Название | Ko`rinmas odam |
---|---|
Автор произведения | Герберт Уэллс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-8593-4-0 |
U xona o‘rtasida dovdirab turarkan, pastdan, yerto‘ladan xotinining G‘arbiy Susseks aholisiga xos bo‘lgan chiyildoq ovozini eshitdi. Missis Xollning labi labiga tegmay bobillab gapirishi uning juda ham toqati toq bo‘lib ketganidan darak berardi.
– Jorj! – deb baqirardi ayol. – Kerakli narsani topdingmi?
U burilib xotini yoniga shoshildi.
– Jenni! – deb qichqirdi u, yerto‘laga tushiladigan zinapoya panjarasi ustidan engashib. – Xenfrining gapi to‘gri chiqib qoldi-ku. Ijarachimiz uyda yo‘q. Ko‘cha eshikning ham tambasi ochilib yotibdi.
Avvaliga missis Xoll gap nimada ekanini tushunmadi, keyin voqeaning qanchalik jiddiy ekanini fahmlagach, bo‘sh yotgan xonani o‘zi borib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Hali ham shishani qo‘lidan qo‘ymagan janob Xoll oldinga tushib yo‘l boshladi.
– Uning o‘zi yo‘q, kiyimlari esa shu yerda, – dedi janob Xoll.
– Qipyalang‘och ahvolida qayerda sang‘ib yurganikin? Taajjub.
Ular yerto‘laning zinapoyasidan chiqayotganlarida, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, xuddi birov ko‘cha eshikni ochganday, so‘ng qaytadan yopib qo‘yganday tuyuldi, lekin eshikning yopiq turganini ko‘rib, er-u xotin o‘sha daqiqada bir-birlariga hech nima demadilar. Dahlizda missis Xoll erining oldiga o‘tdi-da, zinapoyaga birinchi bo‘lib chiqdi. Shu payt ularning yonida allakim aksirib yubordi. Olti pog‘ona pastda bo‘lgan Xoll xotinim aksirdi deb o‘yladi, xotini esa eri aksirganiga amin edi. Missis Xoll yuqoriga chiqib, eshikni lang ochdi-da, musofirning xonasini ko‘zdan kechira boshladi.
– Umrim bino bo‘lib bunaqasini ko‘rmaganman! – dedi u.
Shu mahal, uning shundoq yonginasida allakim tomoq qirib qo‘ydi, missis Xoll orqasiga o‘girildi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi, chunki eri yigirma qadam chamasi narida, zinapoyaning yuqori pog‘onasida turgan edi. Buni ko‘rib, janob Xoll darrov xotinining yoniga keldi. Xotini esa engashib, yostiq va ko‘rpaning jildini paypaslab ushlab ko‘rdi.
– Sovuq, – dedi u, – uning bu yerdan chiqib ketganiga bir soatdan ko‘proq bo‘libdi, – Missis Xoll shu so‘zlarni aytib ulgurmasidanoq aqlga sira to‘g‘ri kelmaydigan qiziq bir hodisa yuz berdi: ko‘rpaning jildi o‘zidan-o‘zi g‘ijimlanib, karavotning panjarasi ustidan uchib o‘tdi. Allakimning qo‘li ko‘rpa bilan choyshabni g‘ijimlab, yerga olib tashlaganday bo‘ldi. Shundan so‘ng noma’lum kishining shlyapasi osig‘liq turgan joyidan sakrab ko‘tarildi-da, havoda yarim doira yasab borib, missis Xollning basharasiga urildi. Undan keyin o‘shanday tezlik bilan yuvinish idishi oldidagi sovun ham havoda g‘izillab uchdi; shundan so‘ng kreslo noma’lum kishining kostyumi bilan shimini silkib tushirdi-da, ijarachining o‘ziga o‘xshab qiqirlab kulganicha yonboshladi va oyoqlarini missis Xoll tomonga o‘girib, unga hamla qildi. Missis Xoll dod solib eshik tomonga o‘girildi, kresloning oyoqlari esa uning yelkasiga ohista tiralib, janob Xoll bilan ikkalasini xonadan itarib chiqardi. Eshik yopilib, qulfning sharaqlagani eshitildi. Kreslo bilan karavot, go‘yo g‘alabani nishonlagandek, yana bir oz raqs tushib turdi-da, keyin hamma yoq tinchib qoldi. Missis Xoll deyarli hushsiz holda erining qo‘liga osilib qoldi. Janob Xoll, baqiriq-chaqiriq va shovqin-surondan uyg‘onib ketgan Millining yordamida xotinini zo‘r-bazo‘r pastga olib tushib, unga dori ichirdi.
– Bu ins-jinslarning ishi, – dedi missis Xoll, nihoyat, o‘ziga kelib. – Bilaman, bu ins-jinslarning ishi. Men ular to‘g‘risida gazetada o‘qigan edim. G‘azetada yozishlaricha, stollar va stullar irg‘ishlab raqs tusha boshlarkan…
– Yana ozroq ich, – uning so‘zini bo‘ldi Xoll. – Sal o‘zingga kelasan.
– Eshikni qulfla, – dedi missis Xoll. – Hushyor bo‘l, endi uni uyga kiritma. Men hamisha undan shubhalanardim… Nega g‘aflatda qoldim-a! Ko‘zi ko‘rinmasdi, boshi bint bilan chirmab tashlangan edi, yakshanba kuni bo‘lsa-yu, cherkovga sira bormasdi. Shishalarining son-sanog‘i yo‘q!.. Kiroyi odam uchun shuncha shishaning nima keragi bor! U mebelga insjinslarni kiritibdi… Aziz va ko‘hna mebellarim! Men jajjigina qizaloq vaqtimda onajonim ana shu kresloda o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Endi kelib-kelib uni menga qarshi qo‘zg‘alganiga hayron qolasan kishi…
– Doridan yana bir tomchi ich, Jenni, – dedi Xoll, – asabing bugun juda qattiq buzilib ketdi.
Soat besh bo‘ldi, tong yorishib ko‘chalarga quyosh nur socha boshladi. Er-u xotin Millini ro‘paralarida yashaydigan temirchi janob Sendi Uojersni aytib chiqish uchun yuborishdi.
– Xo‘jayinim sizga salom aytdilar, – dedi Milli temirchiga.
– Bizning uydagi mebellarga bir balo bo‘ldi. Kirib bir ko‘rib chiqasizmi-a?
Janob Uojers juda bilimdon va zehni o‘tkir odam edi. U Millining hikoyasini jiddiy qabul qildi.
– O‘lay agar, bu sehr-jodu-ku! – Bunday ijarachiga faqatgina tuyoq kamlik qiladi, xolos.
U janob Xollnikiga tashvishli bir qiyofada keldi. Janob va missis Xoll u bilan yuqori qavatga chiqmoqchi bo‘lishdi, biroq temirchi bunday qilishga shoshilmadi. U suhbatni dahlizda davom ettirishni afzal ko‘rdi. Xakstersning do‘konidan gumashta chiqib, do‘konning deraza va eshiklarini ocha boshladi. Uni yuz bergan voqeaning muhokamasida ishtirok qilishga taklif etishdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, janob Xakstersning o‘zi ham yetib keldi. Anglosaksonlar parlamentiga xos bo‘lgan ruh bu yerda ham o‘zini yaqqol namoyish qildi, ya’ni ko‘p gapirildi-yu, lekin amaliy ishga kirishilmadi.
– Avval faktlarga oydinlik kiritaylik, – deb o‘z fikrini o‘tkazishga harakat qilardi janob Sendi Uojers. – Xonaning eshigini buzib kirishimiz to‘g‘ri bo‘larmikin, yo‘qmi, ana shu masalani muhokama qilaylik. Qulflangan eshikni har mahal ham buzish mumkin, biroq eshik buzilgandan keyin uni buzilmagan deb isbot qilib bo‘lmaydi-da.
Lekin qo‘qqisdan, hammani ajablantirib, ijarachining eshigi o‘z-o‘zidan ochildi. Shunda ular yuqoriga qarab, o‘ranib-chirmanib olgan noma’lum kishining o‘zidan ham vahimali ko‘zoynagini yaltiratib zinapoyadan tushib kelayotganini ko‘rdilar. U qaqqayib qadam tashlaganicha, zinapoyadan asta tushib keldi-da, dahlizdan o‘tib to‘xtadi.
– Anavini qaranglar, – dedi u qo‘lqopli barmog‘ini bigiz qilib.
Odamlar u ko‘rsatgan tomonga qarab, yerto‘la eshigi oldida turgan quti to‘la shishani ko‘rdilar. Noma’lum kishi esa mehmonxonaga kirdi-yu, qo‘qqisdan zarda bilan eshikni taraqlatib yopib oldi.
Bir daqiqacha hech kim churq etib og‘iz ochmadi. Hamma sukut saqlab bir-biriga boqardi.
– Ochig‘ini aytsam, bezbetlik ham evi bilan… – deb gap boshlagan Uojers jumlani tugatolmay qoldi.
– Sizning o‘rningizda men bo‘lganimda, oldiga borib «bu nima qiliq o‘zi?» deb surishtirgan bo‘lardim, – dedi Xaksters Xollga. – Men bu qilg‘ilig‘ini izohlab berishini talab qilardim.
Shunday qilish zarurligini janob Xollga tushuntirish uchun ancha-muncha vaqt sarf bo‘ldi. Nihoyat, Xoll eshikni taqillatib ochdi-da, gap boshladi:
– Kechirasiz…
– Tuyog‘ingizni shiqillatib qoling! – deb baqirdi noma’lum kishi darg‘azab bo‘lib. – Eshikni yoping!
Shuncha muhokama shu bilan tugadi.
VII bob
NOMA’LUM KISHINING FOSH QILINISHI
Noma’lum kishi mehmonxonaga ertalab soat besh yarimlarda kirib, u yerda taxminan peshingacha ishladi. Mehmonxonaning darpardalari tushirilgan, eshik ichkarisidan qulflangan edi.
Xollning ishi o‘ngidan kelmagach, ortiq hech kim yurak yutib u yerga kirishga jur’at etmadi. Shu vaqt mobaynida noma’lum