Название | Қор одам |
---|---|
Автор произведения | Ганс Христиан Андерсен |
Жанр | |
Серия | |
Издательство | |
Год выпуска | 0 |
isbn | 978-9943-08-854-2 |
Bu o‘rinda uning huzurida ikki marta bo‘lganim haqida so‘zlab beraman. Olening so‘zlarini qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday bayon qilaman.
Birinchi tashrif
Olega oxirgi marta olib kelgan kitoblarim orasida xarsangtoshlar to‘g‘risidagi bir kitob bor edi, shunisi unga juda ma’qul tushibdi.
– Xarsangtoshlar yubileyini o‘tkazish kerak ekan! – dedi menga Ole. – Ularning yonidan o‘tib ketaverishadiyu payqashmaydi. Yuzlarcha xarsangtoshlar yumalab yotgan dala va sohillar bo‘ylab sayr qilib yurganimda o‘zim ham shunday qilardim. Tosh yo‘lga terilganlarini esa oyoq bilan bemalol toptashaveradi! Men ham shunday qilganman! Mana endi tosh yo‘lning har bir toshiga chuqur ehtirom bilan qarayman! Manavi kitob uchun katta rahmat! Bu kitob meni o‘ziga maftun qildi, odatdagi hamma fikrlarimni bir chetga surib qo‘ydi, endi bo‘lsa ana shunaqa kitoblardan ko‘proq o‘qisam deb betoqatlanyapman. Zamin romani boshqa romanlardan ko‘ra maroqliroq! Afsuski, uning dastlabki boblarini o‘qish mumkin emas: bular biz o‘rganmagan tilda yozilgan: ularni yerdagi turli tosh davrlariga bo‘lib o‘qishga to‘g‘ri keladi, asosiy qahramonlar Odam Ato bilan Momo Havo faqat oltinchi bobda ko‘rinishadi. Ayrim kitobxonlar uchun bu kechikib ko‘rinayotganday tuyuladi: ularga qolsa romanning boshidayoq tirik qahramonlar qatnasha qolsa, menga esa baribir. Ha aytganday, bu roman judayam maroq bilan o‘qiladi, bu romanda hammamiz tilga olinganmiz! Biz suvda shapir-shupir qilib cho‘milamiz, g‘imirlashamiz, o‘rmalaymiz, biroq hech joyimizdan qimirlamaymiz, yer kurrasi bo‘lsa okeanni ustimizga ag‘darib yubormay aylanaveradi, aylanaveradi. Biz yuradigan yer qatlami qattiq, shu sababli botib ketmaymiz. Roman million-million yillarni qamrab oladi, oxiri esa ko‘rinmaydi. Toshlar haqidagi kitob uchun rahmat. Barakalla ularga! Gapirishni bilishganda ko‘p narsalarni aytib berishardi! Rostini aytsam, manovi yerda, minoraning ustida o‘tirib olib, hammamiz o‘zimizning yarqiroq etik moylarimiz, ordenlarimiz, oldinga intilishimiz – hammasi yer yuzida bir zumlik, chumolicha hayot singari ahamiyatsiz bir narsa ekanligini xotirlash juda qiziq narsada! Ha, million yoshli xarsangtoshlar oldida o‘zingni bir go‘dakday his etasan, o‘ng‘aysizlanib ketasan kishi. Men bu kitobni Yangi yil arafasida o‘qib chiqdim. Kitobga shunchalik berilib ketibmanki, odatdagiday «Amagerga yovvoyi to‘daning yelib borishi»ni huzur qilib kuzatishni ham unutibman. Aytganday, bundan siz bexabarsiz!
Alvastilarning jinlar bazmiga uchib borishini hamma biladi; ular Ivan tunida Broken tepaligiga uchib kelishadi. Biroq, biz tomonlarda Yangi yil kechasi Amagerda o‘zimizning mahalliy, zamonaviy jinlar bazmi bo‘ladi. Barcha no‘noq shoir va shoiralar, sozandalar, jurnalistlar va boshqa hech vaqoga arzimaydigan ustabuzarmonlar Yangi yil kechasi Amagerga uchib kelishadi. Ular mo‘yqalam yoki g‘oz patlariga minishib uchishadi, po‘latdan yasalganida uchisha olmaydi, chunki ular juda qattiq bo‘ladi, egilmaydi. Men hali aytganimday, bu yovvoyi jin to‘dalarini har yili tomosha qilaman, ana shu sayohatchilarning ba’zilarini nomma-nom aytib berishim ham mumkin, biroq yaxshisi, ularga ishingiz tushmasin! Har yili kechasi pat minib Amagerga uchib kelishlarini boshqalardan nihoyatda sir tutishadi. Lekin mening baliq bilan savdo qiladigan, uchta e’tiborli gazetani haqoratli so‘zlar bilan ta’minlab turadigan bir qarindoshim bor. Ana shu ayol bir gal jinlar bazmida mehmon bo‘lgan ekan. Patda ucholmagani uchun o‘sha yoqqa uni jinlar ko‘tarib olib borishibdi. Bu haqda u menga batafsil gapirib berdi. U aytgan narsalarning yarmi g‘irt yolg‘on, qolgan yarmi ham yolg‘ondan holi emas. Bayram qo‘shiqlar bilan boshlanibdi;
har bir mehmon o‘zi yozgan ashulasini kuylabdi. Shunday bo‘lgach, har kimniki o‘ziga yaxshi ko‘rinaveradi-da! Baribir emasmi? Hamma bir maqomda ashula aytibdi! Keyin «til zahmatkashlari» kichik-kichik to‘da bo‘lib yurish boshlabdi. Bu to‘dalarda uylarga qo‘ng‘iroq qiladigan qo‘ng‘iroqchilar bor ekan. Keyin esa istaganlar oddiy bo‘yoqni yaltiroq moy o‘rnida o‘tkazish uchun imzosiz maqolalar yozadigan yozuvchilar bilan tanishisharkan. Ular orasida jallod bilan uning yordamchisi bor ekan; yordamchining tili o‘ta zahar ekan, aks holda unga hech kim e’tibor bermagan bo‘lardi. Bu yerda yashikdan har gal axlat ilib olayotganda: «Yaxshi, juda yaxshi, ajoyib!» – deb turadigan bir axlat yig‘uvchi ham bor ekan! «Xursandchilik» rosa avjiga minganda axlat o‘radan ingichka poya, daraxt, judayam xunuk gul, haddan tashqari katta qo‘ziqorin, butun bir tom o‘sib chiqibdi; bu hurmatli anjumanning «archa»si ekan; archaga eski yil davomida nima yaratgan bo‘lsalar, hammasini osishgan ekan. Archadan beqaror olovlar sachrarmish; bular o‘zlashtirib olingan fikrlar va shu anjuman qatnashchilari foydalanayotgan ijaraga olingan g‘oyalar ekan. Endi ular ozod bo‘lib, mushak singari osmonga o‘rlayotganmish. Shundan keyin «darra o‘yin» boshlanibdi, yosh ijrochilar «qalb yondi» o‘yini qilishibdi, so‘zamollar bir-biriga o‘tkir so‘zlarni qota boshlabdi. O‘tkir so‘zlar eshikka bo‘sh ko‘za yoki kul to‘la ko‘za urilib singanday gumburlay boshlabdi. Qarindoshimning gapiga qaraganda, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ajoyib xursandchilik bo‘libdi! Rostini aytsam, u yana bir talay mudhish, lekin oqilona fikrlarni ham aytdi, men ularni takrorlab o‘tirmayman; tanqidchi bo‘lgandan ko‘ra, ko‘ngilchan odam bo‘lgan ma’qul. Endi ana shunaqa bayramdan xabardor bo‘lganim holda har yili Yangi yil kechasi jinlarning yovvoyi galasi ko‘chishini ko‘rishdan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqishimni fahmlagan bo‘lsangiz kerak. Ba’zi yillar oldingi sayohatchilar yoniga yangilari qo‘shilib qolganini ham ko‘raman. Bu yil esa tomoshadan quruq qoldim. Men xarsangtoshlar bilan birga million yil oldingi o‘tmishga sayohat qildim, ularning Shimol qoyalaridan uzilib tushishlari, pastga qulashlari, muz ustida Nuh payg‘ambar kemasi qurilguncha suzib yurganini, suvga dumalab tushganini, teranlikka cho‘kib ketganini, keyin yana «Bu yer Yangi Zelandiya!» – deb baqirgan qumli sohil bilan yuqoriga ko‘tarilganini ko‘rdim. Ana shu toshlarning zoti bizga ma’lum bo‘lmagan qushlar uchun boshpana bo‘lganini, biz nomini bilmagan yovvoyi drujinalar boshlig‘i uchun taxt vazifasini o‘taganini ham ko‘rdim; nihoyat, ba’zi xarsang toshlarni bolta bilan taroshlab, ularga turli belgilar o‘yishganini ko‘rdim. Shunday qilib, ana shu toshlarga vaqt o‘lchovida alohida o‘rin ajratilgan. O‘zim esa vaqt haqidagi har qanday tasavvurni mutlaqo yo‘qotdim, ahamiyatsiz bir narsa bo‘lib qoldim… Shu payt osmonda uch-to‘rtta chiroyli yulduzlar uchdi, fikrlarim ham o‘zgarib ketdi. Uchar yulduzlar nimaligini bilasizmi? Olimlar buni bilishmaydi! Men ularga boshqacha ko‘z bilan qarayman.
Ko‘pincha odamlar ajoyib, xayrli ishlar qilgan kishilarga pinhona, unsiz rahmat yo‘llaydilar; rahmat so‘zi aytarli jarangdor bo‘lmasa-da, hech behuda ketmaydi. Menimcha, ana shu unsiz, pinhona rahmat quyosh nuriga singib, so‘ng rahmat olgan odam boshidan sochilsa kerak. Bordiyu, butun bir xalq allaqachonlar o‘lib ketgan yaxshi odamga minnatdorchilik yo‘llasa, uning qabriga osmondan yarqiroq guldasta, ya’ni yulduzlar uchib tushadi. Ana shunaqa minnatdorchilik guldastasi olishga sazovor bo‘lgan yaxshilarni Yangi yil kechasi payqab olishdan olam-olam huzur qilaman. Eng oxirgi marta yulduz janubi-g‘arbiy sohilga uchib tushdi; bu juda ko‘p odamlarga yo‘llanma, son-sanoqsiz rahmatlar edi! Kimlarga deysizmi? Menimcha, yulduz Flemsborg ko‘rfazining qiya sohillariga, Shlepnegrel, Lesse hamda ularning o‘rtoqlari4 yotgan qabrlar ustiga, Dannebrog bayrog‘i
4
Bu yerda gap birinchi Daniya-Prussiya urushida (1848–1850) qahramonlarcha halok bo‘lgan Daniya ofitserlari haqida boradi.