Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли

Читать онлайн.
Название Қутлуғ қон
Автор произведения Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Жанр
Серия
Издательство
Год выпуска 0
isbn 978-9943-6313-5-9



Скачать книгу

yigitcha!..

      III

      Mehmonlar juda ustalik bilan pishirilgan qozon kabobni ishtaha bilan yeb, ustidan bir kosadan «qobiliy sho‘rva»ni ichib, og‘ir nafas olishar edi. Yormat supa atrofiga suvni qalin sepgach, ular supaga o‘tishdi. Chaqnab yonib turgan qizil, yumshoq gilam chetlariga yozilgan shohi ko‘rpachalarda, katta par yostiqlarga yonboshlab choy ichar edilar. Issiqning va yog‘liq ovqatlarning damini kesish uchun hech kim piyoladan, choynakdan qo‘l uzmas edi. Me’daning to‘lganligidan va issiqdan semizlar ayniqsa behuzurlik sezar edi. Sakkiz mehmon ichida ikkisi benihoya semiz edi. Biri yaqinda boy bo‘lib, birdaniga semirgan, paxta zavod sohibi Jamolboy, ikkinchisi ota-bobosidan «boykalon» o‘tgan qo‘ychi Sultonbek edi. Ular supaning ikki tomonida, bir-birlariga ro‘baro‘ yonboshlab harsillashar, ba’zan bir-birlarining semizliklaridan kulib, do‘stlarcha yengil hazillashib qo‘yishar edi. Mehmonlarning aksari o‘rta yoshli – o‘ttiz-qirq orasidagi odamlar edi. Ular achchiq choyni sipqirib, savdodan, xotindan, banka muomalalaridan so‘zlashar, toshkentlik mashhur bir boyning xasisligi haqida eng keyingi, hali hech kimning qulog‘iga chatilmagan latifalar suhbatga «rang» berib turar edi. Bu yerdagilar esa o‘zlarini «tanti», balki «xotamtoy» deb hisoblar edilar…

      Qo‘rg‘ondan – ichkari hovlidan Mirzakarimboy chiqib keldi. Mehmonlarga: «Zerikmadingizlarmi?» deb, supaning bir chetiga o‘tirdi. Cholning hurmati uchun mehmonlar oyoqlarini yig‘ib o‘tirishga urindilar.

      – Bahuzur yoyilib o‘tiraveringlar. Dalada yoz pallasida yoyilib o‘tirish – rohat, – dedi mehmonlarga murojaat qilib boy.

      Gap-so‘z bir-biriga ilashmadi: chol oldida xotinlar haqida so‘zlanilmadi, xasis boy to‘g‘risidagi latifalar ham tugadi. Sultonbek pishillab mudray boshladi.

      – Mulla Abdishukur, – Mirzakarimboy mehmonlardan biriga murojaat qildi, – olamda nima xabarlar bor, gapirsangizchi. Ko‘pdan buyon siz bilan suhbatlashishga to‘g‘ri kelmadi.

      Abdishukur manglayi tirishgan, ko‘zoynakli, etsiz, qoramtir yuzi ichiga botgan, qisqa mo‘ylovining ikki uchini ingichka burab, burnining kataklariga yetkizgan, zamonasiga nisbatan qisqaroq kamzul kiygan o‘ttiz besh yoshli, oriqqina kishi bu yerdagilar orasida hamyoni quruq, so‘zga to‘liq shu edi.

      Toshkentning «Askiya» mavzuida otasining bir parcha yeri bo‘lgan. Butun oilasi bu yerga pomidor, piyoz, rediska, karam va hokazo rezavor ekib, mumkin qadar eldan burunroq bozorga chiqarib, «pul» qilishga tirishar edi. Abdishukur bu yo‘ldan ketmadi. Mahalladagi maktabni bitirib, madrasaga kirdi. Madrasa hujrasiga tiqilib, moddiy qiyinchiliklar ichida to‘rt yil o‘qidi. Keyin madrasa ilmlaridan ko‘ngli soviy boshladi, chunki imom bo‘lish uni sira qiziqtirmadi. Buning ustiga u mudarris ham mullavachchalar bilan yaxshi chiqisha olmadi. Tahsilini chala qoldirib, madrasadan chiqdi. Tahsil uchun Istambul yoki Misrga jo‘nash orzusi, mablag‘ yo‘qligidan, amalga oshmadi. Bir qancha vaqt bekor yurgach, «ishbilarmon» amakisiniig yordami bilan, nihoyat, bir boyga mirza bo‘ldi va xizmat uchun To‘qmoq shahriga jo‘nadi. Bu yerda bir tatar savdogarining xizmatiga o‘tib, Qozonga ketdi. Qozonda uch yil yashadi. Tatar savdogarlari orasida aylanarkan, uni-buni tanidi. Yoshlar bilan ham bir qadar aloqa bog‘ladi. Gazeta-jurnal mutolaasiga odatlandi. Toshkentga qaytgach, u o‘zini eng «ko‘zi ochiq» va «yangi fikrli» musulmonlardan hisoblab, «usuli jadid» maqtablarini ochishga tashqivot yurgiza boshladi. Shoirlik iste’dodidan tamom mahrum bo‘lishiga qarmay, u «millatni uyg‘otish» uchun vazni buzuq, fikri sayoz, rangsiz nazmlar yozdi. Hozir muntazam ravishda turk va tatar matbuotini ta’qib etadi. Tatar ruhoniylaridan Musabegiev va Rizaiddin Faxritdinlarni buyuk olimlar deb biladi. Turk adibi Ahmad Midhatni yagona «xazinaiy ilm va urfon» hisoblab, topinadi. Ruschada kitob mutolaa qila olmasa ham, lekin mukallima tiliga ancha-muncha epchil. U bolalik chog‘ida dadasi bilan birga yangi shaharda rezavor sotib yurgandayoq ruschaga tili yugurik bo‘lib qolgan edi. Abdishukurni ba’zilar «zakunchi» deydi, ba’zilar «dahriy» deydi. Hozirgi kunda Jamolboyning prikazchigi, do‘sti va kengashchisi. Kecha u xo‘jayini bilan izvoshga o‘tirib, bu yerga mehmon bo‘lib kelgan edi.

      U qutisi ustiga «Roza» deb yozilgan papirosni qo‘liga olib, gugurt chaqmasdan ilgari. Mirzakarimboyni qanoatlantirishga tirishdi.

      – Taqsir, olamda gap ko‘p… Yer yuzida bo‘lgan jami voqealarni har kun gazetalar yetkazib turadi, – dedi va eng so‘nggi xabarlar bilan eski xabarlarni aralashtirib, birmuncha ma’lumot berdi. Keyin islom olami masalalariga ko‘chdi, bo‘lib o‘tgan «Bolqon muhorabasi»ni tilga olarkan, urush voqealarini tinglashni yaxshi ko‘rgan Mirzakarimboy darrov uning so‘zini kesdi:

      – Qaysi qiron qaysi qiron bilan urushdi?

      Bolqon urushidan xabarsiz bir musulmon boyining savoliga u ichidan afsuslansa ham, lekin buni sezdirmadi, avvalgi tur bilan gapini davom ettirdi. Bu urushda qaysi davlatlar ishtirok qilganini va urushning oqibatini so‘zladi.

      – Bulg‘or, Yunon hukumatlari deysizmi? Bachchag‘arlarning nomlari juda xunuk ekan-da! – dedi bir savdogar.

      Abdishukur davom etdi so‘zida:

      – Butun olami islomning xalifasi Sulton hazratlari bu urushda tanho qoldilar, askarlari qattiq mag‘lub bo‘ldi. Musulmonlarning ittifoqsizligi, bir-birining holidan xabarsizligi natnjasida islomning obro‘sini tushirgan bunday foji voqealar ro‘y berdi… Xususan biz, Turkiston musulmonlari chuqur g‘aflatdamiz. Agar biz jahdu jadal qilib bu jaholat botqog‘idan qutulmasak, taraqqiy yulini tutmasak, boshqa musulmon mamlakatlari bilan ittifoqni mahkamlamasak, yaqin o‘rtada biz, musulmonlarning muqaddas yerlarimizni ham xristianlar bosib oladilar. Makkaiy Mukarramani, Madinaiy Munavvarani ham ular to‘pga tutishdan toymaydilar.

      – Bir narsaga oldindan hukm etish to‘g‘ri emas, Abdishukur, – salmoqlab dedi Mirzakarimboy, – har bir ish Olloning buyrug‘i bilan bo‘ladi.

      «Burnidan tortsa yiqiladigan», kuchsiz, xunukkina kishi – bazzoz Abdulxoliqboy qoshini chimirib, ingichka, xotinchalish ovozi bilan gapga aralashdi:

      – Siz oq-qorani tanigan odamsiz, Abdishukur. Bir narsani aslo yoddan chiqarmangki, Ka’batulloga hech bir kofirning qadami tegmas, inshoollo, nainki kofirlar bosib olsin, to‘pga tutsin! Nimaga desangiz, har bir musulmonga ma’lumki, Muhammad alayhissalomning qabr shariflari bor u yerda, yana u yerda qancha aziz-avliyolar yotibdi. U yerni Olloning o‘zi saqlaydi. Biz bir bandamiz, ammo aqlga sig‘adigan narsani so‘zlaymiz.

      – Xudoning uyiga kofirning zambaragi tushadimi!.. – so‘zga kirishdi chinnifurush Tojixonboyvachcha, – o‘tgan yil amakim hajdan keldi. U kishining aytishiga qaraganda, payg‘ambarimizning qabrlari ustidan kaptarlar ham uchib o‘tishga jur’at qilolmas emish, shunday uchib kelib, ziyorat qilib, yondamalab, yana qaytarmish.

      – Qudratli parvardigor, shak keltirib bo‘lmaydi, – deb ming‘illadi Mirzakarimboy.

      Qalin, go‘shtdor labini sekin qimirlatib, Sultonbek so‘z oldi:

      – Rostini aytsam, shu zamonda gap-so‘z qaynab ketgan. Lekin birovining ham ma’nosi yo‘q, birida ham maza-matra yo‘q. Hammasi bosh og‘rig‘i gaplar. Bilmadim, bo‘yoqchining nili buzilganmi, yo oxir zamon yaqinlashib, ya’juj-ma’juj xuruj qilganmi? —Sultonbek atrofidagilarga ko‘l yugurtdi. Keyin burnini kavlab, harsillab davom etdi.

      – Har xil tirranchalar paydo bo‘libdi. Abdishukur ularni yaxshi taniydi, – istehzo bilan Abdishukurga qarab qo‘ydi, – tirranchalar har qadamda bo‘lmag‘ur maslahatlar berishadi. Shu yaqinda yor-do‘stlarim bilan o‘tirganimda, so‘z to‘y ustida bordi. Shu yil kuzda o‘g‘limni to‘y qilaman, degan niyatim bor, deb ulardan maslahat so‘radim. Yaxshi-yaxshi maslahatlar berishdi. Lekin mahallamizda gazet o‘qiydigan bir «shumtaka» bor, u haromi nima deydi? «Sultonbek aka, siz shariatga qarab, mavlud to‘yi qiling; butun yurtga ibrat bo‘lsin: «Sultonbekdek bir davlatmand o‘z o‘g‘lini mavlud to‘yi bilan kesdi, deb gazetaga yozaman», deydi… «Uka, u to‘ying qalay bo‘ladi?» «Yigirma-o‘ttiz odam chaqirasiz, mavlud o‘qiladi. Mana shariat to‘yi…» deydi. Buni eshitib, azbaroyi xudo, tutaqib, isitmam chiqib ketdi. «Arvoh oshi» bermayman, o‘g‘limni to‘y kilmoqchiman, to‘y, dedim. Uch biya, yigirma