Ma'naviyat tushunchasining ilmiy, falsafiy, adabiy yoki oddiy tilda ifodalangan ta'riflari mavjud. Umuman, iqtidorli ziyoli inson o'zining falsafiy yondashuvi, siyosiy qarashlari va e'tiqodi, ongu tafakkuridan kelib chiqqan holda bu tushunchaga turlicha ta'rif va tavsiflar berishi tabiiy. Ma'naviyat tushunchasi ilk bor Prezident Islom Karimov tomonidan ilmiy-falsafiy ta'riflanib, nazariy jihatdan asoslab berilgan. Yurtboshimiz bergan ta'rifga ko'ra: «Ma'naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg'ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e'tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg'otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlari mezonidir». Ushbu qo'llanma tibbiyot xodimlarining ma'naviy fazilatlari, ularning madaniy va deontologik darajasini aks ettiruvchi kitobdir. Mazkur kitob tibbiyot xodimlarini ma'naviy kamolotga etaklab, ularning shaxs sifatida takomillashuvi va ma'naviy qiyofasi yuksalishiga xizmat qiladi.