Название | Ko`rinmas odam |
---|---|
Автор произведения | Герберт Уэллс |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-8593-4-0 |
Noma’lum kishi uydan chiqarkan, Firensaydning erinchoqlik bilan Xollning oyog‘ini iskab turgan itiga hatto qayrilib ham qaramadi.
– Qutilarni xonaga olib kiringlar, – dedi u. – Axir yukni kutaverib ko‘zim to‘rt bo‘lib ketdi-ku, – shunday deb u zinapoyadan tushdi-da, chog‘roq bir savatni olmoqchi bo‘lib aravaning ortiga o‘tdi. Uni ko‘rib Firensaydning iti g‘azab bilan irillab, junlarini hurpaytirdi; musofir zinapoyadan tushib, aravaning orqasiga o‘tganda esa it yugurib borib uning qo‘liga yopishdi. Itni ko‘rsa kapalagi uchib ketadigan Xoll bir cho‘chib tushdi-da:
– Et! – deb qichqirdi. Firensayd esa:
– Jim bo‘l! – deb baqirdi-da, qamchisiga yopishdi.
Ular it noma’lum kishining qo‘lini tishlaganini ko‘rdilar, tepki tovushini eshitdilar, it bir sapchib, musofirning oyog‘iga yopishdi, shundan so‘ng shimning «tirr» etib yirtilgani eshitildi. Shu payt Firensayd qo‘lidagi qamchisi bilan itning tumshug‘iga solgan edi, it alam va og‘riqdan angillab, aravaning ostiga yashirindi. Bu hodisa yarim daqiqa ichida sodir bo‘ldi. Hech kim gapirmas, hamma baqirardi. Noma’lum kishi darhol yirtilgan qo‘lqopiga va shimiga qaradi-yu egilmoqchi bo‘lganday bir harakat qildi, keyin shartta orqasiga o‘girilib, yugurganicha zinapoyaga chiqib ketdi. Atrofdagilar uning shoshilinch ravishda o‘tib borgani va xonasi tomon taxta zinapoyadan taraqturuq qilib chiqqanini eshitdilar.
– Eh, iflos maxluq! – so‘kindi Firensayd qo‘lidagi qamchi bilan aravadan tushar ekan, shu mahal it g‘ildirak ostidan uning harakatini diqqat bilan kuzatib turar edi. – Beri kel! – deb qichqirdi Firensayd. – Beri kel deyapman senga, bo‘lmasa bundan battar savalayman.
Xoll avvaliga nima qilarini bilmay, bir oz anqayib turdi.
– It uni qopdi, – deb gap boshladi u keyin. – Kirib ko‘ray-chi, ahvoli qanday ekan-a? – shunday deb Xoll noma’lum kishining ortidan xabar olgani kirib ketdi. U yo‘lakda xotiniga duch kelib unga:
– Firensaydning iti ijarachini qopdi, – dedi va u zinapoyadan yuqori ko‘tarildi-da, noma’lum kishining eshigi oldida to‘xtadi. Eshik qiya ochiq ekan. Xoll uni lang ochib, mehmonga o‘zining taassufini izhor etish niyatida, hech qanday takallufsiz xonaga kirib bordi.
Darparda tushirilgan bo‘lib, xonani g‘ira-shira qorong‘ilik bosgan edi. Xollning ko‘zi g‘oyatda antiqa bir manzarani ilg‘ab qoldi: bu boshi ustida turgan panjasiz qo‘l hamda oq doka oldida tussiz kapalakgulga juda ham o‘xshab ketadigan uchta katta noaniq dog‘dan iborat bo‘lgan bashara edi. To‘satdan ko‘kragiga tekkan qattiq bir zarba uni yo‘lakka uloqtirib yubordi, u eshikning qars etib yopilgani va shiqirlab qulflanganini eshitdi. Bularning hammasi shu qadar tez yuz berdiki, Xoll hech narsani idrok etishga ulgura olmay qoldi. Allaqanday g‘ira-shira ko‘lankalarning ko‘zga elas-elas chalinishi, zarba, ko‘krakdagi og‘riq esda qoldi, xolos. Mana hozir u, bu qanaqasi bo‘ldi, a, deb bosh qotirganicha eshik oldidagi qorong‘i yo‘lakchada serrayib turibdi. Saldan keyin Xoll ko‘chada, qovoqxona oldida yig‘ilgan bir to‘da odamlarga borib qo‘shildi. Bu yerda o‘z hikoyasini boshidan boshlab ikkinchi marotaba aytib berayotgan Firensayd ham, nuqul «itingiz mening ijarachimni qopishga hech qanday haqqi yo‘q» deb ta’kidlayotgan missis Xoll ham, voqeaga juda qiziqib qolgan ro‘paradagi do‘konning xo‘jayini Xaksters ham, Firensaydning hikoyasini qovog‘ini solib, donishmandlarga xos bir qiyofada tinglayotgan temirchi Sendi Uojers ham bor edi. Voqea sodir bo‘lgan joyga birpasda xotinlar va bolalar yugurib kelishdi, ularning har biri: «Meni qopib ko‘rsin edi», «Bunaqangi itni boqish mumkin emas» kabi turli-tuman bema’ni gaplarni aytishardi.
Janob Xoll zinapoyada turgancha ularning gaplariga quloq soldi, shunda unga yuqorida hech qanaqangi favqulodda biror narsa ko‘rgan bo‘lishi mumkin emasday tuyula boshladi. Agar gapirmoqchi bo‘lganida ham, baribir, u o‘z taassurotini tasvirlash uchun so‘z topa olmagan bo‘lardi.
– U menga hech nimaning keragi yo‘q dedi, – javob berdi janob Xoll xotinining savoliga. – Endi yuklarni ichkariga olib kiraversak ham bo‘lar deyman.
– Yaxshisi, darhol kuydirish kerak edi, – dedi janob Xaksters, – ayniqsa, yara yallig‘lagan paytda buning foydasi katta bo‘ladi.
– Men bu itni otib o‘ldirardim, – dedi bir xotin.
It birdan yana irillab qoldi.
– Qani, yukni tushiringlar, – degan zardali ovoz eshitildi va ostonada shlyapasini bostirib kiygan, yoqasini ko‘tarib, paltosiga o‘ralib olgan noma’lum kishi paydo bo‘ldi, – uni ichkariga qancha jadal olib kirsangiz, shuncha yaxshi, – deb so‘zini davom ettirdi u.
O‘sha yerdagilardan birining gapiga qaraganda, musofir qo‘lqopi bilan shimini almashtirib olgan ekan.
– Yomon qopdimi, taqsir? – so‘radi Firensayd. – Kelib-kelib sizni mening itim qopganidan juda o‘ng‘aysizlanyapman…
– Xavotirlanishga arzimaydi, – deb javob berdi noma’lum kishi, – hatto tishining izi ham qolgani yo‘q. Yaxshisi, yuklarni tezroq olib kirishga shoshiling!
Janob Xollning gapiga qaraganda, shundan so‘ng musofir sekingina so‘kinib qo‘yibdi.
Birinchi savatni mehmonxonadagi o‘zi ko‘rsatgan joyga olib kirishlari bilanoq, musofir hech uyalmaynetmay missis Xollning gilamiga poxollarni to‘kib-sochib, sabrsizlik bilan uni ocha boshladi. U savatdan har xil hajm va shakldagi shishalarni olishga kirishdi. Bularning orasida kukunsimon dorilar, xilma-xil rangga bo‘yalgan yoki shaffof suyuqlik bilan to‘ldirilgan ingichka-ixcham, ustiga «zahar» degan so‘z yozig‘liq egri-bugri, tor bo‘g‘izli yumaloq, yashil va oq rangli katta, sirtiga o‘yib xat yozilgan, oyna probkali, mahkam yopiladigan burma, po‘kak tiqinli vino hamda zaytun moyidan bo‘shagan shishalar ham bor edi. Ana shu shishalarning hammasini u javonga, kaminning peshtaxtasiga, stolga, deraza tokchasiga, polga, xullasi kalom, hamma yoqqa qator-qator qilib terib qo‘ydi. Bremblxerst dorixonasida shu shishalarning yarmisi ham yo‘q edi.
Salobatli bir manzara hosil bo‘ldi. Musofir savat ortidan savat bo‘shatardi, ularning hammasi shisha bilan liq to‘la edi. Nihoyat, barcha quti va savatlar bo‘shatildi, stolning ustida bir g‘aram poxol uyulib qoldi; savatlarda shishalardan tashqari, bir talay naycha va juda avaylab o‘rab-chirmalgan tarozi ham bor edi.
Savatlarni bo‘shatgach, noma’lum kishi derazaga yaqin bordi-da, uyulib yotgan poxol, o‘chib qolgan kamin, ko‘chada qolib ketgan kitob to‘la quti, jomadonlar va yuqoriga olib chiqilgan boshqa yuklarga qayrilib ham qaramay, ishga kirishib ketdi.
Missis Xoll tushki ovqatni olib kirganida, musofir ishga qattiq berilib ketgandi, u shishalardan naychalarga tomchi-tomchi suyuqlik quyish bilan band bo‘lganidan, missis Xollning xonaga kirganini payqamadi ham. Missis Xoll poxolni yig‘ishtirib olgach, gilamning ayanchli ahvolini ko‘rib ranjigani uchunmi, har qalay, patnisni stolga odatdagidan ko‘ra taraqlatib qo‘ygan edi, musofir unga yarq etib bir qaradi-yu darhol yuzini teskari o‘girdi. Missis Xoll musofirning ko‘zoynaksiz ekanini ko‘rib qolishga ulgurdi: ko‘zoynak shundoq yonginasida, stol ustida yotardi. Shunda ayolga uning ko‘z kosasi haddan ziyoda chuqur bo‘lib ko‘rindi. Musofir ko‘zoynagini taqib o‘girildi-da, missis Xollning basharasiga tikildi. Missis Xoll poxollar polga sochilib yotganidan xafa ekanini aytmoqchi edi, biroq musofirning o‘zi oldinroq gap ochdi:
– Men sizdan xonaga eshikni taqillatib kirishingizni so‘rardim, – dedi u nihoyatda zarda bilan, aftidan, bo‘lar-bo‘lmas gapga ham uning darrov jahli chiqaverardi.
– Men