ulardan onasi.
– Qo‘shni uyga yangi ko‘chib kelgan qizni ko‘rgani bormoqchimiz, – dedi Tommi.
– Kun bo‘yi o‘sha yerda bo‘lsak ham ajabmas, – gapga qo‘shildi Annika.
Peppi ayni o‘sha kuni ertalabdan «pepparkakor» deb ataladigan zanjabilli shvedcha shirinlik pishirish bilan ovora edi. U katta xamir zuvala olib, zuvalani oshxona poliga yoygan edi.
– Menga qiziq-da, janob Nilson, – dedi u maymunchaga, – biron kishi, masalan, qariyb besh yuzta shirinlik pishirmoqchi bo‘lsa, kichkina patnisning qanday foydasi tegishi mumkin? Shunday ekan, xamirni polda yoygan yaxshi emasmi?
Peppi