Название | Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ |
---|---|
Автор произведения | Ганс Христиан Андерсен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-27-836-3 |
Yo‘ldosh o‘rtoq
DYUYMCHAXON
Qadim zamonda bir ayol yashar ekan. Uning farzandi yo‘q, lekin farzandi bo‘lishini judayam orzu qilar ekan. Bir kuni u sehrgar kampirning huzuriga borib shunday debdi:
– Men bir qizalog‘im bo‘lishini juda-juda istayman, u jimitday kichkinagina bo‘lsayam mayliga!
– Bundan osoni yo‘q! – deb javob beribdi sehrgar kampir. – Manavi arpa donini ol. Bu sizlarning dalangizda o‘sadigan, parrandalarga beriladigan oddiy donlardan emas. Buni eltib gultuvakka ekib qo‘y. Nima bo‘lishini keyin ko‘rasan.
– Rahmat senga! – debdi ayol unga o‘n ikki chaqa berib.
So‘ng u uyiga kelib, arpa donini gultuvakka ekib qo‘yibdi.
Gultuvakka suv quyishi bilanoq maysa unib chiqibdi. Tuproqdan ikkita nafis barg va nozik poya bosh ko‘taribdi. Poyada esa lolaga o‘xshash kattagina g‘aroyib gul paydo bo‘libdi. Biroq hali uning gulbarglari qattiq tugilgan, g‘unchasi ochilmagan ekan.
– Naqadar chiroyli gul! – deya ayol uning rangin barglaridan o‘pib qo‘yibdi.
Xuddi shu lahzada g‘uncha ichida nimadir qimirlagandek bo‘libdi va u ochilibdi. Bu chindan ham kattakon lola bo‘lib, faqat uning gulkosasida tirik bir qizaloq o‘tirgan emish. U judayam kichkina bo‘lib, bo‘yi atigi bir dyuym1 kelar ekan, xolos. Shuning uchun ham ayol uning nomini Dyuymchaxon deb atabdi.
Chiroyli loklangan yong‘oq po‘chog‘idan Dyuymchaxonga belanchak qilib beribdi. Parqu to‘shak o‘rniga bir necha binafsha to‘shab, atirgulning gulbargini ko‘rpa qilib beribdi. Kechasi ana shu belanchakda yotar, kunduzlari esa stol ustida o‘ynab yurar ekan.
Ayol stol o‘rtasiga suv solingan chuqurgina likopcha qo‘yib, uning chetiga gullar terib chiqibdi. Ularning uzun novdalari suvga cho‘mib turar, shuning uchun bu gullar anchagacha so‘lib qolmay, atir taratib turaverar ekan.
Jajjigina Dyuymchaxonga bu suvli likopcha butun boshli dengiz bo‘lib tuyular, bu dengizda u lola gulbargiga minib olganicha xuddi qayiqdagidek suzib yurar ekan. Eshkak o‘rniga u ikkita oppoq ot tolasidan foydalanar ekan. Dyuymchaxon kun bo‘yi o‘zining ana shu g‘aroyib qayiqchasida qo‘shiqlar kuylaganicha likopchaning u tomonidan bu tomoniga suzib o‘tar ekan. Uning ovozidek nafis ovozni hali hech kim eshitmagan ekan.
Dyuymchaxon o‘z belanchagida uxlab yotgan kechalarning birida lang ochiq derazadan xonaga kattakon, qari, shilimshiq va badbashara bir baqa kirib kelibdi. U deraza tokchasidan stol ustiga sakrab tushibdi va atirgul gulbargi ostida yotgan Dyuymchaxonning belanchagiga baqrayibdi.
– Buncha yaxshi! – debdi bu qari baqa. – O‘g‘limga munosib xotin topilib qoldi.
U qizaloq yotgan yong‘oq po‘chog‘ini changallab olibdi-da, derazadan bog‘ga sakrabdi.
Bog‘ yonidan anhor oqib o‘tar, uning shundoq qirg‘og‘ida bir botqoqlik bor ekan. Ana shu yerda, qurbaqasallalar og‘ushida qari baqa o‘z o‘g‘li bilan yashar ekan. O‘g‘li ham xuddi onasidek – shilimshiq va badbashara ekan!
– Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! – deya olibdi xolos u yong‘oq po‘chog‘i ichida yotgan jajji qizaloqni ko‘rib.
– Ovozingni o‘chir! Mabodo uni uyg‘otib yuborsang, qochib ketadi, – debdi qari baqa. – Axir u pardan ham yengil-da. Yaxshisi, uni anhor o‘rtasiga olib borib, nilufar bargiga o‘tqazib qo‘yamiz, jimitday bu qizaloq uchun nilufar bargi butun boshli orolga teng keladi. U yerdan sirayam qochib ketolmaydi. Bu orada men ikkalangizga qurbaqasallalardan ajoyib in yasab beraman.
Anhorda ko‘plab nilufarlar o‘sib yotar ekan. Ularning shapaloq-shapaloq yam-yashil barglari suvda suzib yurar ekan. Eng katta barg esa qirg‘oqdan juda olisda ekan! Baqa ana shu barg tomon suzib boribdi-da, uning ustiga qizaloq uxlab yotgan yong‘oq po‘chog‘ini qo‘yibdi.
Ertalab uyg‘onganida sho‘rlik Dyuymchaxonning qanchalar qo‘rqib ketganini ko‘rsangiz! Qo‘rqmay ham bo‘ladimi? Uning hamma tomonini suv qurshab olgan, qirg‘oq esa olisdan elas-elas ko‘rinar ekan. Dyuymchaxon qo‘llari bilan ko‘zlarini bekitib olganicha achchiq-achchiq yig‘labdi.
Qari baqa esa yo‘sinlar ustiga o‘tirib olganicha, o‘z uyini qamish va sarg‘aygan nilufarlar bilan bezatar, bu bilan o‘zining yosh keliniga yoqmoqchi ekan. Hammasi tayyor bo‘lgach, u irkit o‘g‘li bilan Dyuymchaxon o‘tirgan barg yoniga suzib kelibdi, ularning niyati qizaloqni karavotga o‘tqazib, o‘z uylariga olib ketish ekan.
Qari baqa qizning shundoq qarshisida suvga shalpayib olganicha shirin jilmayib debdi:
– Mana bu – mening o‘g‘ilcham! U sening ering bo‘ladi! Ikkalangiz biznikida, qurbaqasallalar og‘ushida maza qilib yashaysizlar.
– Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! – deya olibdi xolos uning o‘g‘ilchasi.
Baqalar po‘choqni olgancha suzib ketishibdi. Dyuymchaxon anhorning o‘rtasida, kattakon nilufar bargining ustida yolg‘iz qolganicha, achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kibdi – axir, u bu irkit baqanikida yashashni, uning qo‘lansa o‘g‘liga erga tegishni sirayam istamas ekan-da.
Suv ostida suzib yurgan baliqchalar qari baqa aytgan gaplarni eshitishibdi. Kuyov va uning onasini ular avval ham ko‘rishgan ekan. Endilikda esa kelinning qandayligini ko‘rish uchun suvdan boshlarini chiqazishibdi.
Dum-dumaloq ko‘zlari bilan Dyuymchaxonga nazar tashlagan bu baliqchalar darhol suvning eng tubiga sho‘ng‘ib, endilikda nima chora ko‘rish lozimligi haqida o‘ylay boshlashibdi. Ana shunday ko‘hlikkina, kichikkina bir qizaloqning suvdagi bir to‘nka ostida, quyuq yo‘sin-u qurbaqasallalar og‘ushida anavi qo‘lansa baqalar bilan birga yashashi baliqchalar uchun o‘ta achinarli bir hol ekan. Bu insofdan emas-ku, axir! Butun anhordagi baliqchalar Dyuymchaxon o‘tirgan nilufar yoniga yig‘ilib kelib, bargning bandini g‘ajib tashlashibdi.
Mana, oqibatda nilufar bargi oqim bo‘ylab suzib ketibdi. Oqim juda tez bo‘lib, barg shitob bilan ilgarilab borar ekan. Endi qari baqa ming urinsa ham Dyuymchaxonni quvib yetolmas ekan.
Dyuymchaxon suzgandan suzib boraveribdi, butalarga qo‘nib olgan qushchalar uni ko‘rib kuylay boshlashibdi:
– Qanchalar ko‘hlikkina, kichikkina qizaloq!
Yengilgina oq kapalak Dyuymchaxon boshi uzra aylana-aylana nihoyat nilufar bargiga qo‘nibdi – chunki bu jajjigina sayohatchi qizaloq unga judayam yoqib qolgan ekan.
Dyuymchaxon esa o‘z ipak kamarini yechib, bir uchini kapalak ustiga tashlabdi, ikkinchisini bargga bog‘labdi, shunda barg yanada jadalroq suzib ketibdi. Shu payt uning yonidan may qo‘ng‘izi uchib o‘tibdi. U Dyuymchaxonni ko‘rib qolib, uni changallaganicha daraxt tomon uchib ketibdi. Qizaloqsiz qolgan nilufar bargi va u bilan birga kapalak ham tez orada ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi, chunki kapalak nilufar bargiga ipak kamar bilan mahkam bog‘lab qo‘yilgan ekan-da.
Mo‘ylovdor qo‘ng‘iz arrador oyoqlari orasiga siqib olib, osmon-u falakka ko‘tarilganida sho‘rlik Dyuymchaxon qanchalik qo‘rqib ketganini ko‘rsangiz! U oq kapalakka ham qattiq achinibdi. Endi uning ahvoli nima kecharkin? Agar u qutulib keta olmasa, ochlikdan halok bo‘ladi-ku!
May qo‘ng‘izining esa parvoyi palak ekan. U kattakon bir daraxtning shoxiga qo‘nib, yoniga Dyuymchaxonni ham o‘tqazibdi-da, unga, garchi sen may qo‘ng‘izlariga o‘xshamasang-da, menga juda yoqib qolding, debdi.
So‘ng shu daraxtda yashaydigan boshqa may qo‘ng‘izlari ularnikiga mehmonga kelishibdi. Ular Dyuymchaxonni qiziqib tomosha qilishibdi, ularning qizaloqlari esa hayrat bilan uning qanotlarini ko‘tarib ko‘rishibdi.
– Uning atigi ikkitagina oyog‘i bor ekan! – debdi ulardan biri.
– Uning hatto mo‘ylovi ham yo‘q ekan! – debdi boshqalari.
– U naqadar zaif, ozg‘in! Puf desang belidan sinib ketadi, – debdi yana boshqa birlari.
– Odamzotga juda o‘xshab ketarkan-u, biroq ancha xunuk ekan, – degan xulosaga kelishibdi barcha qo‘ng‘izlar.
Hatto Dyuymchaxonni ko‘tarib kelgan may qo‘ng‘izining o‘ziga ham endilikda u xunuk ko‘rina boshlabdi va undan ajramoqchi bo‘libdi – qayoqqa ketsa ketaversin. U Dyuymchaxonni pastga olib tushib, moychechak
1
Dyuym – (25,5 mm).